Foto: osnmedia.ru
Yangi yilda Rossiya qoʻshini qoʻmondonlik 2024 yil oxirida rejalashtirgan yurishni davom ettirdi. 31 dekabr kuni RF qurolli kuchlari Kuraxovodagi ukrain garnizonining soʻnggi bazasi joylashgan sanoat zonasini egalladi va shahardan chekingan ukrain boʻlinmalarini qanotlardan oʻrab olish uchun hujum qilmoqda. Qoʻshni Pokrovskdan janubda Rossiya armiyasi raqib mudofaasidagi zaif nuqtani topdi. Rossiyalik harbiylar katta kuch bilan Solenaya daryosini kechib oʻtdi. Ukraina qurolli kuchlari daryo boʻylab mudofaa chizigʻi oʻrnatishga harakat qilgandi. Nihoyat, yangi yil boshida RF qurolli kuchlarining Pokrovskdan sharqdagi kuchlari ham harakatga keltirildi, uning vazifasi shaharni shimoldan aylanib oʻtish hisoblanadi.
Bundan tashqari, Rossiya qoʻshini Doneskdan shimolda yirik Toresk aglomeratsiyasini egallashni yakunlamoqda. Rossiyaning boshqa guruhlari yurish qilayotgan yoʻnalishlarda esa oldinga siljish qiyin kechmoqda. Kursk oblastida janglar kulminatsiyaga yaqinlashmoqda. Navbati bilan amalga oshirilayotgan hujumlarda ikki tomon ham katta yoʻqotishlarga uchramoqda. RF qurolli kuchlari, ukrainlarning muntazam qarshi hujumlariga qaramay, ukrain mudofaasidagi muhim punktlarga yaqinlashib kelgan — ammo ular hozircha hal qiluvchi zarbani bera olmadi.
Kursk oblasti
Yanvarning ilk kunlarida RF qurolli kuchlari Sudja shahri tomon bir necha yoʻnalishdagi yurishning navbatdagi bosqichini boshladi. Bu Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumlari bilan kechmoqda va ikki tomon navbati bilan hujumga oʻtmoqda. Koʻp holatlarda jang maydonidagi ustunlik Rossiya qoʻshinlari qoʻlida boʻlmoqda, ammo, ular katta ehtimol bilan oʻz oldiga qoʻyilgan barcha vazifalarni bajara olmayapti.
Rossiya yurishidagi asosiy maqsad Sudjadan shimoli-gʻarbdagi Malaya Loknya edi. Bu ukrainlar mudofaasidagi muhim pozitsiya sanaladi: Ukraina qurolli kuchlarining Malaya Loknyadagi guruhi rossiyaliklarning bir necha oydan buyon Korenevo — Sudja yoʻli boʻylab olib borilayotgan yurishi qanotiga shimol tomondan tahdid solib turibdi. Avvallari ukrainlar qarshi hujumlari bilan RF qurolli kuchlariga Novoivanovka qishlogʻini egallashga toʻsqinlik qilgandi, endi esa Lebedevka — Sverdlikovo chizigʻi boʻylab mudofaalanmoqda. Ukrainaning Kursk oblastidagi qoʻshiniga ta'minot etkazib beriladigan yoʻllardan biri Sverdlikovo orqali oʻtadi.
Dekabr oyida RF qurolli kuchlari shimoldan Malaya Loknya yoʻnalishida hujum qilgandi, ammo hujumlar qaytarildi. Endi Rossiya qoʻshini (videolarga koʻra, ularning shimoliy koreyalik ittifoqchilari ham) ushbu shahar tomon gʻarb va sharqdan harakatlanmoqda.
Gʻarbda ular Kruglenkoye qishlogʻini egallab, Malaya Loknya chekkasidagi Nikolayevkaga etib kelgan, ammo shu erda ukrainlarning qarshi hujumlari tufayli toʻxtatilgan.
Shimoli-sharqda ruslarning yurishi ukrainlarning Berdin xutori yoʻnalishidagi vaqti-vaqti bilan amalga oshirilayotgan qarshi hujumlariga toʻqnashmoqda. Bu erda bir kun ichida bir necha kilometrga ilgarilagan ukrain qoʻshini yoʻqotishlarga uchragan va ortga chekingan. RF qurolli kuchlari qoʻshni Russkoye Porechnoye qishlogʻini egallashga muvaffaq boʻlgan.
Malaya Loknya tomon yurish ogʻir kechayotganiga qaramay, Rossiya qoʻshini oxir-oqibat Novoivanovkani egallab, yanada gʻarbroqdagi Leonidovo tomon yurishda davom edi. Ammo Sverdlikovo va Sudjaning gʻarbiy chekkalariga etib borishga hali ancha bor.
Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Maxnovka qishlogʻining bir qismini egallab, Sudjaga janubdan yaqinlashgan. Uyogʻiga oʻta olishmagan: Ukraina mudofaasi Smerditsa daryosi boʻylab oʻtgan.
Kuraxovo
31 dekabr kuni RF qurolli kuchlari Kuraxovo gʻarbidagi sanoat zonasini egalladi — bu Ukraina qurolli kuchlarining shahardagi soʻnggi mustahkamlangan hududi edi (shu bilan birga, ukrainlarning ayrim boʻlinmalari keyingi kunlarda ham shahar hududida qolishgan). Bunga Kuraxovo janub va shimoldan oʻrab olinib, shahar ta'minotini qiyinlashtirish evaziga erishildi. Bundan tashqari, ukrain qoʻshini RF qurolli kuchlarini janubda (Suxiye Yali daryosi boʻylarida) va shimolda (Volchya daryosida) toʻxtatish uchun juda koʻp kuch sarflashiga toʻgʻri kelgandi.
Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovodan olib chiqilganiga qaramay, ular hamon shahar gʻarbidagi hududda qurshovga tushish xavfi ostida turibdi. Rossiya qoʻshini Suxiye Yali va Volchya daryolari boʻylab gʻarb tomon ilgarilashni davom ettirmoqda. Ukraina qurolli kuchlari hozircha chekinish uchun yagona yoʻl boʻlgan Donesk — Zaporijjya trassasini oʻz nazoratida saqlab qolmoqda, ammo yoʻl RF qurolli kuchlari tomonidan toʻsib qoʻyilishi xavfi ham mavjud.
Pokrovsk
Rossiya qoʻshini 2024 yilgi hujumlar natijasida qoʻlga kiritilgan ustunlikdan foydalanishda davom etmoqda: Pokrovsk va Kuraxovo oraligʻidagi amalda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yaxshi himoyalanmagan boʻlib chiqdi. Endi RF qurolli kuchlari ushbu oraliqda keng front boʻylab gʻarb tomon siljimoqda.
Shu bilan bir vaqtda, Rossiya armiyasi Pokrovskni janubi-gʻarbdan oʻrab olishga harakat qilmoqda — bu shaharni egallash boʻyicha amaliyot boshlanishi boʻlishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari raqibni Solenaya daryosi chizigʻida ushlab turishga urinmoqda, ammo Rossiya qoʻshini bir necha joydan daryoning shimoliy sohiliga oʻtishga ulgurgan. Ukraina qoʻshini bir necha hafta davomida RF qurolli kuchlarini Solenaya boʻyidagi Shevchenko qishlogʻida joylashgan plasdarmdan surib chiqarishga urindi, ammo kichik daryoni boshqa nuqtalardan ham kechib oʻtgan rus boʻlinmalari ularni aylanib oʻtgan.
Rossiya armiyasining ilgʻor boʻlinmalari Pokrovsk gʻarbidagi Udachnoye posyolkasidan uch-toʻrt kilometr janubga etib borgan. Udachnoye yaqinida Ukrainadagi eng yirik kokskoʻmir konlaridan biri joylashgan. RF qurolli kuchlarining yurish oʻqi aynan ushbu posyolkaga qaratilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskka janubdan qilinayotgan yurishni toʻxtatishga urinayotgan mahalda, shahar sharqida RF qurolli kuchlarining boshqa bir boʻlinmasi faollashgan. Rossiyaning bu yoʻnalishdagi qoʻshini bir necha oylik jimlikdan keyin Pokrovsk — Konstantinovka yoʻli yoʻnalishidagi Vozdvijenka qishlogʻi hududida yurish boshladi. Katta ehtimol bilan, bu guruh kelgusida Pokrovsk hamda uning shimoli-sharqidagi yoʻldosh shaharchalarni egallab olishga harakat qiladi.
RF qurolli kuchlari Pokrovsk va Konstantinovkani bogʻlovchi yoʻlga chiqishi ikkinchi shahar mudofaasini qiyinlashtiradi. Ayni vaqtda Toresk aglomeratsiyasini egallash jarayonini yakunlayotgan rus boʻlinmalari tez orada Konstantinovkaga janubdan tahdid sola boshlashi mumkin.
Toresk
Rossiya armiyasi koʻp oylik ogʻir janglardan keyin Toresk shahri markazida Ukraina garnizoni qarshiligini engishga muvaffaq boʻldi. Butun shahar boʻylab oʻtgan RF qurolli kuchlari shaharning shimoliy chekkasiga chiqqan. Bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik oʻchoqlari faqat binolarda va konlarning terrikonlarida saqlanib qolgan.
Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Toreskning gʻarbiy chekkasidan oʻtgan Donesk — Slovyansk temiryoʻli boʻylab shimolga harakatlanmoqda.
Rossiya qoʻshini Konstantinovka va Chasiv Yar shaharlari janubiga etib borishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Ukraina qurolli kuchlari Toresk shimolida yangi mudofaa chizigʻi tashkil etishga urinib koʻradi.
Kupyansk
RF qurolli kuchlari Oskol daryosi boʻyiga chiqish uchun keng front boʻylab yurishini davom ettirmoqda. Lekin bir necha guruhlarning hudumlari oʻzaro sinxron emas.
Kupyanskdan shimolda rus qoʻshini daryoni kechib oʻtib, gʻarbiy sohilda barqaror plasdarm tashkil etgan. Ular bu erdan, katta ehtimol bilan janubga, Kupyanskning gʻarbiy qismiga yurish qilishi kerak. Ammo hozircha plasdarm shimolida — Dvurechnaya qishlogʻi uchun janglar bilan band boʻlib qolmoqda.
Shahardan janubda RF qurolli kuchlari kuzdayoq Oskol daryosiga etib kelgandi va daryo boʻylab shimolga, Kupyanskning oʻziga hamda qarama-qarshi yoʻnalishdagi Borovayaga tomon harakatlanmoqda.
Yanada janubda, bir necha yoʻnalishda yurish qilayotgan Rossiya boʻlinmalari hali daryoga etib kelmagan (katta ehtimol bilan, tez orada etib kelolmaydi ham).
Bu yoʻnalishdagi yurishlarning haqiqiy maqsadi — Oskol Severskiy Donesga quyiladigan nuqtada joylashgan Liman shahriga etib borish, kelgusida Kramatorsk va Slovyansk aglomeratsiyalariga chiqish — bu esa kuchlarning hozirgi nisbatida u qadar real maqsad boʻlib koʻrinmayapti.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron yangi kamikadze-dron yaratdi
Habib Nurmagomedov AQShda styuardessa bilan tortishgani uchun samolyotdan tushirib yuborildi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Haj va umra vazirligi vakillari bilan uchrashdi
Asirlikdagi KXDR harbiylari katta yoʻqotishga uchrashganini aytishdi
Gʻarbda Rossiya boʻyicha NATOga shoshilinch murojaat qilishdi
Dubayda estoniyalik dorboz ikki osmonoʻpar bino orasidan oʻtdi
Polsha Ukrainaga qoʻshinlar yuborishdan bosh tortdi
Rossiyada oʻzbekistonlik bloger qoʻlga olindi