07:41 / 17.01.2025
628

Koreyslar Kurskda nega shiddat bilan urushmoqda?

Koreyslar Kurskda nega shiddat bilan urushmoqda?
Esingizda boʻlsa, 2022 yil bahorida har kuni urush haqida videolar qilardik. Ayniqsa Evgeniy Prigojin yutubning chinakam yulduziga aylangandi. Anchadan buyon Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush haqida video qilmayotgandik. Keling, bugun «SVO»dagi bir qiziq voqea haqida gaplashsak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kurskda asir olingan ikki shimoliy koreyalik harbiyning tergov videosini e'lon qilganini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Bu ikki koreys yigitiga bir necha yil oldin «Sen hali tovarish Kimning buyrugʻi bilan Rossiyaga urushga ketib, Rossiya hududida ukrainlar tomonidan asir olinasan, keyin oʻsha Ukraina prezidenti seni katta oʻlja sifatida koʻrsatadi» deyishsa, yigit bechora oʻsha odamni jinniga chiqargan boʻlardi. Axir Shimoliy Koreyada odamlar mamlakatdan chiqmaydi hisob, Xitoyga borib kelishning oʻzi bir mashaqqat. Lekin taqdir charxpalagi shunaqa narsa: hech kim men ertaga falon ishni qilaman yoki qilmayman deya olmaydi.

Xullas, ma'lum boʻlishicha, ukrainlar bu ikki koreysni qoʻlga olish uchun jiddiy mehnat qilishgan. Ularni lazaretdan olib qochishgan desa ham boʻladi. Hatto bu faktni rossiyalik propagandachi Olga Skabeyeva ham tasdiqlab qoʻydi. Ukrainlar bejizga bunday qilishmadi, ular shu tariqa dunyo hamjabiyatiga Ukrainaga qarshi Rossiya tomonda turib shimoliy koreyalik harbiylar urushayotganini isbotlashdi. Toʻgʻri, bu haqda AQSh va Ukraina xabar berib boʻlgan, hatto shimollik harbiylarning videolari ham tarqalgandi. Lekin ularni qoʻlga olib koʻrsatishdek isbot yoʻq edi. Rossiya va Shimoliy Koreya esa rasman koreys harbiylari Ukrainaga qarshi urushayotganini tan olmaydi.

Janubiy Koreya razvedkachilari soʻroq qildi

Shimoliy Koreya Rossiyaga qoʻshin yuborishi ma'lum boʻlgach, Janubiy Koreya Ukrainaga shimolshunos razvedkachilarini yuborishi aytilgandi. Ikki asirni aynan janublik razvedkachilar ukrainlar bilan birga soʻroq qilishgan.

Asirlarga Rossiyada tugʻilgan boshqa odamlar nomiga harbiy bilet rasmiylashtirilgan. Xususan, bitta bilet 1998 yilda tugʻilgan tuvalik Antonin Aranchin nomiga berilgan. Asirlardan biri 2005 yilda tugʻilgani, 3 yildan buyon KXDR armiyasida oʻqchi boʻlib xizmat qilayotganini aytgan. Asirlar Rossiyaga urushga deb emas, mashgʻulotga deb yuborilganini aytgan. Ulardan biri vataniga qaytishni istamasligi, Ukrainada qolishni xohlayotgani iqror boʻlgan.

Endi gapimizning asosiy joyiga etib keldik. Ukrainalik harbiylar shimoliy koreyaliklar qanday urushayotgani haqida aytib berishdi. Ularning soʻzlariga koʻra, koreyslar juda intizomli, sodiq va qoʻrqmas. Ular hatto minalangan maydonlarda, artilleriya zarbalari va dronlar ta'qib qilayotgan holatda ham shturmga boraverishadi. Natijada ular bir nechta yorib oʻtishlarni amalga oshirishgan.

Bu ta'riflardan esa bir xulosa kelib chiqadi: koreyslar kuchli motivatsiya bilan jang qilishmoqda. Rossiya hukumati oʻz fuqarolariga urushga borishi uchun 4 million rublgacha bir martalik toʻlov, 300, 400 ming rubl maosh taklif qilmoqda, lekin shunda han voyenkomatlar toʻlib toshayotgani yoʻq.

Lekin Kim Chen In buyrugʻi bilan oʻzga yurtda urushayotgan koreys yigitlar jonini ayamay minalangan maydon boʻylab shturmga oʻtmoqda. Dahshat, shundaymi? Ularni qanday ruhlantirishganini bilmaymiz. Balki tovarish Kim ular Amerikaga qarshi urushayotganini aytgandir, bunday variantni bemalol taxmin qilsa boʻladi.

Ha, oʻrtoqlar urushda motivatsiya juda koʻp narsani hal qiladi. Sizda ishtiyoq boʻlmasa urusholmaysiz. Motivatsiya esa kimda boʻlishini bilasiz...

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo