Olimlar tolalariga oʻrnatilgan nanozarrachalar tufayli quyosh nuri ta'sirida qiziy oladigan innovatsion mato ishlab chiqdi. Uning metall isitish elementlaridan foydalanadigan va tashqi quvvat manbayini talab qiladigan boshqa matolardan farqi shundaki, ushbu mato mustaqil ravishda issiqlik beradi va ortiqcha qizib ketmaydi.
Vaterlou universiteti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan material ichida oʻtkazuvchan polimer nanozarralari boʻlib, ular 10 daqiqada quyosh nuri ta'sirida 30 darajagacha qizishga qodir. Bundan tashqari, mato rangi haroratga qarab oʻzgaradi, bu esa foydalanuvchiga uni vizual ravishda kuzatish imkonini beradi.
Ixtiro mualliflaridan biri Yuning Li matoning isitish printsipi haqida ma'lumot berdi:
“Nanozarrachalar quyosh nuri ta'sirida faollashadi, ular nurlardan keladigan issiqlikni isituvchi elementlarga aylantiradi va uzoq vaqtga saqlab qoladi”.
Foto: Uwaterloo.ca
Ushbu mato juda chidamli boʻlib, asl uzunligidan besh baravar choʻzila oladi hamda 24 martagacha yuvganda ham oʻz xususiyatlarini yoʻqotmay qoladi. Mato rangining haroratga qarab oʻzgarishi qoʻshimcha xavfsizlikni ta'minlaydi va qizib ketishning oldini olishga yordam beradi.
“Biz uning chidamli boʻlishiga alohida e'tibor qaratdik. Nanozarrachalardan iborat mato atrof-muhitning tashqi ta'siriga qaramay oʻzining noyob xususiyatlarini saqlab qoladi”, deya qoʻshimcha qildi Li.
Foto: Uwaterloo.ca
Tadqiqotchilar polidopamin polimerining arzonroq analoglarini koʻrib chiqish hamda isituvchi xususiyatli materialni ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish ustida ishlashda davom etmoqdalar. U sovuq mavsumda qutqaruv operatsiyalarida yoki qishda qoʻshimcha issiqlikka muhtoj boʻlgan uy hayvonlari kiyim-kechaklarida qoʻllanishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar