
Foto: Depositphotos
Sun Yatsen nomidagi universitetning xitoylik olimlari AQSHdagi hamkasblari bilan birgalikda Shimoliy yarimshar iqlimi tashvishli darajada o‘zgarib borayotganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi o‘n yillikda Yer sayyorasining ushbu qismida issiqlik to‘lqinlari kuchayib, ko‘proq kuzatilmoqda va bu sezilarli darajada iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Tadqiqot natijalari Nature Communications ilmiy jurnalida chop etildi.
Olimlar jamoasining aniqlashicha, 1970 yillar oxiridan beri Shimoliy yarimsharda El-Nino/Janubiy tebranish tabiiy hodisasi va yozgi sirkumglobal telealoqa o‘rtasidagi aloqa o‘zgargan. Okean yuzasining isish va sovish fazalarini o‘z ichiga olgan El-Nino hamda La-Ninya butun dunyodagi iqlimning o‘zgarishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.
1980 yillarga qadar El-Nino/Janubiy Tebranish yozgi hind mussonlariga bilvosita ta’sir ko‘rsatgan, ammo keyin aloqa kuchsizlangan, natijada ushbu mintaqalarda iqlim markazlarining siljishi, issiqlik to‘lqinlarining kuchayishi va qurg‘oqchilik yuzaga kelgan.
Olimlar qayta tahlil qilish, jumladan, dengiz yuzasi harorati, yog‘ingarchilik, shamol va geopotensial balandlik ma’lumotlaridan foydalangan, shuningdek, Community Earth System modelidan foydalangan holda raqamli tajribalar o‘tkazgan.
Ular sirkumglobal telealoqa shakllantiruvchi Rossbi to‘lqinlari 1970 yillar oxiridan boshlab yarim to‘lqin uzunligiga siljiganini aniqlagan. Ushbu o‘zgarish antropogen ta’sirlar bilan emas, balki iqlimning tabiiy o‘zgaruvchanligiga bog‘liq.
Tadqiqot, shuningdek, Tinch okeanining ekvatorial qismidagi dengiz yuzasi harorati g‘arb tomon siljigani, bu esa okeanning tropik g‘arbiy qismidagi yong‘ingarchilik va atmosfera sirkulyatsiyasiga ta’sir ko‘rsatganini aniqlagan. Bu o‘z navbatida iqlim markazlarining aralashib ketishiga va Shimoliy yarimsharning o‘rta kengliklarida ekstremal ob-havo hodisalarining kuchayishiga sabab bo‘lgan.
Olimlarning hisoblashicha, ularning ilmiy ishi El-Nino/Janubiy tebranishga bog‘liq issiqlik to‘lqinlari va qurg‘oqchilikning mavsumiy prognozlarini yaxshilashga, shuningdek, bo‘lajak iqlim o‘zgarishlarini oldidan bashorat qiluvchi modellar aniqligini oshirishga yordam beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar