date
views 149

Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma'lum?

Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma'lum?
The Administration of Mangystau Region / AP / Scanpix / LETA
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining 25 dekabr kuni Boku — Grozniy yoʻnalishida parvoz qilib, Qozogʻiston gʻarbidagi Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyoti Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, deb xabar berdi 26 dekabr kuni Euronews telekanali oʻz manbasiga tayanib. Jurnalistlarning Ozarboyjon hukumatidagi manbalari samolyot halokatiga Rossiyaning «er-havo» sinfidagi raketasi sabab boʻlganini aytishgan.

Manbalarga koʻra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar «faollashgan» vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar etkazgan.

Nashrning Rossiyadagi manbalari Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Checheniston hududidan uchib oʻtayotgan vaqtda Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirmoqchi boʻlganini aytgan. Checheniston Xavfsizlik kengashi rahbari Hamzat Qodirov ham chorshanba kuni tongda Grozniyga dronlar hujumi haqida xabar bergan va dronlardan biri aks etgan videoni namoyish etgandi.

Bokudagi AnewZ nashri Ozarboyjon hukumati manbalariga tayanib, raketa Pantsir-S havo hujumidan mudofaa tizimidan otilganini xabar qilgan.

Euronews manbalari aytishicha, uchuvchilar favqulodda qoʻnishni soʻraganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qoʻnishga ruxsat berilmagan. Boku — Grozniy reysi yoʻlovchisi, halokat vaqtida engil jarohat olgan Subhonqul Rahimov TASS muxbiri bilan suhbatda Azerbaijan Airlines ekipaji samolyotni Grozniyga qoʻndirish uchun uch marta uringanini aytib bergan. Euronews yozishicha, ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qogʻogʻiston gʻarbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan. Mavjud ma'lumotlarga koʻra, samolyotning GPS navigatsiya tizimlari dengiz ustidagi parvoz davomida oʻchirilgan.

Britaniyaning aviatsiya xavfsizligiga ixtisoslashgan Osprey Flight Solutions kompaniyasi oʻz mijozlarini «Azerbaijan Airlines reysi katta ehtimol bilan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani» haqida ogohlantirgan, deb xabar bermoqda Associated Press agentligi.

Ozarboyjon, Rossiya va Qozogʻiston hukumatlari samolyotni rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgani haqidagi versiyani rasman izohlamayapti. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliev 25 dekabr kuni AZAL samolyoti «ob-havo yomonlashishi» tufayli yoʻnalishni oʻzgartirgani, avariya esa Qozogʻistonga «qoʻnish chogʻida» roʻy berganini aytgandi. «Avariya sabablari bizga ma'lum emas. Turli versiyalar bor. Bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman. Masala toʻliq tekshirilishi kerak», — degandi Aliev.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml tergov xulosalari chiqmagunicha «qandaydir gipotezalar qurmasligi»ni aytgan. Qozogʻiston senati spikeri Maulen Ashimbaev fotosuratlarga asoslangan holda Ozarboyjon samolyoti oʻqqa tutilgani haqidagi taxminlarni «spekulyatsiya» deb atadi. «Bunday taxminlarni tarqatish notoʻgʻri va axloqsizlikdir… Komissiya, mutaxassislar ishlayapti, ekspertlar hammasini kuzatmoqda, ular oʻz xulosalarini chiqaradi», degan u.

Samolyot halokatga uchraganidan biroz oʻtib laynerning butun qolgan dum qismi qoplamasida zenit raketaning shikastlovchi elementlari qoldiradigan izlar aks etgan videoyozuvlar paydo boʻldi.

Halokat oqibatida uch mamlakat — Ozarboyjon, Rossiya va Qozogʻiston fuqarolari halok boʻlgan. Ozarboyjon sogʻliqni saqlash vazirligi aviahalokat qurboni boʻlgan 25 kishi roʻyxatini e'lon qilgan, bular yoshi 19 dan 64 gacha boʻlgan yoʻlovchilar va ekipaj a'zolari. 1news xabar berishicha, roʻyxatga faqat Ozarboyjon fuqarolari kiritilgan. Qozogʻiston FVV ma'lumotiga koʻra, halokat oqibatida ushbu mamlakatning olti nafar fuqarosi halok boʻlgan.

Shuningdek, aviahalokat etti nafar rossiyalikni hayotdan olib ketgan, deb xabar bergan Qozogʻiston transport vaziri Marat Karabaev. Qirgʻizistonning samolyotda boʻlgan uch fuqarosi ham tirik qolgan.

26 dekabr holatiga koʻra, aviahalokat qurboni boʻlgan 10 kishining jasadi topilgan: Ozarboyjonning toʻrt fuqarosi, uch rossiyalik hamda uch qozogʻistonlik, deb xabar bergan RIA Novosti muxbiriga Qozogʻiston FVV.

26 dekabr tongida RF FVV borti aviahalokatdan omon qolgan toʻqqiz rossiyalikni Oqtovdan Moskvaga olib qaytgan. Jarohatlangan ozarboyjonliklarni ham 26 dekabr kunining ikkinchi yarmida Bokuga olib ketishga tayyorlay boshlashgan.

Ozarboyjonda 26 dekabr — motam kuni. Aviahalokat qurbonlari Azerbaijan Airlines reysi havoga koʻtarilgan Boku aeroportida bir daqiqalik sukut bilan yodga olindi. Bu erda qurbonlar xotirasiga yodgorlik stendi oʻrnatilgan. Checheniston hukumati samolyot halokatida qurbon boʻlganlar va jabrlanganlarning oilalariga yordam koʻrsatishni va'da qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma'lum?