Donald Trampning inauguratsiyasidan bir necha soat oʻtib AQSh Kongress yangi davlat kotibi lavozimiga Marko Rubioning nomzodini tasdiqladi. Ovoz berish jarayoni yakunlanishi bilanoq Rubio Rossiya-Ukraina urushi borasida bayonot berdi.
Rubio AQSh «urush yakunlanishini xohlayotgani», ammo hozircha bu qachon roʻy berishi noma'lum ekanini aytgan. «Men muhlat belgilay olmayman. Ammo aytishim mumkinki, ikki mamlakat oʻrtasidagi mojaroni toʻxtatayotganingizda, ulardan hech biri maksimal maqsadlariga erisha olmaydi. Har bir tomon nimadandir voz kechishiga toʻgʻri keladi», — deya Rubioning soʻzlarini keltirgan CNN.
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Rubio Rossiya va Ukraina aynan nimalardan voz kechishi kerakligi borasida aniq gapirmagan. Shu bilan birga, u bu urushda aynan RF agressor hisoblanishini qayd etgan.
«Muzokaralar haqida gap ketganda, oldinga chiqib ketmaymiz. Hozirgi bosqichda muzokaralar ommaviy forumlarda emas, balki diplomatik yoʻllar bilan oʻtkazilgani ma'qulroq», — degan AQShning yangi davlat kotibi.
Sulh qachon boshlanishi mumkinligi toʻgʻrisidagi savolga javob berarkan, Rubio bunga erishish Tramp uchun muhim hisoblanishi, Ukrainadagi urushni tugatish rasmiy siyosatga aylanganini ta'kidladi.
«Prezident bergan va'da – bu biz uchun ustuvor vazifa. Ukrainadagi urush tugatilishi kerak – bu AQShning rasmiy siyosati», dedi Rubio. Urush Rossiya tomonidan boshlanganini qayd etgan Rubio, uni hozirda toʻxtovsiz davom etayotgan, qonli va vayronkor toʻqnashuv sifatida baholadi.
«Ukraina eng katta toʻlovni toʻlayapti: energetik infratuzilmasi vayron boʻldi, millionlab fuqarolari vatanini tark etib, boshqa davlatlarda yashashga majbur. Bu urush barcha uchun ogʻir, ammo Ukraina eng katta ziyon koʻryapti», — dedi u.
Rubio AQShning asosiy maqsadi urushning qayta boshlanmasligi uchun toʻliq va uzoq muddatli tinchlikka erishish ekanligini ta'kidladi.
«Biz dunyodagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan koʻplab vazifalarga egamiz. Ammo Donald Trampning qayta saylanishi bizning tinchlik yoʻlidagi harakatlarga umid bagʻishlaydi. Urushlarni tugatish va dunyoda tinchlik oʻrnatish uchun faoliyat yuritamiz», — dedi Rubio.
Avvalroq CNN oʻz manbasiga tayanib, Trampning yondashuvi, lavozimini tark etgan prezident Jo Baydenning yondashuvidan farqli oʻlaroq, urushni toʻxtatish uchun RF prezidenti Vladimir Putin bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik qilish haqida ekanini yozgandi.
Inauguratsiyadan keyin Tramp jurnalistlarga Putin bilan oʻzaro muloqoti «juda tez fursatlarda boʻlishi mumkinligi»ni aytdi. RF prezidenti ham 20 yanvar kuni Xavfsizlik kengashi yigʻilishida Moskva AQSh yangi ma'muriyatining Rossiya bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqani tiklash niyatini olqishlashini aytdi. Ammo uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 yanvar kuni Tramp jamoasi hozircha Kreml bilan aloqaga chiqmaganini ma'lum qildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar