Foto: Getty Images
Qatar garovdagilarni ozod etish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachi sifatidagi faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar bergan mamlakat tashqi ishlar vazirligi.
Bunga qadar amerikalik yuqori martabali mulozimlar anonimlik sharti bilan OAVga AQSH bundan buyon Hamas vakillari Qatarda yashashiga toqat qilmoqchi emasligini bildirgandi.
Vashingtondagilar falastinliklar guruhini G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni qaytarish bo‘yicha so‘nggi taklifni rad etishda ayblagan.
Reuters agentligining Vashingtondagi manbalari shaxsini sir saqlashni so‘ragan holda Qatar hukumati 10 kun oldin Hamas siyosiy vakolatxonasini o‘z hududidan chiqarib yuborishga va’da berganini aytgan.
Bu xabarlar ortidan Hamas raddiya berib chiqdi. Hamasning yuqori martabali rasmiysi Qatarning tashkilot rahbariyatini Dohadan chiqarib yuborishga roziligi haqidagi xabarlarni «asossiz» deb atadi. U mazkur holatni «bosim o‘tkazish taktikasi» deb atadi va bunday bayonotlar ilgari ham hech bir dalillarsiz tarqatilganini qo‘shimcha qildi.
Keyinroq Qatar TIV ham Hamas ofisi chiqarib yuborilishi haqidagi xabarda noaniqlik borligini ma’lum qildi.
«Qatardagi vakolatxonaning asosiy maqsadi — manfaatdor tomonlar o‘rtasida kommunikatsiya kanali bo‘lish va bu kanal avvalgi bosqichlarda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga hissa qo‘shgan», — deya aniqlik kiritdi vazirlik vakili Majid ibn Muhammad al-Ansoriy.
Idora Isroil va Hamas o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani, Qatarning vositachilik harakatlari «tomonlar jiddiylik va ushbu shafqatsiz urushni yakunlashga tayyorligini namoyish etganida» qayta tiklanadi.
Hamasning Dohadagi vakolatxonasi 2012 yilda ochilgan — o‘shanda ular Suriyadagi fuqarolik urushi tufayli Damashqdagi shtab-kvartirasini tark etishga majbur bo‘lgandi. Xabar qilishlaricha, AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Barak Obamaning guruh bilan aloqani qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi iltimosi bilan ularga Dohadan joy berilgan.
Qatar — Fors ko‘rfazida maydoni kichik bo‘lsa-da, katta ta’sir doirasiga ega davlat hisoblanadi — u AQSHning Yaqin Sharq mintaqadagi muhim ittifoqchisi hamdir.
Bu yerda Amerikaning yirik aviabazasi joylashgan va Qatar hukumati bir necha bor Vashingtonning nozik siyosiy muzokaralarida, jumladan, Rossiya, Eron va toliblar bilan muzokaralarida vositachi vazifasini bajargan.
G‘azo sektori bo‘yicha hozircha muvaffaqiyatsiz kechayotgan muzokaralarda qatarliklar ham AQSH va Misr kabi muhim o‘ringa ega edi.
Muvaffaqiyatsiz muzokaralar
Muzokaralarning oktyabr oyi o‘rtalarida o‘tkazilgan so‘nggi raundida ham kelishuvga erishilmadi, Hamas qisqa muddatli sulhni rad etdi va Isroil qo‘shini to‘lig‘icha olib chiqilishi hamda harbiy harakatlar butunlay to‘xtatilishini talab qildi.
Hamas 2012 yilda Dohada siyosiy bazaga ega bo‘lgandi — xabarlarga ko‘ra, bu Obama ma’muriyati so‘rovi bilan qilingan
Garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lgani uchun Isroil ham tanqidga uchradi. O‘tgan hafta boshida ishdan bo‘shatilgan Yoav Galant oldinroq Binyamin Netanyahu xavfsizlik xizmati rahbarlarining maslahatlariga amal qilmasdan, tinchlik kelishuvidan bosh tortganini aytgandi.
BBC'ning Quddusdagi muxbiri Jo Invud aytishicha, Hamasni Qatardan quvib yuborishga bo‘lgan chaqiriqlar, aftidan, Oq uyni tark etayotgan ma’muriyatning Jo Bayden yanvarda prezidentlik lavozimini Donald Trampga o‘tkazgunicha qandaydir tinchlik kelishuviga erishish uchun urinishi bo‘lib ko‘rinmoqda.
Tramp esa, ayrim manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga urush u prezidentlikka qasamyod qilgunicha yakunlanishini istashini bildirgan.
Nima bo‘lganda ham AQSHning hozirgi ma’muriyatining Isroil hukumatiga ta’siri cheklangan darajada bo‘lib qoladi, shu tufayli Vashingtondagilar Hamasga bosim o‘tkazish orqali kelishuvni tezlashtirishdan umid qilishi mumkin.
Bu reja muvaffaqiyatga erishishi Qatar AQSHning talabiga rozilik berish-bermasligiga bog‘liq, deya yozgan muxbir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Hamas Dohani tark etadigan bo‘lsa, uning siyosiy ofisi qayerga joylashishi noma’lum.
U Hamasni qo‘llovchi Eron hududiga ko‘chib o‘tishi mumkin, ammo guruh siyosiy yetakchisi Ismoil Honiya Tehronda o‘ldirilgani inobatga olinsa, bu katta tavakkalchilik bo‘lgan bo‘lardi. Bundan tashqari, Eron hududida turib Hamas G‘arb vakillari bilan Qatardagi kabi bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi, deya yozadi Jo Invud.
Keyingi manzil uchun variantlar sifatida O‘mon, Livan va Jazoir ham ko‘rib chiqilgan, biroq ular ham turli nuqati nazarlarga ko‘ra AQSHda xavotir uyg‘otishi aytilgan. Nisbatan ehtimoli yuqori variant Turkiya bo‘lishi mumkin, u NATO a’zosi hisoblanadi va mamlakat aholisining katta qismini sunniy musulmonlar tashkil etadi. Qolaversa, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zini G‘arb va Sharq o‘rtasidagi vositachi sifatida taqdim etishga intiladi.
Xabar qilishlaricha, Hamas rahbariyati birinchi navbatda o‘z xavfsizligidan tashvishlanmoqda, chunki so‘nggi to‘rt oy ichida guruhning ikki yetakchisi o‘ldirildi. Iyul oyi oxirida Eronda sirli ravishda Ismoil Honiya halok bo‘lgandi, oktyabrda isroillik harbiylar 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujum tashkilotchisi bo‘lgan Yahyo Sinvarni ham o‘ldirishdi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ukraina ilk bor AQSH raketasi bilan Rossiyaga zarba berdi
Borrel: AQSH Rossiyaga 300 kilometrgacha ichkariga zarba berishga ruxsat berdi