
6 mart kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan AQSH hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) yig‘ilishida mashhur tadbirkor va DOGE rahbari Ilon Mask hamda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida keskin janjal yuzaga keldi. Bu haqda The New York Times (NYT) xabar berdi.
Gazeta manbalariga ko‘ra, Mask yig‘ilish davomida Rubioni so‘z bilan hujumga olgan. U Davlat departamentidagi xodimlarni qisqartirish bo‘yicha jiddiy fikr bildirib, Rubioni bu borada samarasizlikda ayblagan. Maskning ta’kidlashicha, Davlat kotibi hech qanday xodimni ishdan bo‘shatishga qodir emas. Bu esa Rubioning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi.
Javob tariqasida, Marko Rubio Maskni yolg‘on gapirishda ayblab, Davlat departamenti 1500 nafar xodimni tovon puli evaziga ishdan bo‘shatganini ta’kidladi. Uning aytishicha, so‘nggi haftalarda u Maskning hukumatni qisqartirishga oid yondashuvidan norozi bo‘lib kelgan va buni Oq uydagi yig‘ilishda ochiq-oydin bayon qilgan.
Janjal davom etarkan, uchrashuvda qatnashgan AQSH prezidenti Donald Tramp tomoshabin bo‘lib qoldi va uzoq vaqt bahsni kuzatdi. Faqat bahs cho‘zilib ketgach, u aralashib, Rubioning faoliyatini maqtadi va uning ishlari «ajoyib» ekanini ta’kidladi.
NYT nashrining xabar berishicha, Tramp keyinchalik munosabat bildirib, Mask va Rubio o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik yo‘qligini aytdi. Ammo Politico nashriga ko‘ra, Tramp maxsus ravishda vazirlar mahkamasi yig‘ilishini chaqirib, Maskka kadrlar masalasida faqat tavsiya berish huquqi borligini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga, u DOGE rahbari vakolatlarini cheklashga qaratilgan ilk muhim qadamni tashlaganini ham ta’kidladi.
Tahlilchilarning fikricha, bu voqea Ilon Maskning hukumatdagi ta’sirini va uning davlat boshqaruvi bo‘yicha fikrlarini jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Davlat departamenti va DOGE o‘rtasidagi munosabatlar qaysi yo‘nalishda davom etishi hali ham savol ostida qolmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar