22:20 / 06.01.2025
67

Rossiya Donbassdagi yana bir muhim shaharni egallagani aytilmoqda

Rossiya Donbassdagi yana bir muhim shaharni egallagani aytilmoqda
Foto: Getty Images
RF mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, shahar ustidan «toʻliq nazorat oʻrnatilgan». Rossiya harbiy idorasi Kuraxovoni Ukraina qurolli kuchlarining jami 15 ming harbiy xizmatchisidan iborat 26 ta batalyoni mudofaa qilganini qoʻshimcha qilgan.

Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi esa Kuraxovo boy berilganini tasdiqlamayapti. Ukraina QK bosh shtabi dushanba kuni ertalab bergan hisobotida oʻtgan bir kun davomida bu yoʻnalishda raqibning 27 ta hujumi qaytarilgani aytilgan.

BBC Ukraina xizmatining «Hortitsa» operativ-strategik qoʻshinlar guruhidagi suhbatdoshlari ham bir necha kun oldin Rossiya tomonining Kuraxovo toʻliq egallangani toʻgʻrisidagi bayonotlari — yolgʻon ekanini ma'lum qilgandi. Manbalar ukrain mudofaa kuchlari hali ham shaharning gʻarbiy qismidagi pozitsiyalarni ushlab turganini aytishgandi.

6 yanvar kuni oxirida esa Ukraina qurolli kuchlari shahar toʻliq raqib qoʻliga oʻtganini rasman rad etib, shahar ichkarisida hali harbiy harakatlar davom etayotganini da'vo qildi.

«Kuraxovo yoʻnalishida raqib shahardagi turar joylar hududida, Petropavlovka va Dachnoye yoʻnalishlarida hujum amaliyotlari oʻtkazmoqda. Raqibning bizning jangovar saflarimizgna suqulib kirishga urinayotgan shturmchi guruhlarini aniqlash va yoʻq qilish tadbirlari davom etmoqda», — deyilgan «Hortitsa» bayonotida.

Keng koʻlamli urushga qadar Kuraxovo shahrida 18 ming atrofida odam yashagan, u Donbass janubidagi muhim sanoat markazi hisoblangan.

«Zaporijjya — Donesk» trassasida joylashgani tufayli ushbu aholi yashash punkti ukrain qoʻshini Maryinka, Vuhledar va Krasnohorivka uchun janglar olib borganida ular uchun muhim logistik hab vazifasini oʻtagan.

Ammo 2024 yil mobaynida Rossiya armiyasi ogʻir janglar natijasida ukrainlarning ushbu shaharlar atrofidagi mudofaasini yorib oʻtdi va ularni okkupatsiya qildi. Bu Rossiya qoʻshiniga Kuraxovoga bir vaqtning oʻzida janub, sharq va shimol tomondan yaqinlashib kelishga imkon berdi.

Ukraina qurolli kuchlari ma'lum vaqt amalda yarim qurshov holatida pozitsiyalarni ushlab turishiga toʻgʻri keldi.

Soʻnggi kunlarda eng shiddatli janglar shaharning gʻarbiy chekkasidagi Kuraxovo IES va quvur zavodi joylashgan sanoat zonasida boʻlib oʻtayotgandi. Ushbu uchastkalar hozirgacha ukrain qoʻshini nazoratida qolayotgandi.

Ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashoves 3 yanvar kuniyoq Ukraina qurolli kuchlari amalda Kuraxovoni tark etgani haqida yozgandi.

«Menga ma'lum boʻlishicha, soʻnggi bir necha kun ichida Ukraina qurolli kuchlarining ilgʻor boʻlinmalari Kuraxovo IES hududidan toʻliq olib chiqilgan va shu tariqa Kuraxovo mudofaasi amalda yakunlangan…», — deya yozgandi sharhlovchi.

U ukrainlarning ilgʻor qismlari hamon Dachnoye qishlogʻini, shuningdek Yantarnoyega boruvchi yoʻlning bir qismini oʻz nazoratida ushlab turgani, ammo, katta ehtimol bilan, yaqin kunlar ichida Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo plasdarmining «qolgan qismi»ni ham tark etishga majbur boʻlishini aytgandi.

Asta-sekin qurshab olish

Ukraina qurolli kuchlari 2024 yilning katta qismi davomida raqibni Kuraxovoning sharqiy chekkalarida — Georgiyevka va Maksimilyanovka qishloqlari hududida toʻxtatib turdi. Shahar shimoli yirik Kuraxovo suv ombori bilan himoyalangandi.

Ammo oktyabr oyi boshida Rossiya armiyasi Vuhledarni egallab olgach, vaziyat asta-sekinlik bilan yomonlashib bordi. Shundan keyin ruslar tezlik bilan Kuraxovoga janubiy qanotdan yaqinlasha boshladi.

Ukrainlar bu yurishni Suxiye Yali daryosi boʻylab, ya'ni shahardan 7-8 km janubroqda toʻxtatib turdi.

Harbiy harakatlarga qaramay, Kuraxovoda mingga yaqin tinch aholi vakillari qolgan
Ammo bu vaqtga kelib rossiyalik harbiylar boshqa yoʻnalishlarda Kuraxovoga kirib, ukrain kuchlarini gʻarbiy chekkadagi sanoat zonasiga siqib chiqarishni boshlagandi. Dekabr oyiga kelib Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari faqat IES va truba zavodi hududida saqlanib qolgandi.

Shimol tomonda Ukraina qurolli kuchlari birin-ketin Krasnohorivka, Gornyak va Stariye Terni posyolkalarini qoʻldan chiqardi.Shu tariqa, rossiyaliklar ukrainlarni suv ombori sohillaridan butunlay chekintirishga erishdi.

Vaziyatni Rossiya armiyasi dekabr oxirida Kuraxovodan gʻarbda, Andriyivka, Ulakli va Konstantinopol qishloqlari hududida «Zaporijjya-Donesk» trassasiga chiqqani fakti ham murakkablashtirdi. Shu tariqa, ukrain garnizoniga ta'minot etkazib berish maksimal darajada qiyinlashdi, trassalar toʻsib qoʻyilishi uni toʻliq qurshov xavfi ostida qoldirdi.

Bundan tashqari, yanvar boshida rossiyaliklar ukrainlarning Dachnoye qishlogʻidagi istehkomiga yaqinlashib keldi. Bu qishloq Kuraxovodan gʻarbda joylashgan.

Qurshovga tushib qolmaslik uchun ukrain armiyasi kuchlari bosqichma-bosqich gʻarbiy yoʻnalishdagi ushbu «choʻntak hudud»ni tark eta boshladi va yakunda shaharni tashlab chiqdi.

Rossiya uni okkupatsiya qilgach, amalda Donbass janubini toʻliq nazoratiga oldi va Dnipropetrovsk oblasti bilan ma'muriy chegaralarga deyarli etib keldi.

Kuraxovo egallanishi RF armiyasiga kelgusida Zaporijjya tomon yurish qilish uchun sharoit yaratadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo