12:05 / 03.01.2025
21

Janubiy Koreyada politsiya prezidentni hibsga ololmadi

Janubiy Koreyada politsiya prezidentni hibsga ololmadi
Foto: Getty Images
Janubiy Koreyada 3 yanvar kuni prezident Yun Sok Yolni hibsga olish uchun tergovchilar va politsiya xodimlari uning qarorgohiga keldi. Biroq prezident qoʻriqchilarining qarshiligi tufayli prezident hibsga olinmadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Xavfsizlik maqsadida Janubiy Koreya prezidentini hibsga olish toʻgʻrisidagi order ijrosi toʻxtatildi. Bu haqda yuqori martabali xodimlarga nisbatan Korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi. Davom etayotgan qarama-qarshilik tufayli hibsga olish orderini amalda bajarish imkonsiz degan xulosaga kelingan.

Voqea joyiga kelgan xodimlarning xavfsizligi yuzasidan xavotir sababli, order ijrosi toʻxtatilgan. Politsiya prezident qarorgohi atrofida tartibni saqlash uchun 45 ta maxsus kuch boʻlinmasi va 2,7 ming xodimni joylashtirgandi. Qarorgoh yonida “prezidentni himoya qilish” va “impichmentni bekor qilish”ga chaqiruvchi 1 ming 200 nafar Yun tarafdorlari toʻplangan. Ularning ba'zilari politsiya bilan toʻqnashuvga kirishgandi. Tergovchilar va politsiya prezident qoʻriqchilarining qarshiligiga duch kelgandi.

Koreyada ilk bor amaldagi prezident hibsga olinadi

Seulning Gʻarbiy okrug sudi 31 dekabr kuni prezident Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order berdi. Bunga lavozimidan chetlatilgan prezident qoʻzgʻolonga rahbarlik qilish va hokimiyatni suiiste'mol qilishda ayblanib, uch marta soʻroqqa kelmagani sabab boʻldi. Bu Janubiy Koreya tarixida amaldagi davlat rahbariga hibsga olish uchun order berilgan birinchi holatdir. Yonhap xabariga koʻra, tintuv uchun order ham berilgan.

Prezident harbiy holat joriy etishga uringani uchun hokimiyatdan chetlashtirilgandi

Janubiy Koreya parlamenti 14 dekabr kuni Yun Sok Yolni hokimiyatdan chetlatdi. Bunga davlat rahbari tomonidan 3 dekabr kuni siyosiy muxoliflarga qarshi kurashish maqsadida e'lon qilingan harbiy holat sabab boʻldi. Yunning qarori jamoatchilikning noroziligiga sabab boʻldi, parlament harbiy holatni tezda bekor qilishga muvaffaq boʻldi.

Prezident vazifasini bajaruvchi dastlab mamlakat bosh vaziri Xan Dok Su boʻldi. Biroq, 27 dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti uni ham hokimiyatdan chetlatishga ovoz berdi. Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimida uning oʻrnini bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxve San Mok egalladi. U barqarorlikni tiklash uning siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini bildirdi.

Janubiy Koreyada harbiy holat e'lon qilinishiga aloqador boʻlgan bir necha amaldorlar, jumladan, sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va bir necha yuqori martabali harbiy razvedka xodimlari hibsga olingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo