16:26 / 19.01.2025
92

AQShda TikTokʼni taqiqlashga oid qonun kuchga kirdi

AQShda TikTokʼni taqiqlashga oid qonun kuchga kirdi

Foto: AFP/Getty Images

TikTok amerikaliklarning ijtimoiy tarmoqqa kirishini chekladi, deb xabar bermoqda NBC News. Ilova ijtimoiy tarmoqqa qoʻyilgan taqiq rasman kuchga kirishidan bir necha soat oldin koʻplab foydalanuvchilarda ishlamay qolgan. TikTokʼning AQShdagi foydalanuvchilari soni 170 million kishidan oshadi.

Ilovaga kirishga uringan amerikaliklar «Kechirasiz, TikTokʼka hozirda kirib boʻlmaydi» yozuviga duch kelmoqda. «AQShda TikTok faoliyatini taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Afsuski, bu hozircha siz TikTokʼdan foydalana olmasligingizni anglatadi. Saylangan prezident Donald Tramp lavozimga kirishishi bilan TikTokʼni qayta tiklash qarori ustida ish olib borishini aytgani bizning omadimiz. Iltimos, yangilanishlarni kuzatib boring!» — deyiladi xabarda.

Shuningdek, AQShdagi mobil ilovalar doʻkonidan ham TikTok oʻchirib tashlangan. Bundan tashqari, Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli CapCut tahrirlash ilovasi ham ishlamay qolgan. AQShdan turib kirmoqchi boʻlgan foydalanuvchilar ham yuqoridagi kabi ogohlantirishga duch kelmoqda.

AQSh Kongressi milliy xavfsizlikka tahdid uygʻotishi mumkinligi sabab TikTokʼni bloklashga oid qonun loyihasini 2024 yil aprelda qabul qilgandi. Oʻsha oyning oʻzida Jo Bayden qonunni imzolagan. Servisga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasiga uni amerikaliklarga sotishi uchun 270 kun muhlat berilgan. Ushbu muddat 19 yanvarda — Donald Trampning inauguratsiyasidan bir kun oldin tugadi.

Bloombergʼning yozishicha, Xitoy hukumati TikTok ijtimoiy tarmogʻining AQShdagi boshqaruvini biznesmen Ilon Maskka berish niyatida. Ammo TikTokʼning oʻzi buni rad etgan. Associated Press ma'lumotlariga koʻra, Bayden administratsiyasi ijtimoiy tarmoqni blokirovga qilish qarorini Trampning boʻlajak administratsiyasiga qoldirgan.

Shu bilan birga, 17 yanvar kuni AQSh Oliy sudi TikTok qisqa videolar platformasining ByteDance kompaniyasi tomonidan sotilishi yoki milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSh hududida taqiqlanishini talab qiladigan qonunni kuchda qoldirdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo