22:49 / 11.01.2025
0

Kurskda ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirga olindi (foto)

Kurskda ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirga olindi (foto)
Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainalik harbiylar Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olganini ma'lum qildi.

Ikkala asir ham Kiyevga joʻnatilgan, hozirda ular bilan Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) tergovchilari ish olib bormoqda.

Jangchilarimiz Kursk viloyatida Shimoliy Koreyadan kelgan harbiylarni asirga oldi. Ikki askar ham yaralangan, ammo omon qolgan”, deb yozdi Zelenskiy oʻzining Telegram kanalida.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
Zelenskiyga koʻra, ularni qoʻlga olish operatsiyasi murakkab kechgan. U boshqa harbiy asirlar singari KXDRdan kelgan asirlarga ham zarur tibbiy yordam koʻrsatilayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u “dunyo haqiqatni bilishi uchun” UXXga jurnalistlarning asirlar oldiga kirishini ta'minlashni topshirdi.

Xavfsizlik xizmati ma'lumotlariga koʻra, asirga olingan shimoliy koreyaliklar na ukrain, na rus va na ingliz tillarida gaplashadi. Ulardan birida boshqa shaxsning nomiga berilgan Rossiya nusxasidagi harbiy guvohnoma boʻlgan, ikkinchisi hujjatsiz.

Asirlardan biri Rossiyaga jangovar harakatlarda qatnashish uchun emas, balki mashqlarda ishtirok etish uchun kelganini ta'kidlagan. Uning sherigi ham bu gapni tasdiqlagan.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
UXXning aniqlik kiritishicha, 2005 yilda tugʻilgan harbiy asirlardan biri 2021 yildan beri KXDR armiyasida oʻqchi sifatida xizmat qilgan. 1999 yilda tugʻilgan ikkinchi askar esa 2016 yildan beri mamlakat armiyasida mergan-razvedkachi boʻlgan.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
2024 yil dekabr oyida Ukraina QK ilk bor Rossiya tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan shimoliy koreyalik askarni asirga olganini ma'lum qilgandi. Koʻp oʻtmay Janubiy Koreya razvedkasi mazkur asir vafot etgani haqida xabar bergan.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
Ukraina hukumati 2024 yilning oktyabr oyida jangovar harakatlar hududida shimoliy koreyalik harbiylar borligini qayd etgandi. Bu ma'lumotni Janubiy Koreya razvedkasi va AQSh Mudofaa vazirligi ham tasdiqlagan. Ukraina va uning gʻarblik ittifoqchilari ma'lumotlariga koʻra, KXDR Rossiyaga kamida 10 ming askar yuborgan.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
New York Times'ga koʻra, shimoliy koreyalik harbiylar va Ukraina kuchlari oʻrtasidagi dastlabki toʻqnashuvlar 2024 yil noyabr oyida Kursk viloyatida yuz bergan.

Foto: Vladimir Zelenskiy Telegram kanali
Janubiy Koreya Qoʻshma shtablar qoʻmitasi 23 dekabr kuni KXDRning mojarodagi yoʻqotishlari 1100 kishini tashkil etganini ma'lum qilgan. Vladimir Zelenskiy 9 yanvar kuni Ramshtaynda boʻlib oʻtgan Ukraina boʻyicha yigʻilishda soʻzga chiqib, Shimoliy Koreya Kursk viloyati hududida 4 ming askarini yoʻqotganini aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo