date
views 76

Turkiyalik tahlilchi: “Isroil Eronga hujum qilishi aniq, asosiy masala – hujumning koʻlamida”

Turkiyalik tahlilchi: “Isroil Eronga hujum qilishi aniq, asosiy masala – hujumning koʻlamida”
“Temir gumbaz”ni yorib oʻta olishini koʻrsatgan Eronning hujumiga Isroil javob qaytarishni va'da qilmoqda. Bu javobga Tehronning munosabati qanday boʻladi? Arab davlatlarining-chi? Erondagi ehtimoliy notinchlik Markaziy Osiyoga qanday ta'sir qiladi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan turkiyalik etnik oʻzbek tahlilchi, Eronni oʻrganish instituti eksperti Rahim Farzom bilan suhbatlashdi.

Eron hozirgacha ikki marta Isroilga raketalar bilan hujum qildi. Tel-Aviv oktyabr oyi boshidagi zarba uchun javob hujumi, albatta, boʻlishini takrorlamoqda. Tehron rasmiylariga koʻra, agar Isroil javob qaytarsa, Eron yanada kattaroq zarba berishga majbur boʻladi. Bu oʻzaro zarba almashishlar esa urushga aylanishi mumkin.

1 oktyabrdagi hujumda Tehron “Hizbulloh” rahbari – Hasan Nasrulloh, HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya hamda Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻmondoni oʻlimi uchun qasos oldi. Uchirilgan ballestik raketalarning 40 foizi nishonga tekkani aytiladi. Ya'ni bu gal apreldagi hujumdan farqli oʻlaroq “Temir gumbaz”ning samarasi pastroq boʻlgan.

Rahim Farzomga koʻra, Isroilning bu hujumga javob qaytarishi aniq. Ayni paytda Tel-Aviv ittifoqchilari bilan Erondagi qaysi ob'ektga zarba berish masalasini muhokama qilmoqda. Eron esa siyosiy kanallar va AQSh orqali Isroilga javob hujumi engilroq boʻlsa, Tehron katta zarbalardan oʻzini tiyishini bildirgani haqida xabarlar bor. Lekin Isroil Eronning strategik ob'ektlarini nishonga olsa va bu davlat tinchligi, xavfsizligi hamda iqtisodiyotiga jiddiy zarar etkazsa, xalqning oʻzi Eron rahbariyatini siquvga oladi, deydi Farzom.

Eronning maqsadi aslida Isroilga ziyon etkizish emas, balki u ishongan “Temir gumbaz”ni yorib oʻtishni uddalashini koʻrsatish edi”, – deya qoʻshimcha qiladi ekspert.

Isroil nishonga olishi mumkin boʻlgan ob'ektlar yadroviy inshootlar va neft bazalari boʻlishi mumkin. Har ikkala holatda ham Eron jiddiy zarar koʻradi. Rahim Farzomning qayd etishicha, agarda yadroviy inshootlar hujumga uchrasa, bu atrofdagi davlatlar, qoʻshni mintaqalar uchun ham jiddiy xavf yaratishi mumkin: atrofga radiatsiya tarqaladi.

AQSh rasmiylariga koʻra, Vashington uchun Eron – Xitoy va Rossiyadan ham oldingi oʻrinda turuvchi dushman. Biroq turkiyalik tahlilchining aytishicha, Eronning mavjudligi va oliy rahnamo rejimi AQSh manfaatlariga ham xizmat qilmoqda. Masalan, mintaqadagi arab va musulmon davlatlar Eron kuchayib borayotganidan xavotirda va bu ularning AQShga yaqinlashishiga turtki boʻlmoqda. Shunday sharoitda ayrim arab davlatlari Isroilning Eronga hujumidan manfaatdor boʻlishi ham mumkin, deydi u.

Eron shunday davlatki, ham aholi, ham Eronga ishonch belgisini bergan siyosiy-harbiy kuchlar, guruhlar rahbariyatdan javob choralarini talab qiladi. Isroilning boʻlajak hujumi qaqshatqich boʻlsa, Tehronni hujum boshlashga ular ham majbur qila oladi, deydi Rahim Farzom.

Eron diplomatik kanallar orqali arab davlatlari va qoʻshnilarini Isroil hujumida ularning hududidan foydalansa, javobi ogʻir boʻlishidan ogohlantirmoqda. Tehron boʻlajak zarbalarga tayyorgarlik doirasida Moskvadan yordam soʻragan, havo hujumidan mudofaa texnikalarini olgan boʻlishi ham mumkin. Ekspertga koʻra, bu qanchalik rost yoki yolgʻonligi hujumdan keyin aniq boʻladi.

Eronning Isroil hujumiga javobi jiddiyroq boʻlishi Yaqin Sharqdagi urushni kengaytirib yuborishi mumkin. Tel-Avivning maqsadi ham shu aslida, lekin Vashington ayni davrda mintaqada yanada kattaroq urush boshlanishini istamaydi, deydi Eronni oʻrganish instituti eksperti.

Markaziy Osiyo davlatlari – Eronning qoʻshnisi. Turkiyalik tahlilchi fikricha, bevosita boʻlmasa-da, bilvosita Erondagi notinchlik Markaziy Osiyoga ta'sirini oʻtkazadi. Lekin bu davlatlar ayni vaziyatda Eron tomonida ekanini ham bildira olmaydi. Ular uchun betaraflik eng yaxshi tanlov, deydi Farzom.

Eronning jiddiy zarbaga uchrab, katta iqtisodiy zarar koʻrishi uning biznes sherigi hisoblangan Turkiya manfaatlariga ham toʻgʻri kelmaydi. Prezident Erdoʻgʻanga koʻra, davlat maxsus kuchlari Isroil va uning Turkiyaga qarashlarini ham koʻzdan qochirmayapti. Bunday sharoitda Turkiyaning ham qoʻlidan bir ish kelishiga ishonish qiyin, deydi tahlilchi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyalik tahlilchi: “Isroil Eronga hujum qilishi aniq, asosiy masala – hujumning koʻlamida”