08:54 / 26.02.2025
541

Ukraina erosti boyliklari boʻyicha AQSh bilan kelishuvga rozi boʻldi

Ukraina erosti boyliklari boʻyicha AQSh bilan kelishuvga rozi boʻldi
Foto: BBC
AQSh eng qat'iy talablaridan voz kechganidan soʻng, Ukraina u bilan foydali qazilmalari boʻyicha shartnoma tafsilotlarini kelishib oldi. Bu haqda Financial Times'ga tayanib Daryo xabar berdi.

Ma'lumotlarga koʻra, AQSh Ukraina resurslaridan olinishi mumkin boʻlgan 500 milliard dollarlik daromaddan voz kechgan. Biroq, kelishuvda Kiyev shartnomaga rozilik berish evaziga talab qilgan AQSh xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketmagan.

Kiyev endi oʻz mineral resurslarini, jumladan, neft va gazni birgalikda qazib olish boʻyicha kelishuvni imzolashga tayyor, deyiladi xabarda.
Financial Times tanishib chiqqan 2025 yil 24 fevraldagi hujjatga koʻra, kelishuvda quyidagilar aks etgan:
  • Ukrainaga tegishli foydali qazilmalar, jumladan neft, gaz va ularni qazib olish bilan bogʻliq infratuzilmani kelajakda monetizatsiya qilishdan olingan daromadlarning 50 foizini oʻtkazadigan jamgʻarma tashkil etish;
  • Ushbu jamgʻarma mablagʻlari Ukrainaning oʻzidagi investitsiya loyihalariga yoʻnaltiriladi;
  • AQShning jamgʻarmadagi ulushi qancha boʻlishi va resurslarga “birgalikda egalik qilish” shartlari hali noaniq.

Kelishuvga allaqachon Ukraina hukumati byudjetini toʻldirayotgan mineral resurslar kirmaydi, ya'ni u Ukrainadagi eng yirik gaz va neft ishlab chiqaruvchilari boʻlgan “Naftogaz” yoki “Ukrnaft”ning joriy faoliyatini qamrab olmaydi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, kelishuv adliya, iqtisodiyot va tashqi ishlar vazirlari tomonidan ma'qullangan. Shuningdek, prezident Vladimir Zelenskiy yaqin haftalarda Tramp bilan hujjat imzolash marosimi uchun Oq uyga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Avvalgi kelishuv shartlari

Dastlabki hujjatda AQSh “100 foizlik moliyaviy manfaatini saqlab qoladigan” rekonstruktsiya investitsiya fondini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Tramp ma'muriyati taklif qilgan rejaga koʻra, Ukraina foydali qazilmalar, jumladan neft va gaz qazib olishdan hamda ular bilan bogʻliq infratuzilmadan olinadigan daromadning 50 foizini, eng koʻpi bilan 500 milliard dollar miqdorida fondga kiritishi kerak edi. Kiyevda bu shartlar qabul qilib boʻlmaydigan deb baholandi va ular bitimning yakuniy loyihasidan chiqarib tashlandi.

Jamgʻarmaning Ukrainaga sarmoya kiritish boʻyicha mandati Kiyev intilayotgan yana bir oʻzgarishdir. Yakuniy hujjatda AQSh kelajakda Ukrainaning iqtisodiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashi aytilgan.

Ukraina rasmiylarining qoʻshimcha qilishicha, kelishuv shunchaki “doiraviy kelishuv” boʻlgan va jamgʻarma tashkil etilmaguncha hech qanday daromad qoʻldan qoʻlga oʻtmaydi. Bu ehtimoliy kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vaqt beradi. Hal qilinmagan masalalar orasida bitim yurisdiktsiyasini muvofiqlashtirish masalasi ham bor.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo