Ijtimoiy tarmoqlarda Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asmo Asad Buyuk Britaniya va AQSh josuslik xizmatlari bilan hamkorlik qilgani haqida xabar tarqaldi.
Turkiyaning «Yeni Şafak» gazetasi yozishicha, bu haqdagi hujjatlarni suriyalik jurnalist Nizar Nayuf va «Watanserb» media tashkiloti chop etgan.
Ushbu hujjatlarga koʻra, Asmo Asad (qizlik familiyasi – al-Axras) Bashar Asadga turmushga chiqqunga qadar, 1992 yildan boshlab Britaniyaning MI5 va MI6 razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgan va Suriyaning ichki hamda tashqi siyosatini shakllantirishda muhim oʻrin tutgan.
Hujjatlardan anglashilishicha, Asmo Asad Londondagi J.P. Morgan bankida ishlagan payti parallel ravishda ingliz razvedkasiga ma'lumot yigʻish bilan shugʻullangan. 1992 yil dekabr oyida Asmo, uning onasi Saxar al-Atrissiy, Bashar Asad (bu paytda Suriya prezidenti Hofiz Asadning shunchaki oʻgʻli maqomida) hamda MI5 razvedka xizmati katta zobiti Eliza Manningem-Buller ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtgani iddao qilinadi. Ma'lumot oʻrnida, Eliza Manningem-Buller 2002-2007 yillarda MI5 razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan. Hujjatda mazkur uchrashuvda Suriya va Isroil oʻrtasidagi tinchlik muzokaralari muhokama qilingani aytiladi.
1994 yil dekabrga oid hujjatda esa Buyuk Britaniyaga safarlari davomida Bashar Asad ingliz maxfiy xizmati kuzatuvi ostida boʻlgani qayd etiladi.
Hujjatlarda Asmo Asad AQSh milliy xavfsizlik kengashi bilan ham hamkorlik qilgani da'vo qilinadi.
«Middle East Eye» nashrining yozishicha, Asmo Asad josuslik qilgani haqidagi hujjat soxta deb baholanmoqda. Hujjat qalbaki ekanini tasdiqlovchi dalillardan biri shuki, 1992 yilga mansubligi aytilgan qogʻozdagi yozuvlar 2015 yilda ixtiro qilingan shriftda yozilgan.
Asmo Asad 1975 yilda Londonda suriyaliklar oilasida tugʻilgan. Uning onasi Suriya elchixonasi xodimi, otasi esa shifokor edi. Oʻziga toʻq oilada oʻsgan qiz nufuzli maktab va oliy oʻquv yurtlarida tahsil olgan, arab, ingliz, frantsuz va ispan tillarini oʻrgangan. «Doyche bank» (Germaniya) J.P.Morgan (AQSh) kabi nufuzli shirkatlarda ishlagan. Londondalik chogʻlarida u Suriya prezidenti Hofiz Asadning oʻgʻli Bashar bilan tanishadi. U mahallar Bashar Asad yosh oftalmolog sifatida Londonga malaka oshirishga tez-tez borib turar edi. Shu tariqa 2000 yilda ular turmush quradi. 25 yoshiga qadar Londonda yashagan Asmo xonim endi mamlakat birinchi xonimi sifatida Damashqni manzil-makon tutadi.
Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mobaynida prezident Bashar Asad xalqaro maydonda yomonotliq boʻldi. U yuz minglab odamni qirgan, oʻz xalqiga qarshi kimyoviy qurol qoʻllagan va koʻzini hokimiyat qutqusi koʻr qilgan mustabid sifatida tanqidga uchradi. Asmo Asad esa erining jinoyatlarida sheriklikda ayblandi.
2021 yildayoq Buyuk Britaniya politsiyasi Suriyadagi fuqarolar urushi paytida terroristik hujumlarni qoʻzgʻatishda aybdorlikda gumon qilib, Asmo Asadga nisbatan dastlabki tergovni boshlagandi.
Avvalroq Bashar Asad oʻz oʻrniga rafiqasini tayinlashga hozirlik koʻrayotgani haqida ham ovoza tarqalgan, Asmo xonim parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi turli siyosiy guruhlar uchun maqbul nomzod boʻlishi mumkinligi aytilgan edi.
2024 yil 8 dekabr kuni Asad rejimi qulashi ortidan Asmo Asad ham eri bilan birga Rossiyaga qochdi. Ayrim turk va arab nashrlari Asmo Asad 24 yillik turmushidan keyin ajrashish uchun ariza bergani va oʻzi tugʻilib oʻsgan London shahrida yangi hayot boshlashni xohlayotganini yozdi. Biroq Buyuk Britaniya TIV mamlakat uni qabul qilishga tayyor emasligini ma'lum qildi.
Kreml ham Asadlar oilasi ajrashayotgani haqidagi xabarni rad etib chiqdi.
Xabarlarga qaraganda, Asmo Asad leykemiya (qon saratoni) tufayli yakkalash tartibiga oʻtkazilgan. Shifokorlar uning yashash imkoniyatini «50/50» deb baholashmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Zelenskiy Ramshtaynda Gʻarbni Ukrainaga qoʻshin yuborishga chaqirdi
Germaniya kansleri Ukrainaga beriladigan 3 mlrd yevrolik yordamni blokladi
Eron generali: “Rossiya Asadning dushmanlari oʻrniga Suriyadagi boʻsh sahroni bombardimon qilgan”
Rossiyalik siyosatchi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni haqorat qildi
Britaniya 3 mingga yaqin oʻzbekistonlikni ish bilan ta'minlaydi
Tramp Putin u bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi (video)
Zelenskiy ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanishga qaror qildi
Dunyodagi eng qashshoq prezident saratondan davolanishga qarshi chiqdi