23:02 / 10.03.2025
174

Qo‘shma Shtatlar Zelenskiyni yiqitmoqchimi?

Qo‘shma Shtatlar Zelenskiyni yiqitmoqchimi?
Ukraina bilan munosabatlarda AQSHning yangi geosiyosiy manyovrlari kuzatilmoqda. Tramp jamoasining Poroshenko va Timoshenko bilan uchrashuvi Zelenskiyga signal sifatida talqin qilinmoqda. Bu fonda Ukrainada saylov ehtimoli haqida taxminlar kuchaymoqda. Shu bilan birga, Yevropa xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yangi muhokamalar boshlangan – 800 milliard yetarlimi? “Geosiyosat”da tahlilchilar Shuhrat Rasul, Oybek Sirojov va Abduvali Soyibnazarov mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Tramp jamoasi vakillari Ukraina sobiq prezidenti Petro Poroshenko va sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko bilan uchrashishi sababi nimada?

Shuhrat Rasul: Biz Tramp va Zelenskiy munosabatlari sovuq ekanini bilamiz. Amerikaliklarning Yuliya Timoshenko yoki Poroshenko bilan uchrashishdan maqsadi o‘ziga xos Zelenskiyga chaqiriq, mana shu fonda ko‘plab ekspertlar Ukrainada endi saylov bo‘lishi mumkinligini aytyapti.

Lekin Poroshenko qanchalik Zelenskiyga muxolif bo‘lmasin, hozirgi vaziyatda mamlakat rahbarini qo‘llashini bildirib, urush vaqtida saylovlar o‘tkazilmagani ma’qulligini aytdi. Shu bilan birga u AQSH bilan Zelenskiyga qarshi biror harakatni muhokama qilmaganini bildirdi.

Bundan tashqari xalq orasida o‘z mavqeyiga ega bo‘lgan Valeriy Zalujniy ham mamlakat birdamligini qo‘llab, Trampning siyosatini tanqid qilib chiqdi va Ukraina birdamligini dunyoga ko‘rsatdi deyish mumkin.

Yevropa 800 mlrd dollar evaziga qayta qurollantirishdan ko‘ra NATOga shu mablag‘ni sarflagani maqbul emasmi?

Oybek Sirojov: AQSH o‘rnini bosish maqsadida xavfsizlik soyabonini yaratishga shuncha mablag‘ sarflanishi nazarda tutilyapti, undan tashqari bunday platforma uchun kamida 10 yil vaqt kerak bo‘ladi.

Har qanday sharoitda Yevropa Ittifoqi anglab yetyaptiki, xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda mablag‘ ajratish va bu boradagi imkoniyatlarni kuchaytirish kerak degan takliflar ilgari surilyapti.

Masalan, Germaniyada yangi kansler Mers chiqishlarida ham xuddi shu narsaga alohida urg‘u beryapti. Fransiya ham bu borada tashabbuslar qilayotganini ko‘rib turibmiz.

Abduvali Soyibnazarov: Yevroittifoq ichida kelishmovchiliklar bor, masalan, Vengriya va Slovakiya kabi davlatlar qaror qabul qilishda Moskvaga xayrixohligi sabab konsensusga kelolmasligi mumkin.

Iqtisodiy omillar sabab ittifoqda bo‘linish yuz berishi mumkin. Fransiya, Germaniya, Italiya kabi yirik iqtisodiy imkoniyatga ega davlatlar bunday tashabbusni qo‘llashi mumkin. Lekin o‘ylaymanki, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari Yevropa Ittifoqidan ko‘ra ko‘proq Qo‘shma Shtatlarga tayanadi va unga ishonadi. Bu nuqtayi nazardan, ular baribir Amerika Qo‘shma Shtatlarining xavfsizlik soyabonida qolish tarafdori bo‘lib ko‘rinadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo