Foto: AP
Norvegiya dunyoda benzin va dizelda harakatlanadigan yangi avtomobillarni bozordan butunlay chiqarib yuborgan birinchi davlatga aylanishi mumkin.
Qayd etilishicha, Norvegiya etarlicha neft va gaz zaxirasiga ega boʻlishiga qaramay, yangi energiya manbalarida (NEV) ishlaydigan transport vositalarini joriy etishda dunyo etakchilaridan hisoblanadi. Mamlakatda yangi avtomobillar savdosidagi elektromobillar ulushi 2010 yilda 1 foizdan kamroqni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda ushbu koʻrsatkich 88,9 foizga chiqqan.
Norvegiya jamoat yoʻllari boshqarmasi tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga koʻra, joriy yilning dastlabki haftalarida sotilgan yangi yengil avtomobillarning 96 foizdan ortigʻini elektromobillar tashkil etgan.
Bunday koʻrsatkich Norvegiyani NEV’ga toʻliq oʻtishga yaqinlashtiradi va 2017 yilda mamlakat ilk bor oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarni roʻyobga chiqarish imkonini beradi.
Norvegiya transport vazirining oʻrinbosari Sessiliya Knibe Kroglundning ta'kidlashicha, yangi texnologiyaga oʻtishda elektromobillar tarqalishini qoʻllab-quvvatlagan davomli siyosat hal qiluvchi rolni oʻynagan. Dunyoning boshqa davlatlari esa asosiy e'tiborni ichki yonuv dvigateliga ega transport vositalaridan foydalanishni taqiqlashga qaratgan.
Norvegiyada elektromobillarga QQS solinmaydi, yoʻl va avtoturargohlar soligʻi uchun chegirmalar, jamoat transporti yoʻlaklariga chiqish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, mamlakat hukumati elektromobillarni quvvatlantirish infratuzilmasini rivojlantirishga katta sarmoya kiritgan.
Kroglund ushbu oʻzgarishlarni 5,5 million aholiga ega mamlakat uchun «yangi norma» deb atagan. «Transport — iqlim oʻzgarishiga kamroq ta'sir koʻrsatadigan echimlarni topishda muhim ahamiyatga ega», — deydi u.
Vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, 2025 yilda Norvegiya shahar avtobuslarini toʻliq elektrobuslarga, oʻn yillik oxiriga borib esa ogʻir yuk tashuvchi NEV’lar ulushini 75 foizga etkazish rejalashtirilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar