Foto: AFP
Ukraina qoʻshinlari Ryazan va Bryanskdagi Rossiya armiyasiga yordam koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi ob'ektlarga uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar berdi, deb xabar qildi 24 yanvar, juma kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi.
«2025 yil 24 yanvarga oʻtar kechasi Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) va Ukraina Qurolli kuchlarining Maxsus operatsiyalar kuchlari (SSO) uchuvchisiz uchoqlari Mudofaa kuchlarining boshqa boʻlinmalari bilan birgalikda Rossiya armiyasini qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatiladigan ob'ektlarga zarba berdi», — deyiladi bayonotda. Zarbalar natijasida Ryazan neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish ob'ektlarida va Ryazan neft nasos stantsiyasida yongʻinlar sodir boʻldi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma'lumotlariga koʻra, Bryanskdagi "Kremniy El" mikroelektronika zavodi ham zarar koʻrgan. «Bu Rossiya mikroelektron sanoatining asosiy korxonalaridan biridir. Zavod strategik ahamiyatga ega qurol tizimlarida, xususan, "Topol-M", "Bulava" raketa tizimlarida, S-300 va S-400'da, shuningdek, jangovar samolyotlarning bort elektronikasida qoʻllaniladigan keng turdagi mikrosxemalar va butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi», deya ta'kidladi Ukraina Qurolli kuchlari va zarbalar natijalariga aniqlik kiritilayotganini qoʻshimcha qildi.
Ryazan issiqlik elektr stantsiyasi nishonga olindi
DW media-kompaniyasining SBUdagi manbalari ta'kidlaganidek, Ryazan neftni qayta ishlash zavodi yiliga 17 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega Rossiyadagi eng yirik zavodlardan biri hisoblanadi. «U erda kamida uchta rezervuar yonmoqda. Bundan tashqari, dron zarbalari natijasida kelib chiqqan yongʻin dizel yonilgʻisi va aviakerosinni gidrotozalash moslamasi oʻrnatilgan ustaxonani qamrab olgan. Mahalliy aholi 50 dan ortiq portlashni qayd etgan», — deya qayd etdi maxsus xizmat.
Bundan tashqari, SBU manbasiga koʻra, dronlar Ryazan issiqlik elektr stantsiyasiga (IES) urilgan. «SBU Mudofaa kuchlari bilan birgalikda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalari va neft sektoriga qarshi samarali dron sanktsiyalarini joriy etishda davom etmoqda. Dushmanning harbiy salohiyatini zaiflashtirish boʻyicha ishlar davom etadi», — deyiladi maxsus xizmat xabarida.
Rossiya Mudofaa vazirligi, oʻz navbatida, 24 yanvarga oʻtar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Rossiyaning barcha chegaradosh mintaqalariga, shuningdek, Tula va Moskva oblastlariga hujum qilgani, Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari 121 ta uchuvchisiz uchoqni urib tushirganini ma'lum qildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar