16:15 / 26.01.2025
822

Donald Tramp Isroilga Jo Bayden tomonidan qoʻyilgan taqiqni bekor qildi

Donald Tramp Isroilga Jo Bayden tomonidan qoʻyilgan taqiqni bekor qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylarga Isroilga 2000 funtlik bomba etkazib berish boʻyicha avvalgi prezident Jo Bayden joriy qilgan taqiqni bekor qilishni buyurdi. Bu haqda Oq uydagi manba Reuters agentligiga ma'lum qildi.

Axios nashrining xabar berishicha, AQShning yangi ma'muriyati shanba kuni Isroilga 2000 funt (taxminan 907 kilogramm) ogʻirlikdagi bombalar etkazib berish cheklovlarini olib tashlashga qaror qilgan.

Reutersning ta'kidlashicha, bunday qadam kutilgan edi. Bayden oʻtgan bahorda Isroil tomonidan urush vaqtida bombalar tinch aholiga, ayniqsa Gʻazo sektoridagi Rafahga qarshi qoʻllanishi mumkinligidan xavotirga tushib, etkazib berishni toʻxtatgan edi.

Hozirgi vaqtda Isroil va HAMAS oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, 25 yanvar kuni isroillik garovga olinganlar falastinlik mahbuslarga ikkinchi bor almashildi.

"Isroil tomonidan buyurtma qilingan va toʻlangan, ammo Bayden tomonidan joʻnatilmagan koʻplab narsalar hozir yoʻlda!" – deb yozdi Tramp Truth Social platformasida, bu soʻzlar ortida nimani nazarda tutganini aniqlashtirmasdan.

Axios manbalariga koʻra, 2000 funtlik bombalar yaqin kunlarda Isroilga etkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, ham Tramp, ham Bayden oʻz siyosatlarida Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi pozitsiyada turadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo