
Foto: ruposters.ru
AQSH va Ukraina prezidentlari Donald Tramp hamda Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonda uchrashishdi. Bu uchrashuv Oq uydagi Oval kabinetda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv boshida ular foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolamoqchi ekanliklarini xabar qilishdi. Tramp jurnalistlarga bu hujjat «AQSHning katta majburiyati» bo‘lishini aytdi. «Va biz nodir yerosti metallarining bir qismini olish uchun qazish, qazish, qazish va ishlashni boshlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdamiz», — dedi Tramp. Zelenskiy, o‘z navbatida, «bu hujjat Ukraina uchun oldinga qadam bo‘lishi»ga umid bildirdi.
Uchrashuvda Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «qotil va terrorchi» deb atadi va Trampga «qotil bilan murosa bo‘lmasligi kerak»ligini aytdi. Zelenskiy Trampga ukrainalik harbiylarning Rossiya asirligidan qaytganidan keyin chop etilgan suratlarini ko‘rsatdi.
Zelenskiy uchrashuvda Ukrainaga «o‘t ochishni to‘xtatish»ning o‘zi yetarli emasligi, chunki «Putin uni 25 marta buzgani»ni bildirdi. Bunga javoban Tramp tomonlar tinchlik kelishuviga erishsa, urush tugashini aytdi. «Rossiya [urushga] qaytishni istamaydi, hech kim qaytishni istamaydi», — dedi Tramp. Shuningdek, u Vashington Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha «bitim parametrlarini ishlab chiqishni boshlagani»ni qo‘shimcha qildi.
45 daqiqa davom etgan uchrashuv yakunida Zelenskiy, Tramp va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens o‘rtasida dahanaki janjal kelib chiqdi. Uchrashuv videosiga ko‘ra, Vens Zelenskiyni Ukraina prezidenti AQSH va Trampga hurmatsizlik qilayotganlikda ayblagan. «Janob prezident, hurmat bilan. Menimcha, Oval kabinetga kelib, Amerika nashrlari qarshisida so‘roq qilmoqchi bo‘lganingiz hurmatsizlikdir», — dedi AQSH vitse-prezidenti.
Zelenskiy e’tiroz bildirmoqchi bo‘lganida, Tramp shunday dedi: «Sizning holatingiz yaxshi emas. Hozir sizlarda kuzir yo‘q... Siz millionlab odamlarning hayoti bilan o‘ynashyapsiz... Siz uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashyapsiz», — degan Tramp.
«Siz mamlakatimizga hurmatsizlik qilyapsiz», — dedi Tramp Zelenskiyga. AQSH prezidenti Zelenskiyning «Amerika nimani his qilishini aytish»ga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. «Siz urush boshlanganidan beri noqulay sharoitdasiz», — dedi AQSH prezidenti. «Minnatdor bo‘lishingiz kerak. Odamlar o‘lmoqda, sizlarda harbiylar yetishmayapti. Men o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayman yoki xohlamayman, deb ayta olmaysiz», — deb qo‘shimcha qilgan Tramp.
Bahs davomida Tramp Ukraina Rossiya-Ukraina urushini hal qilishga rozi bo‘lishi kerakligini aytdi. «AQSHsiz ham kuch pozitsiyasidan harakat qila olasizmi? Odamlaringiz dovyurak. Yoki biz bu kelishuvni amalga oshiramiz. Yoki siz kelishuvdan chiqasiz. Og‘ir bo‘lishini, qiyin bo‘lishini tushunaman. Lekin qo‘lingizda kuzir yo‘q. Biz kelishuvni imzolaganimizda, siz eng yaxshi holatda bo‘lasiz. Lekin minnatdorchilik bildirish kerak. Siz esa bunday qilmayapsiz. Bu unchalik yaxshi emas. Bu siz tomondan unchalik yaxshi emas», — dedi Tramp Zelenskiyga.
Muzokaralarning ochiq qismidan so‘ng Tramp o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Zelenskiy urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor emasligini yozdi:
Bugun Oq uyda juda muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Biz shunday sharoitda, shunday bosim ostida suhbatsiz tushunib bo‘lmaydigan ko‘p narsalarni bilib oldik. Taajjubki, hissiyotlar orqali nimalar tashqariga chiqmaydi va men prezident Zelenskiy agar Amerika aralashsa, tinchlikka tayyor emas degan xulosaga keldim, chunki u bizning ishtirokimiz muzokaralarda unga katta ustunlik beradi, deb hisoblaydi. Men ustunlik xohlamayman, men TINCHLIKni istayman. U muqaddas Oval kabinetda Amerika Qo‘shma Shtatlariga nisbatan hurmatsizlik qildi. U tinchlikka tayyor bo‘lganida, qaytishi mumkin.
Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Tramp va Zelenskiyning qo‘shma matbuot anjumani bekor qilindi. Zelenskiyning Oq uyni belgilangan vaqtdan oldin tark etgani haqida dastlab Reuters agentligi xabar berdi. Tramp ma’muriyati rasmiylari Fox News telekanaliga ma’lum qilishicha, AQSH prezidenti barchaning ko‘z o‘ngida ro‘y bergan bahslashuvdan keyin Zelenskiyni Oq uydan «quvib chiqargan».
«Prezident hurmatsizlik ko‘rsatilganini his qildi, zaldagi rasmiylar biz eshitgan til to‘sig‘idan tashqari, Zelenskiyning tana tili, yelka qisishi va ko‘zlarini qisishi noshukrlik, hurmatsizlik deb hisoblashdi. Prezidentning fikricha, Zelenskiy tinchlikka tayyor emas va u tinchlik haqida gapirishga tayyor bo‘lganida qaytishi mumkin, ammo hozir u bunday holatda emas», — dedi Fox News jurnalisti Jeki Xaynrix telekanal efirida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy vakillari «ukrainlar muzokaralarga qaytishni so‘ragani»ni ma’lum qilgan, biroq davlat kotibi Marko Rubio va Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols Ukraina delegatsiyasiga Zelenskiy Oq uy hududini tark etishi va tinchlikka tayyor bo‘lganida qaytishi kerakligini aytgan. CNN telekanali xabar berishicha, Rubio va Trampning boshqa maslahatchilari Zelenskiy muzokaralarga tayyor emas deb hisoblagan, shuning uchun Ukraina delegatsiyasidan ketish so‘ralgan, ularga tushlik ham berilmagan.
Muzokaralardan so‘ng tomonlar qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazishi kutilgan edi, biroq u bekor qilindi, deb yozadi CNN. AQSH va Ukraina o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolanishi ham bekor qilindi, deb xabar berdi Fox News jurnalisti Jeki Xaynrix Oq uyga tayanib. Kelishuv imzolanmadi, deya tasdiqladi Oq uy matbuot kotibi. Tramp ma’muriyatining ta’kidlashicha, bitim imzolanishi Ukrainaga bog‘liq.
Zelenskiy muzokaralardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda post yozib, AQSHga minnatdorchilik bildirdi:
Rahmat, Amerika, qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat, bu tashrif uchun rahmat. Prezidentga, Kongressga va Amerika xalqiga rahmat. Ukrainaga adolatli va uzoq muddatli tinchlik kerak va biz aynan shu maqsadda ishlayapmiz.
Oq uy Tramp va Vens «Amerika xalqidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi»ni ma’lum qilgan. AQSH prezidenti ma’muriyati matbuot xizmati muzokaralardan so‘ng prezident va vitse-prezidentning ba’zi bayonotlari keltirilgan xabarni e’lon qildi. «Prezident Donald Jey Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens har doim Amerika xalqi va Qo‘shma Shtatlarning dunyodagi mavqeyini hurmat qiladiganlarning manfaatlarini himoya qiladi va hech qachon Amerika xalqidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi», — deyiladi bayonotda.
Ilon Mask Oq uydagi mojarodan so‘ng Zelenskiy «Amerika xalqi ko‘z o‘ngida o‘zini yakson etgani» haqida yozdi. Shu bilan birga, AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Tramp va Vens «Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida ekanliklarini ko‘rsatishgani»ni aytdi. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Tramp Zelenskiyga «Oval kabinetda shafqatsiz munosabatda bo‘lgani»ni yozdi. Bu vaqtda esa Polsha bosh vaziri Donald Tusk ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Qadrli Volodimir Zelenskiy, qadrli ukrain do‘stlar, siz yolg‘iz emassiz». Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari yetakchilari ham darhol Ukraina prezidenti va ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko esa shunday post qoldirdi: «Umid qilamanki, Ukraina Qo‘shma Shtatlarning biz uchun juda muhim bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashini yo‘qotmaydi». Ukraina Oliy Radasi raisi Ruslan Stefanchuk Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Rossiya — tajovuzkor, Ukraina esa —tajovuz qurboni ekanini hech kim unutmasligi kerakligini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar