Pekin gʻarbida AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) shtab-kvartirasidan 10 baravar katta qoʻmondonlik markazi qurilmoqda. Bu haqda sun'iy yoʻldosh tasvirlari va razvedka manbalariga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Sun'iy yoʻldosh suratlarida Pekindan 30 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan 6 kvadrat kilometrdan ortiq qurilish maydoni koʻrsatilgan. Asosiy qurilish ishlari 2024 yil oʻrtalarida boshlangan. Ayrim razvedkachilar loyihani “Pekin harbiy shahri” deb atamoqda.
Foto: FT
Harbiy ekspertlar maydonda chuqurlar aniqlangani, u yadroviy urush paytida ham Xitoy harbiy rahbarlarini himoya qilish uchun bunkerlar qurishga moʻljallanganini aytdi. Qurilish Xitoy armiyasi oʻzining 2027 yildagi yuz yilligi arafasida yangi qurollar va loyihalarni ishlab chiqayotgan paytda amalga oshirilmoqda.
“Agar bu tasdiqlansa, harbiy rahbariyat, jumladan Markaziy harbiy komissiya raisi sifatida Si Szinpin uchun moʻljallangan mazkur zamonaviy er osti qoʻmondonlik bunkeri, Pekinning nafaqat jahon miqyosida kuchlarni, balki ilgʻor yadro urushi salohiyatini ham yaratish niyatidan dalolat beradi”, deb ta'kidladi Markaziy razvedka boshqarmasining Xitoy tahlili boʻyicha sobiq boshligʻi Dennis Uaylder.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi “batafsil ma'lumotga ega emasligini” aytdi, ammo Xitoy “tinch rivojlanish yoʻliga va tabiatan mudofaa siyosati tarafdori” ekanini ta'kidladi.
Hudud tasvirlarini tahlil qilgan Milliy Geofazoviy razvedka agentligi sobiq tasvir tahlilchisi Renni Babiarsning aytishicha, 5 kvadrat kilometr maydondagi kamida 100 ta kran er osti infratuzilmasini rivojlantirmoqda.
Foto: FT
“Toʻliqroq baholash uchun qoʻshimcha ma'lumotlar kerak boʻlsa-da, tasvirlar ehtimoliy er osti oʻtish yoʻllari bilan bogʻlangan er osti ob'ektlarini qurishga ishora qilmoqda”, dedi Babiarz, hozirda AllSource Analysis geofazoviy tahlil xizmati guruhining tahlil va operatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti.
Voqea joyida harbiylar koʻrinmasa-da, dronlar yoki fotosuratga olishdan ogohlantiruvchi belgilar boʻlgan. Darvoza oldidagi qoʻriqchilar birdaniga kirish taqiqlanganini aytgan va loyiha haqida gapirishdan bosh tortgan. Qurilish maydonchasidan chiqib ketayotgan rahbarlardan biri esa bunga izoh bermagan.
“Xitoyning asosiy xavfsiz qoʻmondonlik markazi yangi ob'ektning shimoli-sharqidagi Gʻarbiy tepaliklarda joylashgan, u sovuq urush avjiga chiqqan paytda, oʻnlab yillar oldin qurilgan. Yangi ob'ektning hajmi, koʻlami va qisman er ostida joylashgani shuni koʻrsatadiki, u urush paytidagi asosiy qoʻmondonlik ob'ekti sifatida Gʻarbiy tepaliklar majmuasining oʻrnini egallaydi. Xitoy rahbarlari yangi inshoot AQShning "bunker-buzar" oʻq-dorilariga va hatto yadroviy qurollarga qarshi yanada koʻproq xavfsizlikni ta'minlaydi, deb hisoblashlari mumkin”, deydi sobiq amerikalik razvedkachi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar