22:07 / 19.02.2025
253

AQSh Ukraina fuqarolaridan migratsiya arizalarini qabul qilishni toʻxtatdi

AQSh Ukraina fuqarolaridan migratsiya arizalarini qabul qilishni toʻxtatdi
Foto: Depositphotos
AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati sobiq prezident Jo Bayden davrida Qoʻshma Shtatlarga kirishga ruxsat berilgan Lotin Amerikasi va Ukrainadan kelgan muhojirlarning barcha immigratsiya arizalarini koʻrib chiqishni toʻxtatdi. Bu haqda CBS News'ga tayanib Daryo xabar berdi.

AQSh hukumatining qarori mamlakatda qonuniy asosda qolish imkonini beruvchi turli immigratsiya imtiyozlarini olish uchun ariza topshirish jarayonida boʻlgan muhojirlarga ta'sir qiladi.

"Arizalarni koʻrib chiqish noma'lum muddatga toʻxtatildi, ushbu davrda amaldorlar firibgarlik boʻyicha arizalarni tekshirish, shuningdek, tekshirish tartib-qoidalarini takomillashtirish bilan shugʻullanadi", deyiladi xabarda.

Taqiq Bayden ma'muriyatining xorijliklarga gumanitar sabablarga koʻra AQShda vaqtincha qolishga ruxsat bergan bir nechta dasturlarini qamrab oladi. Ushbu dasturlar orasida “Ukraina uchun birlashish” (Uniting for Ukraine) boʻlib, unga koʻra ukrainaliklar moliyaviy homiylar mavjud boʻlgan taqdirda vaqtinchalik maqom bilan AQShga kirishlari mumkin edi.

CHNV nomi bilan tanilgan yana bir dastur Qoʻshma Shtatlarda homiylarga ega boʻlgan Venesuela, Gaiti, Nikaragua va Kubadan kelganlarga tegishli. Uchinchi dastur AQShda qarindoshlari boʻlgan Markaziy Amerika, Kolumbiya, Ekvador, Gaiti va Kubadan kelgan shaxslar uchun moʻljallangan.

Tramp ma'muriyati yanvar oyida xorijliklarga AQShda vaqtincha yashash imkonini beruvchi dasturlar, jumladan, “Ukraina uchun birlashish” dasturi doirasida yangi muhojirlarning kirishini toʻxtatdi. Shu bilan birga, xorijliklarning bir qismi allaqachon AQShda boʻlib, mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsat olishni kutayotgan edi.

"Yuqorida tilga olingan uchta dastur doirasida AQShga kelgan xorijliklarning koʻpchiligi faqat vaqtinchalik ishlash uchun ruxsatnoma va deportatsiyadan ikki yillik himoyaga ega boʻlganligi sababli, ularning ba'zilari boshqa immigratsiya imtiyozlarini olish uchun murojaat qilishgan", deydi huquqshunoslar.

Biroq AQSh hukumati Fuqarolik va immigratsiya xizmati xodimlari Bayden davrida kirishga ruxsat berilgan muhojirlar tomonidan berilgan boʻlsa, ushbu dasturlar uchun ham, boshqa har qanday imtiyozlar uchun ham arizalarni qayta koʻrib chiqmaslikka qaror qildi.

CBS News ma'lumotlariga koʻra, “Ukraina uchun birlashish” dasturi doirasida Tramp prezidentlik lavozimiga kirishishidan oldin AQShga mamlakat fuqarolari homiyligida 240 mingga yaqin ukrainalik kelgan. ChNV dasturi orqali Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan Qoʻshma Shtatlarga 530 ming kishi kirib kelgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo