
Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya—Ukraina urushi bir necha hafta ichida tugatilishiga umid qilmoqda. Bu haqda u Oq uyda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga ishtirok etgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
«Oʻylaymanki, bunga bir necha hafta ichida yakun yasashimiz mumkin. Agar biz aqlli boʻlsak. Aqlli boʻlmasak, bu davom etadi va oʻlishi kerak boʻlmagan yosh, koʻrkam odamlarimizni yoʻqotishni davom etamiz. Biz esa buni xohlamaymiz», — deydi Tramp.
AQSh prezidenti, shuningdek, mojaroning kuchayishiga va uchinchi jahon urushining boshlanishiga yoʻl qoʻymoqchi emasligini ta'kidladi.
«Bu bilan mustaqil shugʻullanilmasa, uchinchi jarhon urushiga olib kelishi mumkin. Shunday vaqt keladiki, urush ushbu ikki davlat bilan cheklanmaydi. Unga boshqa davlatlar ham jalb qilinadi. Va bu haqiqatda juda katta urushga — uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Biz bunga yoʻl qoʻymaymiz», — deya qayd etadi Tramp.
Shuningdek, Tramp yaqin ikki hafta ichida tabiiy resurslar boʻyicha bitimni imzolash maqsadida Volodimir Zelenskiy bilan uchrashish niyatida ekanini ma'lum qildi.
«U bitimni imzolash uchun shu yoki keyingi hafta kelishi mumkin va bu juda yaxshi boʻlardi. U bilan Oval kabinetda bajonudil uchrashgan boʻlardim», — deydi Tramp. AQSh prezidentining ta'kidlashicha, Qoʻshma Shtatlar va Ukraina nodir metallar «va boshqa masalalarda» «yakuniy kelishuvga erishishga juda yaqin» turibdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 22 fevral kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni «shu haftada» tugatishga ishonayotganini ma'lum qilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning keng koʻlamli bosqinining uch yilligi arafasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida Rossiya bilan urushni «shu hafta tugatib boʻlmasligini» bildirdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar