«Veymar uchburchagi» Gurjistondagi repressiyalarni qoraladi

«Veymar uchburchagi» Gurjistondagi repressiyalarni qoraladi
Foto: Giorgi Arjevanidze/AFP
Germaniya, Fransiya va Polsha tashqi ishlar vazirlari Gurjistonda muxolifatga nisbatan shafqatsiz repressiyani qoralab, mamlakatda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. «Veymar uchburchagi» deklaratsiyasi 31 dekabr, seshanba kuni e'lon qilindi.

«Biz soʻnggi haftalarda tinch namoyishchilar, ommaviy axborot vositalari va muxolifat yetakchilariga nisbatan zoʻravonliklarni soʻzsiz qoralaymiz», — deyiladi hujjatda.

Gurjistondan bir qator amaldorlar uchun vizasiz rejim toʻxtatildi

Tbilisining harakatlariga javoban, bir qator Gurjiston rasmiylari va hukumat vakillari uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan vizasiz rejim toʻxtatiladi, deya ta'kidladi AFP agentligi.

Deklaratsiya mualliflari, shuningdek, Gurjiston hukumatini «inson huquqlarini hurmat qilish va asosiy erkinliklarni, jumladan, yigʻilishlar va matbuot erkinligini himoya qilishga» chaqirgan. Uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasini «repressiyaning siyosiy yoʻnalishi» va «demokratiyadan yuz oʻgirish»da aybladi.

Gurjiston hukumati bilan Yevropa hamkorligi allaqachon qisqartirilgan. Keyingi chora-tadbirlar Yevropa va milliy darajada koʻrib chiqilmoqda.

Vazirlar 26 oktyabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlaridan keyin Gurjistondagi siyosiy inqirozdan «katta xavotir» bildirdilar. «Veymar uchburchagi» Tbilisini bir necha bor «Yevropa integratsiyasiga qaytishga, Yevropa me'yorlari va qadriyatlarini hurmat qilishga va islohotlar oʻtkazish»ga chaqirgan.

Tbilisida yangi prezident inauguratsiyasidan keyin namoyishlar

Tbilisida 29 dekabr kuni Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvilining inauguratsiyasi va Salome Zurabishvilining Orbeliani prezidentlik saroyini tark etishga roziligidan soʻng yangi norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi.

Tblisi life Telegram-kanaliga koʻra, ertalab Zurabishvilining murojaatidan soʻng, namoyishchilarning bir qismi Orbeliani saroyidan Rustaveli prospektidagi Gurjiston parlamenti binosiga kelgan. Aynan oʻsha yerda Kavelashvilining inauguratsiyasi boʻlib oʻtdi. Parlament xavfsizlik kuchlari tomonidan qattiq qoʻriqlandi. Qoʻlga olishlar boshlandi.

Tblisi life yozishicha, ertalabki mitingda namoyishchilardan koʻra xavfsizlik kuchlari koʻproq boʻlgan. Aktsiyadagi videoyozuvlarga koʻra, unda bir necha oʻnlab odamlar qatnashgan. Tarqatilish va qoʻlga olishlardan soʻng, ularning ba'zilari tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan.

Gurjiston televideniyesining Birinchi kanali Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, jami olti kishi qoʻlga olingan. «Bugun parlament binosi oldidagi namoyishchilar bilan toʻqnashuv chogʻida huquq-tartibot idoralari xodimlari bir necha fuqarolarni ma'muriy qoʻlga oldilar, ular bir necha soatdan keyin qoʻyib yuborildi», — deyiladi IIV xabarida.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar