06:00 / 18.11.2024
13

Abxaziyada muxolifat vaqtinchalik hukumat tuzmoqchi

Abxaziyada muxolifat vaqtinchalik hukumat tuzmoqchi
Foto: “RIA Novosti”
Agar Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya 17 noyabr, yakshanba oqshomigacha iste’foga chiqmasa, muxolifat muvaqqat hukumat tuzishini e’lon qildi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muxolifat mazkur holatda barcha davlat xizmatchilarini xizmatga chaqiradi va boshqaruvni nazoratiga oladi.

Biz hamma narsani shunday qoldira olmaymiz, chunki biz yashashi kerak bo‘lgan xalq va davlat haqida o‘ylaymiz. Buning uchun davlat xizmatchilari o‘z ish o‘rinlarini egallashi va ishlashi kerak”, dedi urush faxriylarining “Arua” jamoat tashkiloti raisi Temur Gulia.
Muxolifat bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri Vladimir Delbani Abxaziyada yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlamoqchi. Shu bilan birga, Abxaziyaning barcha Vazirlar mahkamasi, shu jumladan, kuch bloki iste’foga chiqariladi.

“Abxaz xalq harakati” raisi Adgur Arzinba muxolifat uchrashuvi chog‘ida namoyishchilar parlament atrofidagi devorni buzishni boshlagani haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Abxaziyada hech qachon “o‘z uyini baland devor bilan o‘rab olish odati bo‘lmagan” va uni “Abxaziya uchun begona jism” deb atagan.

Bu yerda ikki yil yoki bir yarim yil turgan mana bu devor — hokimiyat o‘z xalqidan ajralishga qaror qilganining ramzidir. Bu Aslan Bjaniya siyosatining ramzi bo‘lib, u 2020 yilda unga vakolat va qonuniylikni bergan o‘z xalqidan yopiq bo‘lgan. U o‘z tarafdorlariga, saylovchilariga va butun abxaz xalqiga xiyonat qildi”, dedi Arzinba.

Abxaziyada namoyishlar

15 noyabr kuni Abxaziyada ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar hukumat binolari majmuasini egallab olib, siyosiy inqirozdan chiqish uchun muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi. Muxolifat prezidentdan iste’foga chiqishni talab qildi.

16 noyabr kuni Aslan Bjaniya norozilik namoyishchilari hukumat binolarini tark etganidan so‘ng iste’foga chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Ammo 17 noyabrda muxolifatni davlat to‘ntarishiga urinishda ayblab, saylangan prezident sifatida qolishini e’lon qildi.

15 noyabr kuni Abxaziya parlamenti Rossiya bilan yangi investitsiya bitimini ko‘rib chiqishi kerak edi. Hujjat Rossiya biznesining kengayishi mahalliy daromadlarni turizmdan mahrum qilishidan xavotir uyg‘otdi.

16 noyabr kuni namoyish ishtirokchilari bayonot berdi. Ular hukumat binolarini egallash Abxaziyaning Rossiya bilan yaqin aloqalariga qarshi qaratilmaganini aytishdi. Ammo Bjaniyani “bu aloqalardan shaxsiy g‘arazli manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinish va o‘z rejimini kuchaytirish uchun ularni manipulyatsiya qilishda” ayblashdi. Abxaziya Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 14 kishi jarohat olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Abxaziyada muxolifat vaqtinchalik hukumat tuzmoqchi