08:26 / 08.01.2025
96

AQSh “Tolibon” bilan mahbuslar almashinuvi boʻyicha muzokaralar olib bormoqda

AQSh “Tolibon” bilan mahbuslar almashinuvi boʻyicha muzokaralar olib bormoqda
Foto: eurasialaw-journal.
AQSh ma'muriyati “Tolibon” bilan “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining oʻldirilgan rahbari Usama bin Ladenning izdoshi ekani aytilayotgan shaxsni Afgʻonistonda hibsda saqlanayotgan uch nafar Amerika fuqarosiga almashtirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.

Nashr ma'lumotlariga koʻra, gap AQShning Guantanamo qamoqxonasida saqlanayotgan yuqori martabali terrorchi Muhammad Rahim al-Afgʻoniy haqida ketmoqda. Taxminlarga koʻra, al-Afgʻoniy bin Ladenning yuqori lavozimli yordamchisi boʻlgan. Bayden ma'muriyati 14 noyabr kuni toliblarga ushbu shaxsni 2022 yildan beri Afgʻonistondagi qamoqxonada saqlanayotgan AQSh fuqarolari Jorj Glezman, Rayan Korbett va Mahmud Habibiyga almashtirishni taklif etgan.

WSJ'ning aniqlik kiritishicha, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden hali bunday ayirboshlash boʻyicha qaror qabul qilmagan. Shu bilan birga, AQSh Kongressi Vakillar palatasining respublikachi a'zosi Maykl Makkol bunday kelishuvni foydali emas deb baholagan.

Amerika rahbari toliblarga shunday yuqori martabali shaxsni topshirish orqali tanqidga uchrashi mumkin”, deyiladi xabarda.

The Sun nashri avvalroq Bayden Guantanamodan Yamanlik 11 kishini ozod qilgani, ulardan ikkitasi bin Ladenning shaxsiy qoʻriqchilari ekani haqida xabar bergan edi. Ulardan biri Moat Hamza Ahmad al-Alviy ekstremistik qarashlarga amal qilishda davom etmoqda. Ikkinchisi, Suhayl Abdul Anom al-Sharabiy 2001 yil 11 sentyabr voqealariga aloqadorligi aytilmoqda.

WSJ xabariga koʻra, muzokaralar iyul oyidan beri davom etmoqda. Ushbu ma'lumot 2024 yilning dekabr oyida Oq uyning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ishtirokida oʻtkazilgan maxfiy brifingida qatnashgan manbalar tomonidan tasdiqlangan.

23 dekabr kuni Bayden oʻlim jazosiga hukm qilingan 37 nafar AQSh fuqarosini afv etgan edi. Ularga tayinlangan oliy jazo muddatidan ilgari ozod qilish imkoniyatisiz umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan. Oq uyning ushbu voqea haqidagi bayonotida AQShning amaldagi prezidenti oʻlim jazosiga qarshi ekanligi aytilgan.

AQShning saylangan prezidenti respublikachi Donald Tramp oʻsha kuniyoq Baydenning qarorini qattiq tanqid qildi. U ushbu mahbuslar qotillik uchun oʻlim jazosiga hukm qilinganini va ularning afv etilishi qurbonlarning xotirasiga hurmatsizlik ekanligini ta'kidladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo