Foto: AFP
AQSh va Qatar vakillari Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuv imzoladi. Bu haqda 16 yanvar, payshanba kuni Amerikaning Axios portali manbalarga tayanib xabar berdi.
Kelishuv kafillari - AQSh, Qatar va Misr
Unga koʻra, Isroil va Hamas guruhi oʻrtasidagi kelishuvning yakuniy versiyasi payshanba kuni Dohada tasdiqlangan. Hujjatni Isroil, Hamas, AQSh va Qatar muzokarachilari imzolagan. Vashington nomidan hujjatni diplomat Brett Makgerk imzoladi. Qatar va AQShdan tashqari, Misr ham kelishuv kafiliga aylandi, deb yozadi Axios.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi 17 yanvar, jumaga oʻtar kechasi kelishuv haqida bayonot berdi. «Netanyahu muzokaralar guruhi tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuvga erishilgani haqida ma'lum qildi», — deyiladi bayonotda. Bosh vazir devonining qoʻshimcha qilishicha, garovga olinganlarni qabul qilishga hozirdanoq tayyorgarlik koʻrilmoqda. AP agentligiga koʻra, Netanyahu idorasi bayonoti, aftidan, Isroil hukumati hukmron koalitsiya ichidagi qarama-qarshiliklarga qaramay, kelishuvni ma'qullashini bildiradi.
Bosh vazir idorasi Isroilning harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi «kelishuvni tasdiqlash uchun juma kuni yigʻilishini» aytdi. Keyin u toʻliq hukumat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Netanyahu jamoasi vazirlar mahkamasi qachon yigʻilishi haqida aniq ma'lumot bermadi. AFP xabariga koʻra, kelishuv sulh 19 yanvar, yakshanba kuni kuchga kirishini anglatadi. Axios Netanyahu yordamchisiga tayanib xabar berishicha, bu muddat 20 yanvar, dushanba kuniga koʻchirilgan.
Axios versiyasiga koʻra bitim shartlari
Axios ma'lumotlariga koʻra, birinchi bosqichda yarador yoki kasal boʻlgan 33 nafar isroillik garovga olinganlar, jumladan, ayollar, bolalar ozod qilinadi. Ular olti haftalik otashkesimning birinchi kunidan boshlab bosqichma-bosqich ozod etiladi.
Bu vaqt ichida Isroil Mudofaa armiyasi Gʻazo sektorining yahudiy davlati bilan chegarasi boʻylab bufer zonasiga chekinishi kerak, sektorni ikkiga boʻladigan Netsarim yoʻlagidan, shuningdek, chiziq chegarasidagi Filadelfiya yoʻlagining katta qismidan voz kechishi kerak. Falastinliklarga hech qanday tekshiruvlarsiz Gʻazo sektorining shimoliga piyoda qaytishga ruxsat beriladi. Mashinalarda ogʻir qurollar boʻlmasligi Qatar va Misr rasmiylari tomonidan tekshiriladi.
Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridan 700 dan ortiq falastinlik mahbuslar, jumladan, isroilliklarni oʻldirishda ayblangan va umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan 275 ga yaqin mahkum ozod qilinadi. Gʻazodan boʻlgan qoʻshimcha 1000 falastinlik Isroil Mudofaa armiyasi tomonidan qoʻlga olingan hududdagi operatsiya davomida qoʻyib yuboriladi.
Otashkesimning 16-kunida Isroil va Hamas qolgan garovga olinganlarni ozod qilish, doimiy otashkesim va Isroil kuchlarining Gʻazodan toʻliq chiqib ketishi kutilayotgan kelishuv ikkinchi bosqichi boʻyicha muzokaralarni boshlaydi, deya xulosa qiladi Axios. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar