22:00 / 10.02.2025
169

Madridning «Atletiko» klubi Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga koʻmaklashadi

Madridning «Atletiko» klubi Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga koʻmaklashadi
Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev Ispaniyaga tashrifi davomida ushbu mamlakatning mashhur futbol klublaridan biri — Madridning «Atletiko» jamoasi mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda qoʻmita matbuot xizmati.

Tomonlar Oʻzbekistonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targʻib qilish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qildi. «Atletiko» futbol klubining mashhurligi va jahon miqyosidagi ta'siridan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonning noyob sayyohlik maskani sifatida targʻib qilishda hamkorlik qilishga alohida e'tibor qaratildi, deyiladi xabarda.

Muzokaralar chogʻida mamlakatning boy madaniy va tarixiy merosini ommalashtirish, shuningdek, asosiy turistik yoʻnalishlarni targʻib qilishga qaratilgan qoʻshma marketing va reklama kampaniyalarini oʻtkazish istiqbollari xususida fikr almashildi.

Tashkilotning ta'kidlashicha, mazkur uchrashuv «turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich» boʻlgan. Bu, qoʻshimcha qilinishicha, xorijiy sayyohlarni jalb etishga qaratilgan marketing strategiyasini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Turizm qoʻmitasi «Atletiko» bilan hamkorlik Oʻzbekistonga global axborot va reklama kampaniyalariga integratsiyalashish imkonini berishiga ishonmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, sayyohlar oqimini koʻpaytirish va mamlakatning istiqbolli sayyohlik yoʻnalishi sifatidagi obroʻsini mustahkamlashga yordam berishi kutilmoqda.

2021 yil yanvarida oʻsha vaqtdagi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya va «Atletiko Madrid» futbol klubi rahbariyati oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda klub vakillari Oʻzbekistonda futbol akademiyasini tashkil qilishni taklif qilgandi.

Klub rahbariyati tez orada Oʻzbekiston tomoniga tijoriy taklif yuborishini, tomonlar oʻzaro kelishuvga erishgan taqdirda, klub mutasaddilari Oʻzbekistonga tashrif buyurishini ma'lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo