
Foto: Fox News
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika ommaviy axborot vositalari uni milliarder va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskka qarshi qoʻyishga urinayotganini aytdi. Bu haqda siyosatchi tadbirkor bilan Fox News telekanaliga bergan qoʻshma intervyusida aytib oʻtdi.
Suhbatda dastur boshlovchisi Amerikaning nufuzli nashrlarida Maskning hokimiyatni uzurpatsiya qilib olgani va Trampga ta'siri haqida yozilgan mavzularga toʻxtalib oʻtdi.
AQSh prezidentining ta'kidlashicha, ommaviy axborot vositalari uni tadbirkorga qarshi qoʻyish istagi yaqqol koʻrinib turibdi. Siyosatchining soʻzlariga koʻra, jurnalistlar «bu borada yomon ish qilyapti». Trampning fikricha, agar bunday maqolalar muvaffaqiyatli chiqqanida prezident boʻlmas edi.
«Men buni har doim koʻryapman. Darhaqiqat, Ilon menga qoʻngʻiroq qildi va: «Ular bizni ajratmoqchi», dedi. Men: «Mutlaqo [toʻgʻri]», dedim», dedi Tramp.
Intervyuda AQSh prezidenti va Mask Amerika fuqarolari aqlli ekanini aytib, prezident ma'muriyati va DOGE federal hukumatning keraksiz xarajatlarini kamaytirish uchun birgalikda ishlayotganini tushunishlarini ta'kidladi.
Mask Trampning saylovoldi kampaniyasiga qariyb 75 million dollar xayriya qildi va bu uni saylov davrining eng yirik donorlaridan biriga aylantirgan edi. Shuningdek, u bir necha bor siyosatchini qoʻllab-quvvatlovchi mitinglarda soʻzga chiqqan va unga muhabbatini tan olgan.
Tramp hokimiyatga kelganidan keyin Mask hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari etib tayinlandi.
2024 yil dekabr oyida The Washington Post Maskni «xufyona prezident» deb atadi. 2025 yil fevral oyida TIME jurnali AQSh prezidentlik kursisida oʻtirgan Mask tasvirlangan muqova bilan chiqdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar