date
views 128

Isyonchilar Damashqni egalladi. Asad boshqaruvi yakuniga yetdi

Isyonchilar Damashqni egalladi. Asad boshqaruvi yakuniga yetdi
OMAR HAJ KADOUR/AFP via Getty Images
Suriyada noyabr oyi oxirida Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi yurish boshlagan qurollangan guruhlar 8 dekabrga o‘tar kechasi hech qanday qarshilikka uchramasdan poytaxt Damashqqa kirib keldi.

Reuters agentligi xabar berishicha, Suriya armiyasi qo‘mondonligi ofitserlarga Bashar Asad boshqaruvi yakuniga yetganini xabar qilgan. Agentlik bilan suhbatda bo‘lgan harbiylardan biri aytishicha, Suriya armiyasi Damashq markazini tark etganini aytgan. Shu bilan birga, Suriya armiyasi Hama va Homs shaharlarida, shuningdek, Deraa shahri atrofidagi hududlarda «terrorchi guruhlar»ga qarshi kurashni davom ettirayotganini ma’lum qilgan.

Ko‘p o‘tmay suriyalik isyonchilar Damashq «Asaddan ozod etilgani»ni e’lon qildi. Televideniye efirida bir guruh shaxslar chiqish qilib, ulardan biri tegishli bayonotni o‘qib bergan va Bashar Asadning 24 yillik avtoritar boshqaruviga yakun yasalganini ma’lum qilgan. U Asad davrida «adolatsizlik bilan qo‘lga olinganlar» qo‘yib yuborilganini qo‘shimcha qilgan.

«Biz Suriya xalqi bilan mahbuslarimiz ozod etilgani va kishanlar parchalangani haqidagi xabarlarni xursandchilik bilan nishonlayapmiz, shuningdek, [Damashq chekkasidagi ]Sednaya qamoqxonasida adolatsizlik davri poyoniga yetganini ma’lum qilamiz», — deya isyonchilarning bayonotidan iqtibos keltirgan Reuters.

Muxolifat vakili «Damashqni egallash bo‘yicha operativ shtab» guruhi muxolifat jangchilari va fuqarolarni «Erkin Suriya davlati» davlat institutlarini qo‘riqlashga chaqirgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, minglab kishilar Damashqdagi asosiy maydonga to‘planib, «Ozodlik!» deya hayqira boshlagan.

Isyonchi kuchlar vakillariga hokimiyat rasman topshirilguniga qadar davlat muassasalariga yaqinlashmaslik buyurilgan, bu muassasalar vaqtincha Suriya bosh vaziri nazoratida qoladi.

Suriya bosh vaziri Muhammad G‘oziy al-Jaloliy xalq tanlaydigan har qanday rahbariyat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. U Damashqda qolgan.

Reuters armiyaning yuqori martabali mulozimlariga asoslanib xabar berishicha, Bashar Asad 7 dekabr kuni kechqurun xususiy samolyotda Damashqdan noma’lum yo‘nalishda uchib ketgan.

Damashq xalqaro aeroporti reyslarni jo‘natish va qabul qilishni to‘xtatgan, aeroport xodimlari evakuatsiya qilingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isyonchilar Damashqni egalladi. Asad boshqaruvi yakuniga yetdi