16:36 / 16.09.2024
198

Ukraina Rossiya chegarasini yangi joyda yorib o‘tdi

Ukraina Rossiya chegarasini yangi joyda yorib o‘tdi
Foto: Ukraina Mudofaa vazirligi
Kursk oblasti Glushkovo yo‘nalishining janubida janglar davom etmoqda. «Agentstvo.Novosti» kanalining 14 sentyabr kuni xabar berishicha, AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi (NASA) sun’iy yo‘ldoshlari Glushkovo rayoni Veseloye qishlog‘ida yong‘inlarni qayd etgan.

Forbes ta’kidlashicha, bundan oldin Ukraina qurolli kuchlari (UQK) 6 avgust kuni Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastidagi hujumini kichikroq miqyosda takrorlagan holda «kutilmagan Ukraina operatsiyasini» o‘tkazishga harakat qilgan.

«Yangi joydan, kilometrlarga kirildi»

Ukrainaning «Khorne Group. Sitadel 2.0 . Surprise for Russians» Telegram-kanaliga ko‘ra, Ukraina «Bagration» operatsiyasini amalga oshirgan. «Yangi joydan, kilometrlarga kirib borildi. Mingdan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchilar o‘rab olinish xavfi ostida», — deyiladi postda.

Harbiy tahlilchi Yan Matveyev, o‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlarining Veseloye qishlog‘iga bostirib kirgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerdan Rossiya harbiylarining ponton o‘tish joylari joylashgan Glushkovogacha avtomobil orqali 7,5 km masofa bor.

13 sentyabr kuni e’lon qilingan geolokatsion kadrlar Veseloye janubida (Glushkovodan janubi-g‘arbda) Ukraina qo‘shinlari harakatlanayotganini ko‘rsatadi, deb ta’kidladi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari 14 sentyabrdagi hisobotida.

Rossiyalik harbiy blogerlar Ukraina armiyasining Kursk oblastidagi yangi hujumi haqida ham xabar berishdi. Ulardan ba’zilari Ukraina qurolli kuchlari Veseloyeni egallab olgani haqida xabar bergan bo‘lsa, boshqalari qishloq chetida janglar ketayotganini yozgan.

14 sentyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining «Rossiya Federatsiyasi chegarasi orqali Noviy Put, Medveje va Veseloye aholi punktlari yo‘nalishi bo‘yicha yorib o‘tishga bo‘lgan «beshta urinishi» qaytarilganini» da’vo qildi.

Materialni chop etish vaqtida urishayotgan tomonlarning bayonotlarini tezda tekshirish imkoni yo‘q.

Rossiyaning Kursk oblastidagi qarshi hujumi

Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida qarshi hujumga o‘tdi. Bu haqda 12 sentyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi rasman ma’lum qildi. Avvalroq faqat norasmiy manbalar Rossiyaning qarshi hujumi boshlangani haqida xabar bergan edi.

Zelenskiy Kursk yaqinidagi voqealar «Ukraina rejasi» asosida sodir bo‘layotganini ta’kidladi. Rossiya Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, avvalroq Ukraina armiyasi tomonidan bosib olingan o‘nta aholi punkti ustidan «nazorat tiklangani» haqida xabar berdi.

Bir kun avval Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi Rossiya armiyasining Kursk oblastidagi hujum harakatlari davomida rus qo‘shinlari zirhli texnikalarni Seym daryosi va mintaqadagi kichikroq daryolar orqali o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganini yozgan edi. Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan Telegram-kanallari ham Kursk yaqinida rus armiyasining qarshi hujumi haqida e’lon qildi. Bundan tashqari, «Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘nta aholi punktini tozalash va nazorat qilish» haqidagi ma’lumot «RIA Novosti» agentligiga «Axmat» maxsus kuchlari qo‘mondoni, general mayor Apti Alaudinov tomonidan tasdiqlangan.

Sudji aholisining qarindoshlari gumanitar yo‘lak ochishni so‘radi

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Kursk oblasti Sudja shahri va Sudja rayoni aholisining qarindoshlari Rossiya va Ukraina prezidentlariga, shuningdek, ikki davlat ombudsmanlari Tatyana Moskalkova hamda Dmitriy Lubinetsga iltimos bilan murojaat qilishdi. Ular tinch aholini hududdan olib chiqish uchun gumanitar koridor tashkil etish va aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirdi.

Avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati xodimi anonimlik sharti bilan DW nashriga Rossiya qurolli kuchlari Gordeyevka qishlog‘idan oldinga o‘tib, Sudja g‘arbidagi Kursk oblasti Glushkovo rayonida qolib ketgan o‘z qo‘shinlari guruhini ozod qilishga urinayotganini aytgan edi.

The New York Times gazetasi avgust oyi oxirida AQSHning nomi oshkor etilmagan rasmiylariga tayanib, Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan siqib chiqarish uchun Rossiyaga kamida 50 ming askar kerak bo‘lishini yozgan edi. Shu bilan birga, Kursk yaqinida Ukraina tomonidan 10 mingga yaqin harbiy xizmatchilar jang qilmoqda, deb ta’kidladi nashr.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Rossiya chegarasini yangi joyda yorib o‘tdi