Foto: Reuters
Ukraina qoʻshini Kursk oblastida keskin faollashuvi Rossiya armiyasining Donbassda davom etayotgan yurishi va bu hududdagi yana bir muhim shahar, Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovsk janubidagi tayanch punkti hisoblangan Kuraxovoni egallashi fonida roʻy bermoqda. Ukraina qoʻmondonligi oʻz zaxiralarini Rossiya hujumini qaytarish uchun emas, balki butunlay boshqa yoʻnalishda hujum qilish uchun yuborish qaroriga nima sabab boʻlishi mumkin?
Soʻnggi bir necha hafta davomida Rossiyadagi harbiy pabliklar ukrain qismlari shimoliy yoʻnalishga olib oʻtilayotgani va navbatdagi yurishga tayyorgarlik koʻrilayotgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatishdi, bu xabarlarda yangi zarba yoʻnalishi boʻyicha turli versiyalar ilgari surildi.
Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi odatda biror amaliyot boshlaganida axboriy sukunat rejimini kiritib, ukrain nashrlaridan bunga amal qilishni talab etadi. Ammo bu safar Ukraina bosh shtabining rasmiy xabarlarida ham sodir boʻlayotgan voqealar koʻlamli sezilib turibdi.
«Kurskda ayni vaqtda 42 ta jangovar toʻqnashuv roʻy berdi», — deyiladi 5 yanvar kungi hisobotda. Shu bilan birga, soʻnggi vaqtlarda frontning eng qaynoq nuqtasi boʻlib turgan Pokrovsk yoʻnalishida, Ukraina harbiy idorasi ma'lumotlariga koʻra, kun davomida 36 ta jangovar toʻqnashuv qayd etilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Oleksandr Sirskiyning yangi yilning ilk kunida Kursk oblastiga borishi, shuningdek, 5 yanvar kuni Rossiya mudofaa vaziri Yunus-Bek Evkurov shoshilinch ravishda Kurskka yoʻl olishi ham e'tiborga molik.
Ayni vaqtda ukrainlar Sudjadan shimoli-sharqdagi Bolshoye Soldatskoye qishlogʻi va Berdin xutori tomon harakatlanmoqda. Ushbu aholi yashash manzillari oblast markazi va Kursk AES joylashgan Kurchatov shahriga olib boruvchi trassa boʻyida joylashgan. Ukraina qurolli kuchlari Sudja shahridan shimoli-gʻarb va sharq tomonda ham hujumga oʻtgani xabar qilingan.
Birinchi zarbadan keyin jiddiy natijalar yoʻqligida ukrain qoʻmondonligining rejasi qanday ekani boʻyicha xulosa qilish qiyin, ammo voqealar rivojlanishda davom etmoqda.
Amerikadagi urushlarni oʻrganish instituti (ISW) Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida taktik yutuqlarga erishayotganini yozgan.
Institut ma'lumoti 5 va 6 yanvar kunlari e'lon qilingan geolokatsiya kadrlariga asoslangan. Ular Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimoli-sharqda: Berdin janubida, undan gʻarbdagi Russkoye Porechnoyeda va undan sharqdagi Novosotniskiyda ilgarilagan.
Tahlilchilar qayd etishicha, Rossiya mudofaa vazirligi va harbiy blogerlar Rossiya armiyasi ukrainlarning mexanizatsiyalashgan guruhlarining Berdin va Novosotniskiy atrofidagi hujumlarini qaytargani haqida xabar qilgandi.
Bundan tashqari, institut ma'lumotiga koʻra, 6 yanvar kuni Rossiya kuchlai ukrainlarning Sudja shimoli-sharqida hujumga oʻtishidan Kursk oblastining boshqa qismlaridagi ukrain boʻlinmalariga hujum qilish uchun foydalangan. 5 yanvarga oid geolokatsiya xaritalari rossiyalik harbiylar Sudjadan shimoli-gʻarbda joylashgan Malaya Loknya gʻarbiga hujum qilayotganini koʻrsatmoqda.
ISW Rossiya armiyasi, katta ehtimol bilan, 177-dengiz piyodalari polkini Zaporijjya oblasti gʻarbidan Kursk oblastiga olib oʻtganini qayd etgan. RF mudofaa vazirligi bayonotida Kursk oblastida «Kaspiy dengiz piyodalari» dronlari harakatlanayotgani aytilgan. 5 yanvarga oid geolokatsiya xaritalari koʻrsatishicha, Ukraina qurolli kuchlari, katta ehtimol bilan, quruqlik amaliyotini qoʻllab-quvvatlash uchun Kursk oblasti ichkarisidagi nishonlarga zarbalar bermoqda.
2024 yil avgustida, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirganida, amaliyotdan koʻzlangan maqsadlardan biri sifatida Rossiya armiyasini Donesk oblastidagi yurishdan chalgʻitish ekani keltirilgandi. Bu vazifaga faqat qisman erishildi.
Rossiya Kursk oblastiga Ukraina hududidan kattagina qoʻshin olib ketishiga toʻgʻri keldi, ochiq manbalarga koʻra — 55 ming harbiy xizmatchi Kursk frontiga jalb etilgan, ammo Donbassdagi asosiy yoʻnalishda ham hujumlar toʻxtab qolmadi. Ammo Moskve ham besh oy davomida Kursk oblasti muammosini hal etolmadi.
Soʻnggi vaqtlarda rossiyalik koʻplab harbiy pabliklar Ukraina qoʻshini shimoliy yoʻnalishga jamlanayotgani haqida yozgandi
Ukraina qurolli kuchlarining hozirgi faollashuvi frontning mazkur uchastkasidagi mavjud nisbiy muvozanatni buzish, Kursk oblastidagi boshqa yirik aholi yashash manzillariga jiddiy tahdidlar yaratish va Rossiya qoʻmondonligini bu yoʻnalishda yanada kattaroq zaxiralarni oʻtkazishga majburlashga urinishdek koʻrinmoqda.
Agar reja chindan ham shunday boʻlsa va bunga erishilsa, Rossiya tomoni uchun asosiy muammo — bu zaxiralarni qayerdan olish masalasi boʻlishi mumkin. Rossiyaning «Sever» qoʻshinlar guruhining asosiy kuchlari Xarkiv oblastidagi chegara janglari bilan band qilingan, boshqalari Bryansk va Belgorod oblastlarida ehtimoliy xavfli yoʻnalishlarda ushlab turilishi talab etiladi.
Ammo agar Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yangi yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan boʻlsa, Ukraina qoʻmondonligi uchun ham yoqimsiz savollar tugʻilishi mumkin, ayniqsa, Donbass hududidagi frontni barqarorlashtirishning imkoni boʻlmayotgani hisobga olinsa. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Fargʻonada mas'uliyatsiz enaga jinoiy ish doirasida tergovga tortildi
Xitoyda tarqalayotgan virus Qozogʻistonda ham aniqlandi
Politico 2025 yilning ehtimoliy voqealari roʻyxatini tuzdi
Oʻzbekiston yoʻllarida quyosh panelli radarlar oʻrnatiladi (video)
Amerika Qoʻshma Shtatlarida favqulodda holat e'lon qilindi
Ertaga vodiy viloyatlarida qor va yomgʻir yogʻishi mumkin
“Kalmar oʻyini”dagi doira, uchburchak va kvadratlar nimani anglatadi?
Bugundan boshlab Nyu-York markaziga kirish pulli boʻldi