18:22 / 31.01.2025
581

HAMAS lideri Yahyo Sinvarning hech qayerda e'lon qilinmagan yangi videolari chiqdi

HAMAS lideri Yahyo Sinvarning hech qayerda e'lon qilinmagan yangi videolari chiqdi
HAMAS lideri Yahyo Sinvar oʻtgan yil oktyabr oyida oʻldirilgani esingizda boʻlsa kerak. Oʻshanda Isroil uning oxirgi lahzalarini koʻrsatgandi. Shu kunlarda Sinvarning avval hech qayerda e'lon qilinmagan videolari tarqaldi. Kadrlar HAMAS janchilari tomonidan olingan.

Kadrlarda Sinvar Gʻazo vayronalarida yurgani koʻrinadi. Uning qoʻlida esa oʻsha mashhur Isroil droniga otilgan tayoq. HAMAS lideri ustiga mato tashlab olgan va katta ehtimol shu orqali uni dron tanib olishidan himoyalangan.

Bu video Isroil tarqatgan koʻplab bayonotlarni shubhaga qoʻyadi. Isroilliklar HAMAS lideri Gʻazo tunnellarida yashirinib yurgani, asirlardan esa jonli qalqon sifatida foydalangani haqida gap tarqatishgandi. Biroq HAMAS jangchilari olgan videoda Sinvar vayronalar orasida harakatlanib, SAHALga qarshi operatsiyalarni boshqargani koʻrinadi. Kadrlardan birida Sinvar isroilliklarning yoʻq qilingan bronitexnikasiga qarab turgan.

Yana bir kadrda Sinvar HAMAS komandirlaridan boʻlmish Mahmud Hamdan bilan Gʻazo xaritasiga qarab Isroilga qarshi navbatdagi operatsiyani muhokama qilgan. Qizigʻi ular gaplashib turgan kvartira isroillik harbiylar tomonidan tekshirilgan va xavfsiz belgisi qoʻyilgan.

«Ozodlikning qizil eshigi bor»

Keyinroq HAMASning kanalida Yahyo Sinvarning oʻsha videodan olingan surati e'lon qilindi. «Ozodlikning har bir qoʻli qonga botgan taqillatadigan qizil eshigi bor» deb yozilgan oʻsha postda. Videoda va HAMAS e'lon qilgan postda Yahyo Sinvarning qoʻlida nima ushlab turgani muhokama qilinmoqda. Aftidan HAMAS lideri qoʻlida toʻpponchaga oʻxshagan narsa ushlab olgan. Sinvar katta ehtimol bu video qachondir e'lon qilinishini bilgan va kameraga qarab gapirgan.

HAMASning paradi

Shu kunlarda HAMAS isroillik yana bir necha asirlarni qoʻyib yubordi va jarayonni juda faol yoritdi. Xususan, Jabaliyadagi lagerda saqlangan isroillik ayol harbiyning Qizil xoch mashinasigacha borishi jonli efirda butun dunyoga koʻrsatildi. Oxirgi ikki asirni qoʻyib yuborish jarayonini HAMAS chinakam shouga aylantirib yubordi. Isroillik qizlar HAMASchilar haydab ketayotgan Toyota ichida turib arab tilida ularga rahmat aytishdi.

Keyin asirlar matbuot anjumani oʻtkaziladigan joyga oʻxshash minbarga chiqarildi. Isroillik asirlar chiqqan minbarda HAMAS oʻldirishi kerak boʻlgan odamlar roʻyxati ham koʻrinadi. Markazda Binyamin Netanyahu, yonida esa Hersi Halevi, Yoav Goland kabi harbiylar. U erda asirlarga HAMAS vakillari maxsus muhr urib sertifikat berishdi. Asirlar koʻz oʻngida HAMAS koʻplab yangi a'zolarni ham qabul qilib, ularning boshiga yashil bogʻichlar bogʻlandi.

Bu sertifikat berilgach, HAMAS zobitlari asirlarni Qizil xoch mashinasiga olib borishdi. Keyin esa Gʻazo xarobalarida chinakam bayram boshlandi. Vayronalarga katta qilib Falastin bayrogʻi ilingani fonida HAMAS harbiylari oʻziga xos harbiy parad oʻtkazishdi. Oʻnlab qimmatbaho mashinalarda HAMASchilar avtomat koʻtargan koʻyi gʻazoliklar oldidan oʻtishdi. Ular esa jangchilarni olqishlashdi.

HAMASning bu oʻziga xos paradi Isroil bosh vazirini qoʻrqitib yuborgan koʻrinadi. Netanyahu oʻz safihasida bu kadrlarni qoʻrqinchli deb atab, Isroil bu holatdan xavotirga tushayotganini aytdi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. Isroil yoʻq qilganini iddao qilayotgan HAMAS hamon mavjud va hatto pechat uriladigan sertifikat ham bermoqda. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo