80
Trampning inauguratsiya oldidan chiqishi: «Ertaga televizorni tomosha qilish qiziq boʻladi»
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp oʻz inauguratsiyasi arafasida Vashingtondagi Capital One Arena kompleksida tarafdorlarining mitingida ishtirok etib, davlat rahbari sifatidagi birinchi kunida koʻplab farmonlarni imzolashga va'da berdi.
«Biz gʻolibmiz!» — degan Tramp olomon hayqiriqlari ostidagi nutqi avvalida.
U yangi ma'muriyat «Vashingtondagi muvaffaqiyatsiz isteblishment hukmronligiga barham berish» va «Amerikani yana buyuk qilish» niyatida ekanini aytgan.
«Ertaga tushda Amerikaning toʻrt yillik tanazzuli ustidan parda tortiladi va biz Amerikaning kuchli va farovonligi, qadr-qimmati va gʻururi uchun mutlaqo yangi sahifani ochamiz. Bularning barchasini bir umrga qaytaramiz», — degan Tramp.
U shuningdek noqonuniy immigrantlarning Amerika chegaralariga «bosqini»ni toʻxtatishga, dushanba kungi inauguratsiya nutqida aniq choralarni e'lon qilishga va'da bergan.
Ekspertlar uning millionlab nelegal migrantlarni deportatsiya qilish va'dasi ulkan logistik qiyinchiliklarga uchrashi hamda oʻnlab yoki yuzlab milliard dollarga tushishi mumkinligini aytishmoqda, deb yozadi BBC.
«Amerika xalqi bizga ishondi va buning evaziga biz ularga Amerika tarixida prezidentlik davridagi eng yaxshi birinchi kunni, eng ajoyib birinchi haftani va eng muvaffaqiyatli birinchi 100 kunni beramiz», dedi Donald Tramp tarafdorlariga.
Trampning soʻzlariga koʻra, dushanba kuni u amerikaliklarni «juda quvontiradigan» koʻplab farmonlarni imzolashni rejalashtirgan.
Foto: Reuters
«Barchasi ertadan boshlanadi. Ertaga televizorni tomosha qilish juda zavqli boʻladi», — deya va'da bergan Donald Tramp.
Dushanba kuni u 200 dan ortiq hujjatni, jumladan, ijro farmoyishlari va boshqa prezidentlik farmoyishlarini imzolashi kutilmoqda.
«Bayden ma'muriyatining har bir radikal va ahmoqona qarori qasamyod qabul qilganimdan keyingi bir necha soat ichida bekor qilinadi», — deya qoʻshimcha qilgan Tramp.
Tramp oʻzining birinchi tashabbuslari AQSh chegara xavfsizligini ta'minlash, noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish, xilma-xillik tashabbuslarini cheklash, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyda boʻlib oʻtgan namoyish ishtirokchilarini afv etish, tabiiy resurslar qazib olishni koʻpaytirish, davlat xizmatchilarining ommaviy almashinuvi va boshqa siyosiy masalalarga tegishli ekanini aytgan.
Trampning chiqishi ancha davomli boʻldi va saylovoldi nutqlarini yodga solib yubordi. Tomoshabinlarga videoroliklar namoyish etildi, sahnaga milliarder Ilon Mask chiqib keldi, shuningdek, Tramp oʻzining yangi ma'muriyatidagi muhim amaldorlarni tanishtirdi.
Oʻz nutqida Tramp Gʻazodagi sulh boʻyicha kelishuvga hamda TikTok ijtimoiy tarmogʻi atrofidagi vaziyatga toʻxtaldi, shuningdek Ukrainadagi urushni yakunlashga yana bir bor va'da berdi, ammo buni aynan qanday uddalamoqchi ekaniga oydinlik kiritmadi.
«Bu kelishuvga faqat noyabrdagi tarixiy gʻalabamiz natijasida erishilishi mumkin edi», — degan u Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida.
Tramp kelishuvga erishishdagi yordami uchun Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Vitkoffga minnatdorchilik bildirgan.
«Biz prezident boʻlmasdan turib, ular toʻrt yil mobaynida amaldagi prezident bilan erishganidan koʻproq narsaga erishdik», — degan Tramp.
Saylangan prezident TikTok ijtimoiy tarmogʻi oʻziga yoqishi haqida gapirib, «tiktokni saqlab qolish zarurligi»ni aytgan, bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqni Xitoydan tashqaridagi shaxsga sotishni talab qiluvchi qonun kuchga kirgani tufayli amerikalik foydalanuvchilar undan vaqtincha foydalana olmay qolgandi, Trampning taqiqni uch oyga kechiktirishi tufayli yakshanba kuni faoliyatini tiklagandi.
«Bugundan tiktok AQShga qaytmoqda», — degan Tramp.
«Toʻgʻrisini aytsam, boshqa ilojimiz yoʻq, uni saqlab qolishimiz kerak. Bu juda koʻp ish oʻrinlari degani. Biz biznesimizni Xitoyga bermoqchi emasmiz, biz oʻz biznesimizni boshqalarga bermaymiz», — deya qoʻshimcha qilgan u.
Miting Vashington maydonidagi 20 mingga yaqin kishi sigʻadigan Capital One Arena stadionida boʻlib oʻtgan.
Tramp dushanba kuni lavozimga kirishganidan keyin ham shu erda chiqish qiladi.
Vashingtondagi sovuq harorat tufayli Trampning inauguratsiya marosimi odatdagidek Kapitoliy binosi tashqarisida emas, ichkarisida boʻlib oʻtadi, ammo sovuq ob-havo saylangan prezidentning minglab tarafdorlariga uning yakshanba kuni kechqurun oʻtkazilgan mitingiga kelishiga toʻsqinlik qilmadi.
Oqshomda musiqachilar, jumladan The Village People guruhi ham chiqish qildi, uning YMCA qoʻshigʻi Trampning saylovoldi kampaniyasi saundtreki boʻlgandi.
Kontsertni esa Kid Rok ochib berdi, u qoʻshigʻi oʻrtasida qora shlyapasini Make America Great Again yozuvli qizil kepkaga almashtirdi.
Miting oldidan Tramp saylangan vitse-prezidenti Vens bilan birgalikda Vashington yaqinidagi Arlington qabristoniga tashrif buyurib, gulchambar qoʻygan va AQSh faxriylarini xotirlagan.
Prezident va vitse-prezidentning rafiqalari Melaniya Tramp va Usha Vens ham Arlington qabristoniga borgan
AQSh sobiq generali: Tramp Putinga kuchini koʻrsatishga harakat qiladi
AQShning iste'fodagi generali Ben Hodjesning fikricha, Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlarida kuchli ekanini namoyish etadi. AQShning Evropadagi qoʻshinlarining sobiq bosh qoʻmondoni 17 yanvar kuni Der Spiegel nashriga bergan intervyusida shunday degan: «Men prezident Tramp magʻlubiyatga uchragan odam boʻlishni istamaydi, degan umiddaman».
Ukrainadagi urushni hal qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish imkoniyati haqidagi savolga Hodjes Trampning saylov kampaniyasi davomidagi barcha bayonotlarini tom ma'noda qabul qilmasligini aytadi. Saylov kampaniyasi davomida respublikachi Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishi mumkinligini bir necha bor ta'kidlagandi.
Uning yondashuvi Rossiya va Ukrainaga muzokaralar olib borish va tezda tinchlik oʻrnatish uchun qattiq bosim oʻtkazishdan iborat edi. Bu Trampning Ukrainaga qoʻllab-quvvatlashni qisqartirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Biroq, saylovda gʻalaba qozonganidan soʻng, respublikachi, xususan, olti oy ichida urushni tugatish uchun echim topishga umid qilayotganini aytib, yanada ehtiyotkorona gapira boshladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar