07:50 / 05.02.2025
291

Zelenskiy: «Ukraina NATOga kirmaydigan boʻlsa, bizga yadroviy qurol bering»

Zelenskiy: «Ukraina NATOga kirmaydigan boʻlsa, bizga yadroviy qurol bering»

Foto: EPA

Volodimir Zelenskiy agar Ukraina NATOga qabul qilinmasa, yadroviy qurol etarlicha xavfsizlik kafolati boʻlishi mumkinligini ma'lum qildi. Bu haqda u britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida qayd etdi. Intervyu parchalari 4 fevral kuni Morganning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida paydo boʻldi.

Jurnalist Zelenskiydan Ukraina Vladimir Putinni yangi hujumlardan tiyib turishda qanday xavfsizlik kafolatlarini koʻrib chiqayotganini soʻragan.

Zelenskiyning ta'kidlashicha, agar Ukrainaning NATO a'zoligiga qabul qilinishi yillar yoki oʻnlab yillarga choʻziladigan boʻlsa, unda «mutlaqo adolatli savol» yuzaga keladi:

«Ushbu yoʻlda bizni har doim bu yovuzlikdan nima himoya qiladi? Qanday yordam paketi? Qanaqa raketalar? Bizga yadroviy qurol berishadimi? Unday boʻlsa, bizga yadroviy qurol berishsin. Biz Rossiyani toʻxtatib qolishimizga etadigan miqdorda raketalar beriladimi? Men bunga ishonmayman, ammo oʻylaymanki, bu yordam bergan boʻlardi.

Aks holda Rossiyaning yadroviy raketalarini qanday raketalar tutib qola oladi? Bu ritorik savol. Shuning uchun keling quyidagicha yoʻl tutamiz: bizga yadroviy qurolimizni qaytaring, raketa majmualarini bering, sheriklarimiz millionlik armiyani moliyalashtirishga koʻmaklashadi, oʻz kontingentingizni biz barqarorlik istayotgan, insonlar xotirjam boʻladigan hududlarimizga joylashtiring», — deydi Zelenskiy.

Zelenskiyning qoʻshimcha qilishicha, agar Ukraina NATO a'zosi boʻlmasa, «Putin mamlakat hududidan butunlay chiqib ketishi kerak», shundan soʻng Kiyev barcha yoʻqotishlar uchun moliyaviy kompensatsiya masalasini koʻtaradi.

«U [Putin] biz NATO a'zosiga aylanishimiz mumkinligidan qoʻrqib hujum qildi. Yaxshi, biz NATO a'zosi emasmiz — erlarimizni qaytaring. Bu xuddi shunday koʻrib chiqilishi kerak», — deydi Ukraina prezidenti.

Ukraina 1994 yil dekabrda imzolangan Budapesht memorandum doirasida yadroviy quroldan voz kechgan. Hujjatda yadroviy quroldan voz kechilgani evaziga Ukrainaning hududiy yaxlitligi kafolanishi koʻzda tutilgan. Hujjatga Rossiya, Ukraina, Buyuk Britaniya va AQSh imzo chekkan.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo