22:20 / 05.01.2025
67

Xitoyda tarqalayotgan virus Qozogʻistonda ham aniqlandi

Xitoyda tarqalayotgan virus Qozogʻistonda ham aniqlandi
Illyustrativ foto: ChatGPT
Xitoyda asosan bolalar orasida inson metapnevmovirusi (HMPV) tarqalmoqda. Qoʻshni Qozogʻistonda ham 30 dan ortiq odam mazkur virusga chalindi. Bu haqda respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qozogʻistonda metapnevmovirusga chalinish 2024 yilning oktyabridan buyon kuzatilmoqda.

Epidemik mavsum boshlanganidan buyon respublika boʻyicha 8360 ta namuna grippga qarshi viruslarga tekshirildi. Ulardan 1866 tasida (22 foiz) musbat namunalar aniqlangan, jumladan, koronavirus — 206 ta (11,1 foiz), paragripp — 178 ta (9,5 foiz), bokavirus — 113 ta (6,1 foiz) va metapnevmovirus — 30 ta (1,6 foiz), deyiladi vazirlik xabarida.

Qoʻshimcha ma'lumotlarga koʻra, epidemiologik mavsum boshlanganidan buyon 2024 yilning oktyabridan ikki milliondan ortiq OʻRVI holatlari aniqlangan.

"Metapnevmovirus asosan havo-tomchi yoʻli bilan va kam hollarda kontakt-maishiy yoʻl bilan yuqadi. Infektsiyaning asosiy simptomlari yoʻtal, tumov, hansirash, isitma, bosh ogʻrigʻi. Maxsus davolash usuli yoʻq, simptomatik davolash qoʻllaniladi", deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi xabarida.

Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar bilan aloqa qilishni cheklashga chaqiradi.

HMPV nima?

Inson metapnevmovirusi yoki HMPV nafas yoʻllari infektsiyasini keltirib chiqaruvchi virus boʻlib, u oddiy shamollash va grippga oʻxshash belgilarni yuzaga keltiradi. Kasallik koʻpincha engil kechsa-da, ayniqsa chaqaloqlar, keksalar va immun tizimi zaiflashgan kishilarda pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Aslida virus yangi emas, lekin Xitoyning shimolida, ayniqsa, 14 yoshdan kichik bolalar orasida kasallanish holatlari koʻpaygani tufayli e'tiborni tortdi.

Birinchi marta 2001 yilda aniqlangan HMPV bir zanjirli RNK virusi boʻlib, nafas olish tomchilari yoki ifloslangan yuzalar bilan aloqa orqali tarqaladi. Bu infektsiyalar ilgari ham Buyuk Britaniya kabi turli mamlakatlarda qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo