![Erondan xavf sababli Trampni himoyalashda «xoʻrak samolyot»dan foydalanilgan](/uploads/posts/2025-02/c1d2a5180b_juerbgetlei6fbm3zvvozerxvpputkef.webp)
Brian Snyder / Reuters / Scanpix / LETA
Donald Trampning xavfsizlik xizmati 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi chogʻida huquq-tartibot organlari orqali Eron AQShga «er — havo» tipidagi raketalardan foydalanish imkoniga ega maxfiy josuslarini kiritganidan xabar topgach, favqulodda ehtiyot choralarini qabul qilgan. Bu haqda 9 fevral kuni Axios nashri jurnalist Aleks Ayzenshtadtning 18 mart kuni nashrdan chiqishi kutilayotgan «Revenge: The Inside Story of Trumpʼs Return to Power» nomli kitobiga tayanib xabar tarqatgan.
Ayzenshtadt Trampning yordamchilariga asoslanib, siyosatchiga 2024 yil 15 sentyabrda Floridada uyushtirilgan ikkinchi suiqasddan keyin xavfsizlik xizmati xoʻrak-samolyotdan, ya'ni ichida Tramp boʻlmagan samolyotdan foydalana boshlagan. Uning jamoasi eronliklar uning tanish oson boʻlgan, Trump Force One nomi bilan tanilgan xususiy samolyotini parvoz chogʻida yoki qoʻnayotganida urib tushirishidan xavfsiragan.
Yakunda yordamchilarning aksar qismi navbatdagi saylovoldi tadbiriga Trump Force One bilan uchgan, Trampning oʻzi esa oʻz doʻsti Stiv Uitkoffga (hozirda Trampning Yaqin Sharqdagi vakili) tegishli boʻlgan samolyotda parvoz qilgan. Yordamchilarning koʻpchiligi maxfiy reja haqida parvoz arafasidagina, Trampning oyna oldidagi joyi boʻshligini koʻrganidan keyin xabardor boʻlgan. Ayzenshtadtning soʻzlariga koʻra, xodimlarning ayrimlari agar samolyot urib tushiriladigan boʻlsa, «toʻp emi»ga aylanishdan xavotirlanib, gʻazab otiga minishgan. Shu bilan birga, saylovoldi shtabi rahbarlari xodimlarni ular xoʻrak sifatida foydalanilmasliklariga ishontirishga uringan. Yordamchilar esa agar eronliklarning maxfiy josuslarida «er — havo» tipidagi raketalar bor boʻlsa, ular nima uchun samolyotga chiqarilgani haqida savol berishgan.
Aleks Ayzenshtadt qayd etishicha, AQSh Maxfiy xizmati oʻsha kuni ikkita kortej tashkil etgan: ulardan birida Tramp, boshqasida — uning xodimlari ketishgan. Boshqa safar esa, jurnalistning ma'lumotiga koʻra, Maxfiy xizmat agentlari elektr magnit zambarak orqali Trampning kortejini kuzatgan uchuvchisiz uchar qurilmani ishdan chiqargan.
The New York Times va The Washington Post gazetalari 2024 yil oktyabrda Trampning shtabi Eron tahdidi tufayli siyosatchini himoyalash uchun harbiy vositalar soʻragani haqida xabar bergan. Ular harbiy aviatsiya, oʻq oʻtkazmaydigan oynalar soʻragan, shuningdek, Tramp qarorgohi hamda uning mitinglari oʻtkaziladigan joylar ustida parvozalarni cheklashni kengaytirishni talab qilishgan. Trampning saylov poygasidagi raqibi Jo Bayden «amaldagi prezident» sifatida uni himoyalash uchun qoʻriqchilar bilan ta'minlashga buyruq bergan.
Bu voqealardan avvalroq Eron Donald Tramp birinchi prezidentligi davrida, 2020 yil yanvarida Islom inqilobi muhofizlari korpusi qoʻmondoni Qosim Sulaymoniyni oʻldirishga buyruq bergani uchun undan qasos olish bilan tahdid qilgandi. AQSh adliya vazirligi 8 noyabr kuni korpus Trampni oʻldirishga tayyorgarlik koʻrgani, ammo Federal qidiruv byurosi jinoyatchilarning rejasini yoʻqqa chiqarganini xabar qilgandi.
AQSh Federal qidiruv byurosi Donald Trampning hayotiga ikki suiqasdni tergov qilmoqda. Bulardan birinchisi 2024 yil 13 iyul kuni Pensilvaniyadagi Batler shaharchasida roʻy bergan, oʻshanda Tramp miting chogʻida qulogʻidan yaralangandi. Ikkinchi suiqasd 15 sentyabr kuni Floridadagi Palm-Bichda, Tramp oʻynaydigan golf-klub yonida roʻy beradi, oʻshanda siyosatchiga oʻq tegmagandi. Aleks Ayzenshtadtning yozishicha, Eron bu suiqasdlarga aloqador boʻlmagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar