
Foto: AP Photo
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha AQSh bilan kelishuv imzolashga rozi emas, chunki kelishuv loyihasida “bir qator muammoli masalalar” bor. Bu haqda muzokaralar jarayonidan xabardor manbaga tayanib, Sky News xabar berdi.
"Kelishuv hali imzolashga tayyor emas, bir qator muammoli masalalar bor va loyihaning hozirgi koʻrinishida prezident uni qabul qilishga tayyor emas. Bugungi kundagi loyihalar kelishuvdagi sheriklikni aks ettirmaydi va faqat Ukrainaning bir tomonlama majburiyatlarini oʻz ichiga oladi", dedi ukrainalik manba.
AQSh milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uols esa kelishuv amalga oshishini aytdi.
"Asosiy xulosa shuki, prezident Zelenskiy bu bitimni imzolaydi va siz buni juda yaqin kelajakda koʻrasiz", dedi u Merilend shtatida oʻtkazilgan konferentsiyada.
AQSh muzokarachilari Ukraina kelishuvga rozi boʻlmagan taqdirda, uning Ilon Maskning hayotiy muhim Starlink sun'iy yoʻldosh internet tizimiga kirishini cheklash imkoniyatini koʻtargani taxmin qilinmoqda.
11 fevral kuni AQSh prezidenti harbiy yordam evaziga Ukraina AQShga oʻz hududida qimmatbaho minerallarni qazib olishga ruxsat berishga “deyarli rozi boʻlganini” aytgan edi. 15 fevral kuni Tramp ma'muriyati Ukrainaga mamlakatning nodir erosti boyliklariga egalik huquqining 50 foizini AQShga berishni taklif qilgani ma'lum boʻldi.
Ammo Zelenskiy hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Endilikda AQSh Ukrainaga foydali qazilmalar boʻyicha bitimning yangi versiyasini topshirdi. Ukraina rahbari maslahatchilari prezidentdan uni imzolashni, Tramp bilan “yangi kelishmovchilikka bormaslik”ni tavsiya qilgandi.
Gʻarbga Ukrainada foydali qazilmalarni qazib olish huquqini berish haqida Zelenskiy 2024 yil kuzida AQSh prezidentligiga oʻsha paytdagi nomzodlar Donald Tramp va Kamala Harrisga taqdim etgan “gʻalaba rejasi”da ham aytilgan.
3 fevral kuni Tramp bu variant haqida yana gapira boshladi, bu Gʻarb siyosatchilari va ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvga sabab boʻldi. 7 fevral kuni Zelenskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida AQSh Ukraina tabiiy resurslarini oʻzlashtirishda ustuvorlikka ega boʻlishini, chunki “amerikaliklar hammadan koʻproq yordam berganini” aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar