Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari bilan yigʻilish oʻtkazdi. Kreml matbuot xizmati e'lon qilgan ikki daqiqali videolavhada Putin Donald Trampni AQSh prezidentligi lavozimiga kirishishi bilan tabriklagan va Moskva Ukrainadagi urush masalasida Vashington bilan dialogga tayyor ekanini bildirgan.
«Biz AQShning qayta saylangan prezidenti va uning jamoasini Rossiya bilan uzilgan aloqalarni tiklash haqidagi bayonotlarini koʻrmoqdamiz... Shuningdek, uchinchi jahon urushiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha ishni qilish zarurati toʻgʻrisidagi bayonotlarni ham eshityapmiz. Shubhasiz, biz bu kabi munosabatni olqishlaymiz va AQShning saylangan prezidentini lavozimga kirishishi bilan tabriklaymiz», — deydi Putin.
Uning soʻzlariga koʻra, Moskva hech qachon Vashington bilan muloqotdan, jumladan, «Ukraina mojarosi» boʻyicha muloqotdan bosh tortmagan. Putinning hisoblashicha, Rossiya va AQSh oʻrtasidagi dialog «teng huquqlilik va oʻzaro hurmat asosida» qurilishi kerak.
«Biz, shuningdek, yangi administratsiya bilan Ukraina mojarosi boʻyicha dialogga ochiqmiz. Eng muhimi — biz bir necha bor gapirgan inqirozning birlamchi sabablarini bartaraf etish. Kelishuvning maqsadi qisqa muddatli sulh emas, balki mintaqada yashovchi barcha odamlar, barcha xalqlarning qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan uzoq muddatli tinchlikka erishish boʻlishi kerak», — deya ta'kidlagan Putin.
19 yanvar kuni CNN Donald Tramp oʻz yordamchilariga AQSh prezidentligi lavozimiga kirishganidan keyin bir necha kun ichida Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotni tashkil etishni buyurganini ma'lum qilgan edi. Telekanal manbalarining aytishicha, «muloqotning maqsadi — Ukraina urushiga barham berish uchun yaqin oylarda oʻzaro uchrashuv oʻtkazishni muhokama qilishdir». “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar