19:16 / 04.02.2025
367

Petronas egizak minoralari Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkandi

Petronas egizak minoralari Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkandi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi sharafiga Petronas egizak minoralari Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkandi. Bu haqda “Daryo” nashri xabar berdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston etakchisi Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4—5 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada boʻladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Kuala Lumpur shahrida oliy darajadagi muzokaralar, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar boʻlib oʻtadi. Bosh vazir Anvar Ibrohim bilan ikki tomonlama muzokaralar, Malayziyaning etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, qoʻshma biznes forumi va boshqa tadbirlarda koʻzda tutilgan.

Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston—Malayziya doʻstlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa koʻplab ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Etakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham koʻrib chiqadi.

Sammit yakunida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma bayonot va salmoqli bitimlar toʻplami qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Malayziya bosh vaziri 2024 yil 17—19 may kunlari rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlgandi. Oʻzbekiston prezidenti oliy darajadagi ushbu tashrif soʻnggi 16 yilda ilk bor oʻtkazilayotganini, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta'kidlagandi. Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqilib, unda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratilgandi.

29 may kuni Putrajaya shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi. Oʻzbekiston—Malayziya ishbilarmonlar kengashi tuzildi.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi sharafiga Dubaydagi dunyoning eng baland binosi — “Burj Xalifa” Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkangan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo