Las-Vegasdagi Donald Trampga tegishli mehmonxona oldida Cybertruck mashinasi portlagani haqida xabar berib, uning noodatiy ekanini aytgandik. Chindan bu ishning orqasidan koʻpchilik kutmagan narsalar chiqmoqda. Ma'lum boʻlishicha, Tesla elektrokarini ijaraga olgan 37 yoshli Metyu Livelsberger portlashni atay uyushtirgan. Portlashdan avval mashina ichida oʻz joniga qasd qilgan. Bu ishni amerikaliklar e'tiborini oʻziga qaratish uchun qilib, ularga xatlar qoldirgan.
Maxsus kuchlar zobiti
Vegasdagi portlagan mashina ichida boʻlgan haydovchi jasadi tanib boʻlmaydigan darajada kuyib ketgan. Biroq uning yonidan chiqqan hujjatlar haydovchi 37 yoshli harbiy Metyu Alan Livelsberger ekanini koʻrsatgan. Keyinchalik tibbiy ekspertiza ham jasad aynan shu harbiyniki ekanini tasdiqlagan. Livelsberger AQSh armiyasi maxsus kuchlari safida katta serjant ekani aniqlandi. Oʻz joniga qasd qilgan kuni ta'tilda boʻlgan.
Metyu 28 dekabr kuni Denverda kibertrak ijaraga olib Las-Vegasga yoʻl oladi. Yoʻl-yoʻlakay bir nechta shaharlarda toʻxtab oʻtadi. 30 dekabr kuni ikkita yarimavtomat sotib oladi. 1 yanvar tongda Las-Vegasga etib boradi va mahalliy vaqt bilan soat 08:40 atrofida Trump International mehmonxonasi oldida toʻxtab, oʻzini boyagi sotib olgan qurol bilan otib oʻldiradi. Shu vaqt mashinada yongʻin boshlanib, portlaydi.
37 yoshli harbiy 2006 yildan buyon AQSh armiyasi maxsus kuchlari safida xizmat qilib kelgan. Ukrainada, Gurjistonda, Kongoda xizmat qilgan, Afgʻonistondagi beshta harbiy missiyada ishtirok etgan. Oxirgi ish joyi Germaniya boʻlgan.
U respublikachi Donald Trampni qoʻllab-quvvatlagan. Hatto birinchi xotini Sara bilan 2016 yildagi saylovlarda fikri bir joydan chiqmagani uchun ajrashgan. Oʻshanda Sara Berni Sandersga, Metyu esa Donald Trampga ovoz bergan. Safdoshlari uni juda sodiq harbiy deb ta'riflagan, shuningdek, vatanparvar ekani, siyosatga qiziqishini ta'kidlagan. Harbiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida koʻplab siyosiy postlar joylagan.
Metyu oʻz joniga qasd qilishidan ikki hafta avval ikkinchi xotini bilan ham ajrashgan. Juvon erini xiyonat qilishda ayblagan. Yangi yil arafasida esa erkak sobiq ma'shuqasi bilan yozishib, unga kibertrakning suratlarini yuborgan. Ayolning aytishicha, Metyu oʻshanda yaxshi kayfiyatda boʻlgan va unda oʻz joniga qasd qilish alomatlari sezilmagan.
«Amerika qulamoqda»
Endi bu hodisadagi eng muhim joyiga etib keldik. Metyu Livelsberger yonida amerikaliklarga xat qoldirgan. Mashinani portlatishni esa ularning e'tiborini oʻziga qaratish uchun qilganini yozgan.
«AQSh tarixdagi eng zoʻr davlat. Lekin endi davosiz dardga chalinib qulash arafasidamiz», deb yozgan yonidagi kundalikdagi qaydlardan birida harbiy. Uning fikricha, hukumatdagilar faqat boyish haqida oʻylaydi va amerikaliklar uygʻonishi kerak.
AQSh armiyasining iste'fodagi ofitseri, razvedkachi Sem Shumeytning aytishicha, Livelsberger oʻz joniga qasd qilishidan bir necha kun avval unga xat yozgan va uni 1 yanvar kuni jurnalistlarga berishni soʻragan. Federal tergov byurosi va politsiya xatni chindan u yozganini tasdiqladi. Xatda aytilishicha, Xitoy AQSh chegarasida suvosti kemasidan turib uchirgan dronlar AQSh xavfsizligi uchun eng katta xavf hisoblanadi. Shuningdek, marhum harbiy AQSh hukumatini Afgʻonistondagi harbiy jinoyatlarni yashirishda ayblagan, hatto ularni yashirishda qatnashganini tan olgan.
AP Metyu Livelsbergerning yana bir xatini e'lon qildi. Unda harbiy oʻz harakatini tushuntirib bergan: «Bu – terakt emas, ogohlik qoʻngʻirogʻi. Amerikaliklar faqat zoʻravonlik va vahimali narsalarga e'tibor berishadi. Fikrimni ularga etkazish uchun feyrverklar ishtirokidagi tomoshadan yaxshiroq usul bormi?» degan oʻsha xatida harbiy.
Nashrning yozishicha, Metyu xatlaridan birida «ongini yoʻqotgan safdoshlari va oʻldirgan odamlarini oʻylashdan» tozalashi kerakligi haqida yozgan.
Nyu Orleandagi hodisa bilan oʻxshashlik
Politsiya Las-Vegasdagi portlash va Nyu Orleandagi yangi yil oqshomida amalga oshirilgan terakt oʻrtasida bogʻliqlik yoʻq deb hisoblagan, lekin amerikaliklar bu ikki voqea oʻrtasida juda koʻp oʻxshashliklar borligiga e'tibor qaratgan. Masalan, Nyu Orleanda odamlar ustiga IShID bayrogʻi bogʻlangan mashinani haydab kamida 13 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan Shamsuddin Jabbor va Vegasda kibertrakni portlatgan Metyu Livelsberger Shimoliy Karolinada bitta harbiy bazada xizmat qilgan, bir vaqtda Afgʻonistondagi operatsiyalarda qatnashgan, mashinalarni ham bitta servis orqali ijaraga olgan.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron Italiyani “AQSh tufayli” janjallashmaslikka chaqirmoqda
Germaniyaga onlayn viza: yangi imkoniyatlar
AQSh eng kuchli qor boʻroniga tayyorlanmoqda
Husanovga Gvardiola qiziqayotganiga “Lans” ustozi qanday munosabat bildirdi?
Oqilona iste'mol qilish sirlari...
"Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi Pedru Moreyra futbolchilar bilan tanishdi
Noqonuniy qurilmalar buzdirildi
Rubin Xebay: "Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman"