17:47 / 06.01.2025
57

Isroil «Hizbulloh» bilan uzoq muddatli sulh tuzmoqchi(mi?)

Isroil «Hizbulloh» bilan uzoq muddatli sulh tuzmoqchi(mi?)
Foto: Reuters
Isroil Qoʻshma Shtatlar koʻmagida ayni paytda Livanning «Hizbulloh» harakati bilan noyabr oyi oxirida kelishilgan 60 kunlik oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini uzaytirishga harakat qilmoqda, deya xabar beradi Isroil matbuoti.

«AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning lavozimga kirishishidan olti kun oʻtib, 26 yanvarda 60 kun tugasa-da, Bayden ma'muriyati rasmiylari muammolarni hal qilishga va kelgusi ikki hafta ichida oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvining buzilishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda», — deb yozdi 5 yanvar, yakshanba kuni kechqurun The Jerusalem Post gazetasi Isroil hukumati vakilidan olingan ma'lumotlarga tayanib.

Gazetaning manbasiga koʻra, gap sulhni yana 30 kunga uzaytirishga urinish haqida ketmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shu kuni ertalab xavfsizlik boʻyicha maslahatchilari bilan keyingi harakatlarni muhokama etish uchun yigʻilish oʻtkazdi, deb yozadi The Jerusalem Post.

OAV: Muzokaralar AQSh ishtirokida boʻlib oʻtadi

Xabarga koʻra, amerikalik vositachi Amos Xoxshteyn 6 yanvar kuni Livanda «Livan siyosiy va harbiy etakchilari» bilan uchrashib, muzokaralar oʻtkazishni rejalashtirgan. AQSh Markaziy qoʻmondonligi general-mayori Jasper Jeffers Xoxshteyn bilan uchrashuvga boradi, deb yozadi The Jerusalem Post.

Oʻz navbatida, Isroilning boshqa bir nashri The Times of Israel xabariga koʻra, Isroil mudofaa vaziri Isroil Kas uning hukumati «harakat qilishga majbur boʻlishi», chunki «Hizbulloh» oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga rioya qilmayotgani haqida ogohlantirdi. Xususan, uning soʻzlariga koʻra, jangchilar haligacha Livan janubidan olib chiqilmagan, Livan armiyasi esa Isroil bilan chegaradosh zonadagi barcha qurol-yarogʻ va infratuzilmani yoʻq qilmagan.

Ayni paytda Isroil sulhning barbod boʻlishidan manfaatdor boʻlishi mumkin emas, deb yozadi The Jerusalem Post. Noyabr oyining oxiridan beri «Hizbulloh» chegaraning Livan tomonida kelishuvni yakka tartibda buzmoqda, biroq 27 noyabrda sulh boshlanganidan beri Isroil hududi raketa hujumlariga uchramadi, ilgari esa bu deyarli har kuni sodir boʻlgan.

Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi

Isroil parlamenti (Knesset) mamlakatdagi favqulodda holat (FH)ni yana bir yilga — 2025 yilning 25 dekabriga qadar uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi, deb xabar berdi 24 dekabr kuni Isroil OAV. Bu taklifni 120 deputatdan 29 nafari qoʻllab-quvvatladi, yana etti nafari qarshi ovoz berdi, qolganlari qatnashmadi yoki betaraf qoldi.

Shunday qilib, Knesset oʻzining Tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati hamda Adliya qoʻmitasi tavsiyalariga amal qildi. Favqulodda holat mamlakat hukumatiga favqulodda farmonlar, xususan, milliy qonunchilikdan ustun boʻlgan qoidalarni chiqarish imkonini beradi.

Knesset Isroildagi favqulodda holat muddatini oxirgi marta shu yilning may oyida uzaytirgan edi, biroq oʻshanda uning muddati olti oy boʻlgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo