BILAL AL HAMMOUD/EPA-EFE/REX/Shutterstock
Suriyada so‘nggi to‘rt yil mobaynida deyarli unutilgan fuqarolik urushi yana faol fazaga o‘tdi. O‘tgan haftada isyonchilar koalitsiyasi Halabni, bu haftada yana bir yirik shahar Hamani o‘z nazoratiga oldi. BBC ushbu mamlakatda nimalar bo‘layotgani, bu aynan nega hozir boshlangani, bunda Rossiyaning roli qandayligi va Suriya mojarosining yangi bosqichi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirdi.
Nimalar bo‘lmoqda?
27 noyabr, chorshanba kuni isyonchi guruhlarning «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi koalitsiyasi Suriyada Bashar Asad hukumati nazorati ostidagi hududlarga yurish boshladi.
Isyonchilar birinchi kuniyoq mamlakat shimoli-g‘arbidagi Halab viloyatida harbiy baza hamda 15 ta qishloq egallangani haqida xabar berdi. Keyin ular mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Halabni poytaxt Damashq bilan bog‘lovchi asosiy magistralni to‘sib qo‘yishdi.
Juma kuniga kelib isyonchilar allaqachon Halabda edi va shahardagi qadimiy qal’a oldidan fotosuratlar e’lon qila boshladi, bu joy 2012–2015 yillarda Asad armiyasining yetib bo‘lmas bazasiga aylangandi.
Yakshanba kuni ular shaharni to‘lig‘icha o‘z nazoratiga olgani ma’lum bo‘ldi.
Suriyada fuqarolik urushi yakuniga yetmaganmidi?
Suriyadagi fuqarolik urushi mavzusi 2020 yildan buyon jahon nashrlari sahifalaridan tushib qolgandi — bu qisman Yaqin Sharqdagi va undan tashqaridagi boshqa voqealar tufayli, qisman g‘arblik jurnalistlar ushbu mamlakatga kirishi qiyinlashgani tufayli. Ammo mojaro baribir hal etilmagandi.
Suriyadagi fuqarolik urushi 2011 yilda — «Arab bahori» to‘lqinida hukumatga qarshi namoyishlar bilan boshlangandi. Namoyishlar turli isyonchi guruhlar va hukumat kuchlari to‘qnashuvlariga aylanib ketadi. Isyonchi guruhlarning mafkuralari turlicha edi, ammo ularni umumiy maqsad birlashtirgan — Asad rejimini ag‘darish.
Turli isyonchi guruhlarni Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA kabi turli davlatlar, shuningdek, «Al-Qoida» va ISHID kabi guruhlar qo‘llab-quvvatlagan; Asad hukumati esa Rossiya, Eron va «Hizbulloh»dan yordam olgan.
ISHID 2014 yilda mintaqadagi hukmron kuchga aylanganida, mojaroga AQSH rahbarligidagi xalqaro koalitsiya ham aralashadi. U ISHID jangchilariga qarshi kurashadi, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri Asad rejimiga qarshi turmaydi. Xususan, kurd jangchilaridan tashkil topgan va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Suriya demokratik kuchlari tashkiloti mamlakat hududidagi ISHID kuchlarini tor-mor etadi.
2020 yilga kelib, birinchi navbatda Rossiyaning yordamida Asad Suriya hududlarining 70 foiz qismi ustidan nazoratni tiklashga erishadi.
Isyonchilar faqat mamlakat shimoli va shimoli-sharqida, Turkiya bilan chegaradosh hududlarni o‘zida ushlab qoladi. Suriya sharqidagi sahrolarda esa ISHID yacheykalari saqlanib qolgan. Mamlakat shimoli-sharqidagi hududlar kurd ayirmachilari qo‘lida qolgan, shimoldagi chegara hududlarda esa Turkiya armiyasi va turklarga xayrixoh bo‘lgan isyonchilar nazorat o‘rnatgan.
Mojaro tomonlari turg‘un holatda qoladi va Rossiya hamda Turkiya vositachiligida shimoli-g‘arbdagi Idlib viloyatida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishadi.
Bu isyonchilar kimlar?
Isyonchilarning yangi koalitsiyasini «Hay’at Tahrir ash-Shom» (HTSH) yoki 2011 yilda asos solingan «Levantni ozod etish harakati» boshqaradi. Avvaliga uning nomi «Jabhat an-Nusra» bo‘lib, u «Al-Qoida»ning mahalliy tarmog‘i edi, guruh tashkilotchilaridan biri keyinchalik ISHID rahbariga aylangan Abu Bakr al-Bag‘dodiy bo‘lgan.
Fuqarolik urushining o‘tkir fazasida HTSH Asadga qarshi samarali harakatlangan guruhlardan biri bo‘ladi. Ammo uning harakatlantiruvchi jihodchilik mafkurasi bo‘lgan va bu Ozod Suriya bayrog‘i ostida harakatlanuvchi isyonchilarning asosiy koalitsiyasi niyatlariga zid kelardi.
2016 yilda HTSH yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy rasman «Al-Qoida» bilan aloqalarni uzib, «Jabhat an-Nusra»ni tarqatib yuboradi va yangi tashkilot tuzadi, bu tashkilot bir yil o‘tib mafkurasi o‘ziga yaqinroq bo‘lgan boshqa guruhlarni bilan birlashib, «Hay’at Tahrir ash-Shom» nomini oladi.
2020 yilga kelib HTSH amalda 4 mln kishi istiqomat qiluvchi Idlibni nazorat qilardi. So‘nggi yillarda isyonchilar bu yerda o‘z hukumatini ta’sis etgan.
Ammo noyabr oyi oxiridagi yurishda HTSHga boshqa isyonchi guruhlar ham (masalan, «Ahror ash-Shom») qo‘shildi, ular orasida ilgari HTSH bilan nizolashgan guruhlar ham bor.
Ikkinchi yirik kuch — Suriya milliy armiyasi, u so‘nggi vaqtlarda asosan mamlakat shimolida kurd otryadlariga qarshi jang qilgan. Suriya milliy armiyasi Turkiyadan ko‘mak oladi va uning tarkibiga avval hukumatga qarshi kurashgan Suriya ozodlik armiyasi jangchilari kiradi. Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, hozirgi yurishda aynan Suriya milliy armiyasi Halabdagi harbiy aeroportni egallagan. Shu bilan birga, turk nashrlari Suriya milliy armiyasi «kurd terrorchi guruhlari» bilan jang qilayotgani haqida xabar tarqatgan.
Ammo Asadga qarshi koalitsiyaga yana qanday guruhlar kirganini aytish qiyin. Bu qisman o‘zini yagona front sifatida taqdim etishni istayotgan isyonchilar strategiyasi bilan bog‘liq. Shuningdek, ishonchli manbalar yo‘qligi, bir-biriga rad etuvchi xabarlar va isyonchi guruhlarning motivlari muntazam ravishda o‘zgarayotgani bilan ham.
Yurish nega aynan hozir boshlandi?
Yaqin Sharqdagi silkinishlar to‘lqini o‘tgan yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga hujumi bilan boshlangandi. Bu hujum va unga Isroilning javobi mintaqadagi status-kvoni yo‘qqa chiqardi.
Eron va uning Livandagi ittifoqchisi «Hizbulloh» Isroilning kuchli zarbalari ostida qoldi va Suriya hukumatiga avvalgidek yordam berish imkoniyatini yo‘qotdi. «Hizbulloh» jangarilari Isroilning Livandagi yurishi oqibatida jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Isroil Suriyadagi eronlik qo‘mondonlar bo‘ylab ham zarbalar yo‘lladi. Bularning bari suriyalik isyonchilar kutilmagan zarba berishiga sharoit hozirladi — va Halabga kutilmagan darajada muvaffaqiyatli zarba amalga oshirildi.
Boshqa tomondan, Rossiya ham hozirda Asadga avvalgi ko‘lamda yordam berolmaydi: mamlakat harbiy kuchlari Ukrainadagi urushga jalb qilingan.
Halabdagi qadimiy qal’a fonidagi isyonchilar
Yurish nega barcha uchun syurprizga aylandi?
HTSH avvaliga radikal g‘oyalarga amal qilgan, ammo «Al-Qoida»dan ajralib chiqqanidan so‘ng o‘z ritorikasini yumshata boshlagan. Xususan, al-Jo‘laniy o‘z nazoratidagi hududlarda boshqa jihodchi hududlarni ta’qib qilishga kirishib, mintaqadagi boshqa dinlar himoyachisi sifatida obro‘ qozongan.
National Public Radio qayd etishicha, HTSH Idlibdagi xristian ozchilik bilan ishlay boshlagan, xususan, cherkovlarni tiklab, yerlarni qaytarib bergan. Ushbu hududda HTSH BMT agentligi va mahalliy aholiga va mamlakatning boshqa hududlaridan qochib kelganlarga yordam beruvchi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan.
Isyonchilar o‘z imijini o‘zgartirishdan tashqari, Asad va uning tarafdorlariga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p yillar mobaynida qayta tashkillashtirish, qurollanish va o‘z kuchlarini shug‘ullantirishga ham katta e’tibor qaratgan. Xususan, oktyabr oyidayoq HTSH Suriya shimolida keng ko‘lamli yurishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
«Shaxsan men ular [isyonchilar] Halabga yetib bora olishini kutgan deb o‘ylamayman», — deydi The Washington Post muxbiriga The Syria Report bosh muharriri Jihod Yaziji. «Men o‘ylaymanki, ular rejim zaiflashgani va ularda imkon paydo bo‘lganini bilishgan va ular o‘z nazoratidagi hududlarni kengaytirish uchun bundan foydalanishni xohlashgan».
Hukumat qo‘shinlari Hamani tark etmoqda
Isyonchilar nimaga erisha oladi?
Bir necha kun ichida Halabni egallab olgan isyonchilar so‘nggi xabarlarga ko‘ra Hama shahriga ham kirgan. Suriya davlat nashrlari 1 dekabr kuni hukumat kuchlari front chizig‘ini Hamadan shimolda ushlab turishga harakat qilayotgani haqida xabar tarqatgandi.
Asad armiyasi isyonchilar Hama janubiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinmoqda.
5 dekabr kuni Suriya mudofaa vazirligi «vayrongarchiliklar va tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish» uchun qo‘shin shahar tashqarisiga olib chiqilganini ma’lum qildi.
Kurd otryadlari esa isyonchilar koalitsiyasi bilan kelishuv bo‘yicha, Halabning so‘nggi yillarda o‘z nazoratida bo‘lgan shimoli-sharqidagi hududlarni tark etgan. Shu tariqa, bu hududlardagi tinch aholi shaharni tark etishi va Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar nazorati ostida bo‘lgan boshqa hududlarga borib joylashishi mumkin. Bu kurdlarga kelgusida turklar ta’siridagi Suriya milliy armiyasi bilan to‘qnashuvdan qochish imkonini beradi.
Isyonchilarni kim qo‘llamoqda?
Isyonchilarning muvaffaqiyatlariga g‘arb davlatlari qanday reaksiya qilishi tushunarsiz. «Ular muxolifatchilar mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri Halabni qo‘lga kiritganidan xursand bo‘ladimi yoki shahar radikal kuchlar qo‘liga o‘tganidan tashvishlanadimi?», —deya savol qo‘yadi CNN uchun intervyusida Amerikadagi Bruking institutidan taklif etilgan tadqiqotchi Asli Aydintasbas.
Rasman AQSH, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya yakshanba kuni mojarodagi keskinlikni yumshatishga chaqirib, umumiy bayonot bergandi.
Isyonchilar muvaffaqiyatidan manfaatdor bo‘lgan mamlakatlardan biri, shubhasiz — Suriya milliy armiyasini qo‘llovchi Turkiyadir. Halabda olingan fotosuratlar va videolarda SMA ramzi (Suriyaning Baas partiyasi va Asadlar sulolasi hokimiyatga kelguniga qadar bo‘lgan bayrog‘i)ni ham, Turkiya bayroqlarini ham ko‘rish mumkin.
Nihoyat, Isroil, turkparast kuchlarni ham, jihodchilarni ham qo‘llamasa-da, Eronga Asad armiyasiga yordam berishga imkon bermaydi. Xususan, 20 noyabr kuni Isroil Palmiraga zarba yo‘llagandi, uning harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda «Hizbulloh»ning Suriyadagi bo‘limi va Eron ta’siridagi turli guruhlar yetakchilari uchrashishi uchun mo‘ljallangan qarorgohi joylashgan.
Asadni kimlar qo‘llaydi?
Asadning asosiy ittifoqchilaridan biri — Eron. Ammo Tehron, aftidan, o‘z harbiylarini yuborishni rejalashtirmayapti, o‘rniga o‘z proksilari — Iroqdagi eronparast ayirmachilarni yuborish bilan cheklanmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, dushanbaga o‘tar kechasi Suriyaga Iroqdan Eron tomonidan moliyalashtiriluvchi o‘nlab jangchilar yo‘l olgan. «Bu shimoldagi front chizig‘ida turgan quroldoshlarimizga yordam berishi kerak bo‘lgan yangi qo‘shimcha kuch», — degan agentlikka Suriya armiyasidagi yuqori martabali mulozimlardan biri anonim tarzda.
Bu vaqtda Iroqdagi manbalar Reuters muxbiriga kamida 300 jangari yakshanba kuni kechqurun rasmiy chegara punktlarini aylanib o‘tgan holda Suriyaga o‘tganini xabar qilgan.
Iroq rasman bu bayonotlarga raddiya bergan.
HTSH yurishiga Rossiya ham reaksiya bildirgan. Rossiya aviatsiyasi suriyaliklarning harbiy-havo kuchlari bilan birgalikda isyonchilarning Idlib va Hamadagi pozitsiyalariga yangidan yangi zarbalar yo‘llamoqda. Avvalroq fuqarolik urushi davrida vayron bo‘lgan Halab markazi ham o‘qqa tutilgan.
Rasmiy Tehron ham, Kreml ham Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Asadning boshqa bir ittifoqchisi «Hizbulloh» esa to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shimcha kuch yuborishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. «Suriya armiyasi jangchilarga muhtoj emas», — degan guruh vakili Newsweek uchun izohida. «U o‘z yerini himoya qila oladi».
Isyonchilar Halabni o‘z qo‘lida saqlab qolishi yoki yo‘qligi noaniq. Asad armiyasidan farqli ravishda, ularda aviatsiya yo‘q. Lekin isyonchilar o‘z dronlariga ega; ayrim xabarlarga ko‘ra, ular uchuvchisiz uchar qurilmalar orqali Suriya razvedkasining yuqori martabali zobitini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lishgan.
Isyonchilar hujumiga javoban, Suriya va Rossiya aviatsiyasi Idlib va Halab bo‘ylab zarbalar yo‘lladi
Rossiyaning roli qanday?
Rossiyaning Suriya hududidagi harbiy kontingenti 2024 yil kuz holatiga 7,5 ming kishini tashkil etgan.
Bular asosan ikkita yirik harbiy baza — Hmeymimdagi aviatsiya bazasi hamda Tartusdagi harbiy-dengiz flotiga xizmat ko‘rsatiladigan logistik markaz xodimlari, shuningdek, Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan sobiq vagnerchilar. Ular orasida umumqo‘shin janglari doirasidagi harbiy harakatlarga tayyor bo‘lmagan ko‘plab politsiyachilar ham bor. Shuningdek, ko‘p miqdorda harbiy maslahatchilar joylashtirilgan. Harbiy obyektlarni qo‘riqlashga ham ko‘p harbiy jalb etilgan.
Ikkita yirik bazadan tashqari, Suriyada Rossiyaning boshqa harbiy obyektlari, shuningdek, ko‘p sonli harbiy postlari mavjud. Jusoor nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil o‘rtalarida Suriyada rossiyaliklarning 93 ta blokposti va harbiy baza deb ataladigan 21 obyekti bo‘lgan.
Katta ehtimol bilan, ulardan ko‘pchiligini ko‘lamiga ko‘ra baza deb hisoblab bo‘lmaydi, ammo shuning o‘zi ham Rossiya mavjudligini anglatib turadi.
2024 yilda rossiyaliklarning Suriyadagi ta’sir doirasi kengaydi. Jusoor qayd etishicha, ilgari Eron nazorat qilgan ayrim pozitsiyalarni rossiyalik harbiylar egallagan.
Rossiyaning Suriyadagi guruhi ta’minot bo‘yicha muammolarga duch kelmoqda — Ukrainada urush boshlanganidan keyin harbiy kemalar Turkiya bo‘g‘ozlaridan o‘tkazilmaydi.
Kontingentga havo orqali ta’minot yetkazib berishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelgan: BBC suhbatdoshlaridan biri Moskvadan Hmeymim aerodromiga qadar avval Astraxanda, keyin — Bahraynda tranzit qilish orqali yetib borganini aytib bergan.
Shu tufayli hozirda Suriyada bo‘lib turgan Rossiya kuchlari hukumat armiyasi tomonda turib jangovar harakatlarda qatnashish uchun yetarli emas — ular birinchi navbatda o‘z harbiy obyektlari xavfsizligini ta’minlashi lozim.
Boshqa tomondan — Rossiya aviatsiya guruhi hukumat armiyasi havodan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashga imkon beradi. Bu qo‘llov muhim bo‘lishi mumkin, lekin o‘tgan yillar tajribasiga qaralsa, nishonlar suriyalik harbiylar tomonidan belgilab berilishi boshlangan davrda uning samaradorligi pasaygan.
Hozircha Suriyadagi rossiyalik harbiylar miqdorini keskin oshirish imkoniyati ko‘rinmayapti — birinchidan, Rossiya Ukrainada katta qonli urush olib bormoqda, uning o‘ziga ham frontda jonli kuchlar yetishmayapti, ikkinchidan, bunday uzoq hudud logistikasi ham juda murakkab.
Bularning bari nimaga olib boradi?
Suriyadagi fuqarolik urushining yangi bosqichi aynan qanday oqibatlarga olib kelishini hozir aytib bo‘lmaydi. Ishonch bilan aytish mumkin bo‘lgan yagona gap shuki, — ko‘p yillik fuqarolik urushidan keyin ayanchli ahvolga tushib qolgan Suriyaning o‘zi yanada zaiflashadi.
Turkiya Suriya shimolidagi ta’sir doirasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lishi mumkin. U shusiz ham muntazam armiyasi va Istanbul tomonidan qo‘llanadigan suriyaliklar yordamida chegara hududlarni nazorat qilib, mintaqadagi asosiy o‘yinchilardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Suriyaning markaziy qismlarida saqlanib qolgan ISHID vaziyatdan foydalanishi mumkin. Guruh isyonchilarning yurishi yuzasidan munosabat bildirmagan bo‘lsa ham, uning ayrim tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda ISHID yangi hududlarni egallashiga umid bildirgan. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Suriya chegarasida qo‘shin to‘plamoqda
Suriya isyonchilari yetakchisi murojaat bilan chiqdi
Tramp Zelenskiyni urush tugashiga tayyorlanishga chaqirdi
Turkiya Suriyaning yangi hukumatini harbiy sohada qo‘llab-quvvatlamoqchi
Rossiya Isroilni Golan tepaliklari borasida ogohlantirdi
Donald Tramp: “Prezident Erdo‘g‘on juda aqlli, Asad esa shafqatsiz qassob”
Toshkent viloyatida Damas avtomashinasini poyezd urib yubordi
16 dekabr kuni uchun ob-havo prognozi e’lon qilindi