08:45 / 20.02.2025
739

Shols: Trampning Zelenskiy haqidagi soʻzlari «notoʻgʻri va xavfli»

Shols: Trampning Zelenskiy haqidagi soʻzlari «notoʻgʻri va xavfli»
Foto: Bernd Elmenthaler/IMAGO
Germaniya kansleri Olaf Shols AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina etakchisi Volodimir Zelenskiyni diktator degan da'vosini keskin rad etdi. 19 fevral, chorshanba kuni Shols haftalik Der Spiegel nashriga bergan intervyusida: "Prezident Zelenskiyning demokratik qonuniyligi yoʻq, deyish shunchaki notoʻgʻri va xavfli", dedi.

«Haqiqat shuki, Volodimir Zelenskiy Ukraina davlatining qonuniy saylangan rahbari hisoblanadi. Urush sharoitida toʻgʻri saylovlarni oʻtkazishning iloji yoʻqligi Ukraina konstitutsiyasi va saylov qonunlari qoidalariga toʻgʻri keladi. Va buning aksini da'vo qilishga hech kimning haqqi yoʻq», — deya ta'kidladi Germaniya hukumati rahbari.

U Ukrainaga qarshi urushni aynan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya boshlaganini esladi. «Ukraina qariyb uch yildan beri Rossiyaning shafqatsiz tajovuzidan oʻzini himoya qilmoqda. Har kuni», — deydi Shols.

Trampning Zelenskiy haqidagi bayonotlari Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va federal iqtisodiyot vazirligi rahbari, vitse-kansler Robert Xabek tomonidan ham tanqid qilindi. «Agar siz ijtimoiy tarmoqlarda shoshqaloq postlar yozmasangiz, balki real dunyoga diqqat bilan qarasangiz, Evropada kim diktatura ostida yashashga majbur boʻlganligi ayon boʻladi: bular Rossiyadagi odamlar, Belarusdagi odamlar», dedi Berbok ZDF ommaviy-huquqiy telekanaliga bergan intervyusida. «Ukrainaliklar har kuni oʻzlarining erkin demokratiyasi uchun kurashadilar va biz, yevropaliklar, demokratik davlatlarimizni birgalikda mustahkamlash uchun ularni Evropa Ittifoqiga boradigan yoʻlda qoʻllab-quvvatlaymiz», — deya qoʻshimcha qildi Germaniya TIV rahbari.

«AQSh prezidentining bayonoti hayratga soladi. Bu voqelikni misli koʻrilmagan buzib koʻrsatish va oʻta xavfli ritorika. Haqiqat shuki, Putin demokratik Ukrainaga hujum qildi», deb yozdi Robert Xebek oʻz navbatida X ijtimoiy tarmogʻida.

Trampga koʻra, Zelenskiyning Ukrainadagi reytingi atigi 4 foiz

Bir kun avval Donald Tramp Zelenskiyni Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazishga chaqirib, Ukraina etakchisining reytingi toʻrt foizga tushib ketganini da'vo qilgan edi. Zelenskiy bunga javoban Trampning bayonotini «Rossiyadan kelgan» dezinformatsiya deb atadi. Ukraina prezidenti matbuot anjumani chogʻida Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti oʻtkazgan soʻrovga tayanib, 2025 yil fevral holatiga koʻra, fuqarolarning 57 foizi unga ishonishini ta'kidladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo