21:40 / 27.01.2025
229

Falastinliklar Gʻazo sektori shimoliga qaytishni boshladi (video)

Falastinliklar Gʻazo sektori shimoliga qaytishni boshladi (video)
Foto: Ramadan Abed/Reuters
Isroil va HAMAS oʻrtasidagi sulh doirasida falastinliklar Gʻazo sektorining shimoliy qismiga qaytishni boshladi. AFP’ning yozishicha, Isroil tomoni nazorat punktlarini ochgan.

Odamlar shaxsiy buyumlarini qoʻllariga koʻtargan holda sohil boʻyidagi yoʻl boʻylab harakatlanishni boshlagan. «Uyingga, oilangga, qarindoshlar va suyukli insonlaring oldiga qaytish — ajoyib hissiyot», — deydi Gʻazoga qaytgan Ibrohim Abdu Hassera.

Ushbu yangilik qochqinlar lagerlarida xursandchilik bilan qarshi olingan. «Hech qanaqa uyqu yoʻq, narsalarni yigʻishtirib qoʻydim va quyoshning ilk shu'lasi koʻrinishi bilan yoʻlga otlanishga tayyorman», — deydi besh nafar bolaning onasi Gada.

HAMAS Gʻazo aholisining qaytishini falastinliklar gʻalabasi deb atab, bu «bosqinchilar rejasi barbod boʻlganini» namoyish etishini ta'kidladi.

Isroil HAMASga qarshi urush boshlangan 2023 yil oktyabrda Gʻazo sektori shimolida keng koʻlamli evakuatsiyani oʻtkazgan edi. Hudud harbiy operatsiyalar oʻtkazish uchun izolyatsiyalangan, chunki u erda guruhning infratuzilmalari oʻrin olgandi.

HAMAS oʻz navbatida payshanba kuni 2023 yil oktyabrda garovga olingan uch nafar Isroil fuqarosini ozod etadi: Arbel Yexud, Agam Berger va yana bir inson. 1 fevralda ham yana uch nafar garovdagi inson ozod etilishi kerak.

Mart boshlariga qadar davom etadigan oʻt ochishni toʻxtatishning birinchi fazasi doirasida HAMAS umumiy hisobda garovga olingan 33 kishini ozod etishi kerak. Isroil tomoni esa mamlakat hibsxonalarida saqlanayotgan qariyb 2 ming falastinlikni qoʻyib yuboradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo