20:08 / 02.02.2025
111

Kanada AQSh tovarlariga javob bojlari joriy qiladi

Kanada AQSh tovarlariga javob bojlari joriy qiladi
Foto: Getty Images
Kanada AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan uning tovarlariga joriy etilgan 25 foizlik bojga javoban xuddi shunday choralar koʻradi. Bu haqda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ma'lum qildi.

AQShdan keltirilayotgan 155 milliard Kanada dollari (106,5 milliard AQSh dollari) qiymatidagi mahsulotlarga 25 foizli boj solinadi. 4 fevraldan 30 milliard Kanada dollari miqdoridagi mahsulotlarga nisbatan, undan uch hafta oʻtgach esa qolgan summaga nisbatan choralar kuchga kiradi. Amerika bojlari ham 4 fevraldan amal qila boshlaydi.

AQSh energiya resurslaridan tashqari barcha Kanada tovarlariga 25 foizlik boj joriy qildi — ularga boj 10 foizni tashkil qiladi.

“Energiya manbalariga nisbatan pastroq stavka benzin yoki kommunal xizmatlar narxlarining sezilarli darajada oshishini oldini olish maqsadini koʻzlaydi”, deydi AQSh ma'muriyatining yuqori lavozimli amaldori.

Tryudo qoʻshimcha qilishicha, Kanada energiya resurslari va strategik ahamiyatga ega materiallar bilan bogʻliq notarif choralarni ham qoʻllashi mumkin. Shuningdek, u kanadaliklarni mahalliy mahsulotlarni xarid qilishga va AQShga emas, oʻz mamlakatida dam olishga chaqirdi.

Tramp 3 ta davlatga bojlar joriy qildi

AQSh Kanada, Xitoy va Meksikadan keltirilayotgan tovarlarga bojxona toʻlovlarini joriy etadi. Prezident Donald Tramp tegishli farmonni 1 fevral kuni imzoladi. U mazkur qarorini noqonuniy migrantlar va giyohvand moddalar kontrabandasi tahdidi bilan izohladi. Bunga javoban Xitoy AQShni savdo urushi boshlanishidan ogohlantirdi.

AQSh Xitoydan import bojlarini yana bir bor oshirgach, Pekin Vashingtonni savdo urushi xavfi haqida ogohlantirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida “savdo yoki bojxona urushida” gʻoliblar boʻlmasligi ta'kidlangan.

“Qoʻshimcha 10 foiz miqdoridagi bojlar mamlakatlar oʻrtasidagi narkotrafikka qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikka ta'sir qilishi va unga zarar etkazishi muqarrar”, deyiladi vazirlik xabarida.

Xitoy “yangi bojlarni qat'iyan rad etishi” va “oʻz huquq va manfaatlarini qat'iy himoya qilishi uchun “tegishli javob choralarini koʻrishi”ni ta'kidladi. Endilikda Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) AQShga qarshi shikoyat qilish niyatida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo