
Janubiy Koreya politsiyasi oʻgʻirlangan avtobusda mamlakat chegarasini kesib oʻtgan holda Shimoliy Koreyaga qochishga uringan shaxsni qoʻlga oldi.
Tahlilchilar buni favqulodda hodisa deb baholamoqda. Negaki qochishga uringan shaxs asli shimollik boʻlib, 10 yilcha avval Janubiy Koreyaga qochib oʻtib boshpana olgandi.
Ismi oshkor etilmagan shaxs Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turuvchi «Birlashuv» koʻprigida hibsga olingan. U chegarachining toʻxtash haqidagi buyrugʻiga quloq solmagan va toʻsiqqa borib urilgan.
30 yoshli shaxs politsiyaga Janubiy Koreyada qiyinchiliklarga duch kelgani, toʻlanmagan jarimalari koʻpayib ketgani, shu sabab uyiga – Shimolga qaytishga qaror qilganini aytgan.
Ma'lum boʻlishicha, u Paju shahridagi garajdan avtobusni oʻgʻirlab qochgan. Chegarada qoʻlga olingan vaqtda u giyohvandlik moddalari va mast qiluvchi ichimliklar ta'sirida boʻlmagan.
Yagona Koreya ikki davlatga ajralganidan buyon oʻtgan 70 yil mobaynida Shimoldan Janubga 34 mingga yaqin kishi qochib oʻtgan. Seul hukumati shimollik qochoqlarga avtomatik ravishda fuqarolik beradi.
Qochoqlarning Shimoliy Koreyaga qaytishi oʻta kamyob hodisadir. Chunki Pxenyan hukumati Janubga qochganlarni qamoq yoki mehnat tutqungohlariga yuboradi.
Janubiy Koreyadan boshpana olgan shimolliklar daromadli ish topish va roʻzgʻor tebratishda qiyinchiliklarga duch kelishi aytiladi.
Shimoliy Koreyadan Janubga nafaqat oddiy fuqarolar, yuqori martabali mulozimlar ham qochib oʻtgani ma'lum.
Bir muddat avval Shimoliy Koreya razvedkasida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan, keyinroq Seulga qochib oʻtishga muvaffaq boʻlgan polkovnik KXDR rahbari Kim Chen Inga oid maxfiy ma'lumotlarni ochiqlagandi.
Shimoliy Koreyaning sir pardasi bilan oʻralgan hayoti haqida ancha-muncha tafsilotlarni soʻzlab bergan polkovnik Kim ma'muriyati jinoyatlari haqida ochiq gapirgani sababini bunday izohlagandi: «Boʻynimdagi soʻnggi qarz bu! Men Shimoldagi birodarlarim ham diktaturadan xalos boʻlib, ozodlik havosidan nafas olsa deyman».
Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta'sis etilgan 1948 yildan buyon oʻlkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni esa 2011 yilda Kim Chen In egallagan.
Dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri sanalgan Shimoliy Koreyaning kommunist rahbariyati turli cheklov va taqiqlarni joriy etgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar