15:08 / 11.03.2025
346

Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?

Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?
11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu Kiyev va Vashingtonning Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan keyingi birinchi rasmiy uchrashuvi bo‘ladi. Ushbu muzokaralarda nimalar muhokama qilinadi va uning ishtirokchilari qanday natijani kutmoqda?

Dushanba kuni Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistoniga valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan uchrashish uchun keldi, biroq u seshanba kungi muzokaralarda ishtirok etmaydi.

Zelenskiy Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuv natijalariga «ham tinchlikni yaqinlashtirish, ham Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan» umid qilishini ta’kidladi.

Ukraina delegatsiyasi tarkibidan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak va uning o‘rinbosari Pavel Palisa, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va mudofaa vaziri Rustem Umerov o‘rin olgan.

Amerika tomonidan uchrashuvda fevral oyida Ar-Riyodda Rossiya vakillari bilan uchrashgan delegatlar – AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Yaqin Sharqdagi maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etadi.

Muzokaralarda nimalar muhokama qilinadi?

«Biz tomondan konstruktiv kayfiyat bo‘ladi va umid qilamizki, zarur qarorlar va qadamlarni muhokama qilish va kelishish mumkin bo‘ladi. Ukraina birinchi soniyadanoq tinchlikka intilmoqda. Stolda mutlaqo hayotiy takliflar bor. Asosiysi – tez va samarali harakat qilish», – dedi Zelenskiy o‘tgan shanba kuni.

Stiv Uitkoff o‘tgan hafta Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv asoslari va Rossiya bilan ehtimoliy sulh muhokama qilinishini aytgan edi.

Reuters agentligi ikki amerikalik rasmiyga tayanib yozishicha, AQSH Saudiya Arabistonida Ukraina delegatsiyasi bilan muzokaralar chog‘ida Kiyev urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga yon berishga tayyormi yoki yo‘qligini aniqlashni rejalashtirmoqda.

AQSH delegatsiyasi, shuningdek, Oq uydagi tortishuvdan keyin «ukrainlar Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga jiddiy tayyorligi belgilarini kuzatadi», deydi agentlik suhbatdoshlaridan biri.

«Bir vaqtning o‘zida „men tinchlik istayman“ va „murosa qilishdan bosh tortaman“ deb bo‘lmaydi», – degan Reuters'ga amerikalik mulozimlardan biri.

«Biz ukrainlar shunchaki tinchlikdan emas, balki haqiqiy tinchlikdan manfaatdormi yoki yo‘qligini ko‘rmoqchimiz, – degan yana bir manba. – Agar ularni faqat 2014 yoki 2022 yil chegaralari qiziqtirsa, bu nimadandir darak beradi».

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Jiddaga uchishdan oldin jurnalistlar bilan muloqotda uning delegatsiyasi maslahatlashuvlar chog‘ida Kiyev tinchlik uchun qanday yon berishga tayyorligini tushunishga harakat qilishini tasdiqladi.

U ikkala tomon ham hududiy jihatdan yon berishiga to‘g‘ri kelishi haqidagi gapni takrorladi.

«Men ular nima qilishi kerakligi yoki qilishi shartligi haqida hech qanday shart qo‘ymoqchi emasman. Biz ular qanchalik uzoqqa borishga tayyorligini eshitmoqchimiz va buni rossiyaliklar istayotgan narsalar bilan taqqoslamoqchimiz, keyin esa bir-birimizdan qanchalik masofada ekanimizni ko‘rmoqchimiz», – deydi Rubio.

U Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish istiqbollariga ham izoh berib, Ukrainaning havoda va dengizda sulh tuzish taklifini olqishladi. «Men bu yetarli demayapman, lekin mojaroga barham berish uchun shunday yon berish kerak», – deydi u.

AQSH Davlat departamenti rahbarining qo‘shimcha qilishicha, tomonlar mojaroning harbiy yechimi yo‘qligini va uni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkinligini tushunishlari kerak.

Dushanba kuni Zelenskiy Saudiyaga keldi. U Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirmagan.
Financial Times gazetasi Ukraina AQSH bilan muzokaralarda Rossiya bilan o‘t ochishni qisman to‘xtatishni taklif qilishi mumkinligi haqida yozgandi. Nashr manbalariga ko‘ra, bu dronlar va uzoq masofali raketalar bilan zarba berishni taqiqlashni, shuningdek, Qora dengizda harbiy harakatlardan voz kechishni nazarda tutadi.

AFP agentligi ham muzokaralarda Kiyev havo va dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilishini aytgan Ukraina rasmiysidan iqtibos keltirgan, ushbu manba bunday sulhni «oson o‘rnatish va nazorat qilish mumkin»ligini ta’kidlagan.

Ukraina muzokaralar Vashingtonni razvedka ma’lumotlari almashinuvi va qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishga undashiga umid qilmoqda, deb yozadi nashr.

Marko Rubio, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi uchrashuv natijalari Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishini aytdi.

«O‘ylaymanki, agar biz yig‘ilishni yaxshi natija bilan yakunlasak va prezidentga hisobot bera olsak, o‘ylaymanki, [yordam ko‘rsatishda] pauza bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi», – deya davlat kotibining so‘zlarini keltiradi CNN.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosqichma-bosqich sulh tuzish bo‘yicha o‘z takliflarini e’lon qilgandi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu uzoq muddatli tinchlik yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin.

«Birinchi bosqichlar asirlarni ozod qilish, havoda zudlik bilan sulh tuzish bo‘lishi mumkin: raketalar, uzoq masofaga uchuvchi dronlar, energetika va boshqa fuqarolik infratuzilmasini bombardimon qilishni taqiqlash va agar Rossiya ham shunday qilsa, dengizda zudlik bilan sulh tuzish», – dedi u 4 mart kuni.

Bundan tashqari, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina tomoni foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuvni imzolashga tayyorligini bildirishi mumkin. Ushbu hujjat imzolanishi Oq uydagi tortishuvdan keyin barbod bo‘lgandi.

Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Fox News telekanali savoliga javob berarkan, kelishuv shu hafta bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda imzolanishi mumkinligiga umid bildirgan. Volodimir Zelenskiy avvalroq ham hujjatni imzolashga tayyorligini aytgandi.

Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida muhokama qilinadigan masalalar orasida — ukrainlar uchun «xavfsizlik protokollari» ham bor.

Shuningdek, u AQSH «ukrainlarga qandaydir mudofaa maqsadlarida zarur bo‘lgan» razvedka ma’lumotlarini uzatishni to‘xtatmaganini aytdi.

Donald Tramp bir kun avval AQSH Kiyev bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvi «deyarli tiklangani»ni aytgandi.

Rossiyadagilar nima deyapti?

Havoda ustunlikka ega bo‘lgan va Ukraina hududiga doimiy ravishda dron va raketalar bilan keng ko‘lamli zarbalar berib kelayotgan Rossiya tomoni avvalroq vaqtinchalik sulh g‘oyasini rad etib, bu faqat vaqtdan yutishga urinish ekanini aytgandi.

«Bizga qandaydir pauzalar, vaqtinchalik tanaffuslar, dushman qayta qurollanish uchun olmoqchi bo‘lgan sulh emas, balki haqiqatan ham barqaror tinchlik kerak. Huquqiy jihatdan majburiy bo‘lgan kelishuvlar va mexanizmlar kerak», – degandi mart oyi boshida Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Moskvadagilar ta’kidlashicha, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar bu haftaga rejalashtirilmagan.

Shu bilan birga, Bloomberg anonim xabardor manbalariga tayanib xabar berishicha, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bir hafta ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga boradi.

Avvalroq CNN telekompaniyasi ham Donald Tramp ma’muriyati vakillari joriy haftada nafaqat ukrainalik, balki rossiyalik rasmiylar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazishini xabar qilgandi.

Donald Tramp esa Saudiya Arabistonida «turli muzokaralar» o‘tkazilishi va ularning yakunlari bo‘yicha Ukraina mojarosini hal qilish masalasida «katta siljish»ga umid qilayotganini bildirgandi.

Saudiya Arabistonida Rossiya-AQSH muzokaralarining birinchi raundi 18 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Ularda Rossiya tomonidan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev ishtirok etdi. Amerika delegatsiyasi tarkibida Marko Rubio, Mayk Uols va Stiv Uitkoff bor edi.

Zelenskiy o‘shanda Ukraina Kiyev ishtirokisiz hech qanday kelishuvni qabul qilmasligini ma’lum qilgandi.

Tahlil: O‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik kelishuvi o‘rtasida katta jarlik bor
BBC'ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner:

Bu hafta ko‘p narsa AQSH va Ukrainaning yuqori martabali vakillari o‘rtasidagi muzokaralarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «doiraviy» kelishuv tuzish istiqboliga bog‘liq.

Bu nisbatan yengil qism.

Prezident Zelenskiy Trampni g‘azablantirganidan so‘ng, yaqinda urush tugashiga hali ancha borligi haqidagi bayonotidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Buning o‘rniga u qo‘lidan kelganini qilmoqda, tinchlik istayotganini aytmoqda, chunki Ukraina Vashington harbiy va razvedka yordamini tiklashiga o‘ta muhtoj. Uning fikricha, bu Rossiyaning keyingi hujumkor harakatlarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Lekin keyin murakkab qism boshlanadi.

Rossiya va Ukraina yakuniy tinchlik kelishuvi doirasida nimaga rozi bo‘lishi masalasida hali ham bir-biridan juda uzoqda.

Ma’lum bo‘lmoqdaki, Moskva keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri o‘zining dastlabki talablarini sezilarli darajada yumshatmagan.

Ular hamon Kiyev Rossiya qisman ishg‘ol etgan barcha to‘rt oblastidan, jumladan, hozir Ukraina nazoratida qolayotgan hududlardan ham butunlay voz kechishini kutmoqda.

Ular hamon Ukrainaning NATO yoki Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga doimiy veto qo‘yilishini kutmoqda va Kiyevda kelishuvchan, rossiyaparast hukumat bo‘lishini xohlamoqda.

Boshqacha aytganda, Moskva Kiyevdan kapitulyatsii kutmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo