19:20 / 10.01.2025
17

Daniya Trampning Grenlandiya bilan bogʻliq niyatlari jiddiyligi haqida ogohlantirildi

Daniya Trampning Grenlandiya bilan bogʻliq niyatlari jiddiyligi haqida ogohlantirildi
Saylangan prezident Donald Trampning maslahatchilari va ittifoqchilari Daniya rasmiylarini uning Grenlandiyani sotib olish niyati jiddiyligidan ogohlantirdi, deb xabar berdi CNN Daniyaning nomi ochiqlanmagan rasmiylariga tayanib.

Kopengagenda qirollikning yaqin ittifoqchisi va NATO a'zosi boʻlgan AQSh bilan munosabatlarni buzmasdan, Trampning gʻoyasiga qanday javob berish masalasini sinchkovlik bilan oʻrganmoqdalar, deya xabar berdi telekanal.

Tramp birinchi marta 2019 yilda Daniyaning avtonom hududi boʻlgan Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan edi, ammo hozir, daniyalik yuqori martabali amaldorning soʻzlariga koʻra, «bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlayotgan ekotizim butunlay boshqacha». «Bunisi ancha jiddiyroq tuyilyapti», — dedi CNN`ning boshqa suhbatdoshi.

AQSh va Daniya rasmiylarining ta'kidlashicha, ular saylangan prezidentning Grenlandiyaga boʻlgan ishtiyoqini tushungani yoʻq, chunki AQSh allaqachon orol bilan oʻn yillik mudofaa kelishuviga ega, bu esa u erda Amerika harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirishga imkon bergan.

Pentagon vakili CNN telekanaliga bergan intervyusida AQSh Grenlandiyaning Daniyadan mustaqillikka intilishidan xavotirda ekanini aytdi. Bunday stsenariyda orol siyosiy jihatdan «notinchroq» va Rossiya yoki Xitoy ta'siriga «zaifroq» boʻlishi mumkin.

Bu hafta Donald Tramp Grenlandiya «milliy xavfsizlik uchun» AQSh nazoratiga oʻtishi kerakligini aytgandi. «Odamlar aslida Daniyaning unga qandaydir qonuniy huquqlari bor-yoʻqligini bilmaydi, lekin agar boʻlsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman», — dedi u.

Tramp, shuningdek, AQSh Daniyadan eksportga yuqori bojlar joriy etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va orolni bosib olish uchun harbiy kuch ishlatishni istisno qilishdan bosh tortdi.

Trampning bayonotlari allaqachon AQSh hamkorlari va ittifoqchilari bilan keskinlikni keltirib chiqarmoqda, deb yozadi CNN. Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orol AQSh va Daniya oʻrtasidagi siyosiy janglarda qatnashishni istamasligini bildirdi. «Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli. Kelajagimiz, mustaqillik uchun kurash — bizning ishimiz. Boshqalar, jumladan, daniyaliklar va amerikaliklar ham oʻz fikriga ega boʻlishga haqli boʻlsa-da, biz isteriya va tashqi bosimga berilmasligimiz kerak… Kelajak bizniki va uni biz shakllantirishimiz kerak», — dedi u.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, oʻz navbatida, AQSh Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatishi mumkinligiga shubha bildirdi. «Bunday darajaga etib borishimiz mumkinligini tasavvur qilish uchun menda tasavvur etishmaydi», — dedi Frederiksen. U AQShning Grenlandiyaga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatladi, lekin bu orol aholisiga «hurmat» bilan amalga oshirilishi kerakligini ta'kidladi.

Trampning hududiy da'volariga Germaniya va Fransiya ham munosabat bildirdi. Germaniya kansleri Olaf Shols: «Chegaralarning daxlsizligi printsipi har bir davlatga nisbatan qoʻllanadi», — dedi. Uning qoʻshimcha qilishicha, har bir davlat, xoh kichik boʻlsin, xoh juda qudratli — unga rioya qilishi kerak.

«Evropa Ittifoqining oʻz suveren chegaralariga dunyoning boshqa davlatlari tomonidan hujum qilinishiga yoʻl qoʻymasligiga hech qanday shubha yoʻq», — deya ta'kidladi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barr.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo