09:53 / 16.09.2024
50

Trampga navbatdagi “suiqasdga urinish” sodir bo‘ldi

Trampga navbatdagi “suiqasdga urinish” sodir bo‘ldi
Foto: AP Photo
Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp golf o‘ynayotgan klub yonida otishmalar sodir bo‘ldi. Tramp otishma sodir bo‘lgan joydan bir necha yuz metr narida bo‘lgan va u xavfsiz. Ammo Federal qidiruv byurosi (FQB) suiqasdga urinish sifatida baholangan hodisani tekshirmoqda.

Trampning golf klubi yonida mashinada qochib ketgan gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Golf maydoni yonidagi butazorda esa Kalashnikov avtomatiga o‘xshash tashlab ketilgan qurol aniqlangan. Prezidentlar va sobiq prezidentlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan Maxfiy xizmat vakilining aytishicha, ularning xodimi butalar orasidan chiqib qolgan qurol stvolini payqab, hamkasblari bilan birga darhol o‘t ochishni boshlagan.

Shundan so‘ng guvoh bir kishining butalar orasidan qora Nissan'ga o‘tirib, qochib ketganini ko‘rgan. Politsiya uni qo‘shni Martin okrugiga (Trampning golf klubi Palm-Bich okrugida joylashgan) olib boradigan katta yo‘lda qo‘lga olgan.

Mahalliy politsiya boshlig‘ining aytishicha, maxfiy xizmat agentlarining o‘qlari unga tegmagan. Butalar orasidan optik mo‘ljallagichli AK-47 rusumli avtomat, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasi aniqlangan. Tramp sog‘-salomat va xavfsiz ekani, hodisa bir necha yuz metr uzoqlikda sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Gumonlanuvchi kim?

Rasmiylar Trampga suiqasd qilishda gumon qilinayotgan shaxsning kimligini hozircha rasman oshkor qilmagan. Ammo Amerika bir qancha yetakchi telekompaniyalari va gazetalari huquq-tartibot idoralarining anonim vakillariga tayanib, bu 58 yoshli Rayan Uesli Raut ekanini xabar qilmoqda.

Foto: New York Post
OAV xabariga ko‘ra, maxfiy xizmat xodimlari Rautni golf o‘ynayotgan Trampga qarata devor orasidan avtomat qurolini o‘qtalayotganida payqab qolgan. Gumondor tez-tez siyosatchilarni, jumladan Tramp va Baydenni tanqid qilgan. Rautning LinkedIn'dagi profilida u Shimoliy Karolina qishloq xo‘jaligi va texnika fanlari universitetida o‘qigani, 2018 yilda Gavayiga ko‘chib o‘tgani aytiladi. U Floridada nima qilganini politsiyachilarga tushuntira olmagan.

Oq uy munosabati

Oq uy prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harris voqeadan xabardor ekanini ma’lum qildi.

Ularga sobiq prezident Tramp golf o‘ynagan Trump International Golf Course xalqaro golf klubida xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa haqida ma’lumot berildi. Ular uning xavfsiz ekanini bilib, yengil tortishdi”, deyiladi Oq uy xabarida.

Demokratik partiyadan Trampning bo‘lajak saylovlardagi raqibi Kamala Harris keyinroq voqea yuzasidan bayonot berdi.

Menga sobiq prezident Tramp va uning Floridadagi mulki yaqinida otishmalar haqida xabar berishdi va u xavfsiz ekanidan xursandman”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida va “Amerikada zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q” deb qo‘shimcha qildi.

Tramp: “Men hech qachon taslim bo‘lmayman”

Donald Trampning shtabi voqeadan so‘ng sobiq prezidentning bayonotini e’lon qildi.

Yaqin atrofimda o‘q ovozlari eshitildi, ammo mish-mishlar tarqalishidan oldin shuni eshitishingizni xohlayman: Men sog‘ va salomatman!. Meni hech narsa to‘xtata olmaydi. Men hech qachon taslim bo‘lmayman! Meni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizni doimo sevib qolaman”, deb yozgan Tramp.

Biroz oldin uning safdoshlaridan biri, Janubiy Karolinadan respublikachi senator Lindsi Grem X tarmog‘ida sobiq prezident bilan gaplashgani haqida xabar bergan.

U men tanigan eng kuchli insonlardan biri, u mamlakatimizni qutqarish uchun har qachongidan ham qat’iyatli”, dedi u.

Trampga birinchi suiqasd

Trampning hayotiga suiqasd 13 iyul kuni Pensilvaniyada saylovchilar oldidagi nutqi vaqtida sodir bo‘lgan. Suiqasdni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirgani aniqlangan. U sobiq prezidentga bir necha bor o‘q uzgan.

Foto: AP Photo
O‘qlardan biri siyosatchining qulog‘iga tegdi. Otishmada miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgan, yana ikki nafari og‘ir yaralangan. Tomas Metyu Kruks o‘sha zahotiyoq Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan o‘ldirilgan. Suiqasd ortidan AQSH Maxfiy xizmati rahbari Kimberli Chitl iste’foga chiqqan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampga navbatdagi “suiqasdga urinish” sodir bo‘ldi
ePN